Oq uy mamnun, chunki u bilan qilingan murosa 31-may kuni Vakillar palatasida ma'qullandi. Navbat endi Senatga. U yerda masala cho'zilmasligi va osonroq tasdiqlanishi kutilmoqda. Asosiy qarshilik respublikachilar hukmron quyi palatada edi.
Ovoz berilgan hujjat kelasi ikki yil mobaynida AQSh hukumatiga ko'proq qarz olish uchun yo'l ochadi. Biroq buning evaziga tizimning xarajatlari ham oshirilmaydi.
Aslida respublikachilar davlat sarfiyatini pasaytirish va qarz limitini ham ko'tarmaslikka undab kelayotgan edi.
Moliya vazirligiga ko'ra esa ko'proq mablag' topish uchun imkon berilmasa, iqtisod jar yoqasiga boradi.
Amerika qarzlarini vaqtida to'lab keladi, kredit reytinglar joyida, deydi vazir Janet Yellen. Kongress cheklov qo'ysa, deydi u, to'lovlar sistemasi ishdan chiqadi.
435 a'zolik Vakillar palatasida 314 qonunchi "ha" deb ovoz bergan. 100 a'zolik Senatda ham ko'pchilik ovozi zarur.
Spiker Kevin Makkarti deydiki, respublikachilar xarajatlarni kamaytirish uchun harakatni to'xtatmaydi. Ular ijtimoiy yordamni olishni qiyinlashtirishni targ'ib qiladi. Hozirgi tizim, deydi konservatorlar, davlatdan ko'mak so'raganlarni izchil elakdan o'tkazmaydi.
"Bugungi qarorimiz - tarixiy, chunki shu kungacha Kongress davlat qancha ishlatishini bizchalik cheklay olmagan, kamaytira olmagan", - deya iddao qiladi spiker.
Kolorado shtatida yurgan Prezident Jo Bayden qonunchilar to'g'ri qaror qilsin, deydi, ya'ni hukumat maosh, nafaqa va ijtimoiy himoya uchun to'lay olishi uchun zamin yaratsin.
Bu borada prezident spiker bilan yaqindan ishlagan va tomonlar til topisha olganidan xursand.
Liberal rahbar va konservativ spiker orasidagi murosa ularni kuchli lider qilib ko'rsatdi, deydi sharhlovchilar, ammo har ikkisi endi partiyadoshlarini kelgusi qadamlarga tayyorlashi va ko'ndirishi kerak. Oldinda federal byudjet ustida jang kutilmoqda.
Bugun vakillar iznini olgan 99 betli hujjat ayrim demokratlar va respublikachilar tomonidan qoralanib, liberallar Oq uyni muxolifatga bo'yin egishda, konservatorlar esa spikerni demokratlarning gapiga kirganlikda ayblamoqda.
Makkarti deydiki, bunday olishuvlar tabiiy va pirovardida ko'pchilik nima desa shu bo'ladi. Spiker qonunchilarni "ha" deb ovoz berishini ta'minlash uchun tunu-kun ishlaganini aytadi.
Respublikachilar Vakillar palatasida aksariyat o'rinlarda, ammo demokratlar bilan farq katta emas. Respublikachilar 222, demokratlar 213 nafar.
Demokratlar sardori Hakim Jeffris fikricha, qarz masalasi vaqtida hal qilinayotgani - uning partiyasining mehnati mahsuli.
"Radikal respublikachilar safsata sotish bilan band. Ularga yechim muhim emas", - deydi kongressmen.
Bugun ovoz berilgan hujjatga binoan Amerika byudjetidagi kamomad kelasi 10 yilda 1,5 trillion dollarga kamayishi kerak. Biroq ijtimoiy yordam ko'lami oshib borarkan, kamomad 2,1 trillion dollarga oshishi ham mumkin.
Prezident va spiker orasidagi murosa ekologiya va energetika bilan bog'liq loyihalarni ham o'z ichiga oladi. Ular o'zgartirilgan, ayrimlarga kamroq, ayrimlariga esa ko'proq mablag' so'rashga kelishilgan.
Facebook Forum