Tarixda ilk bor AQSh Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinni egallab turgan partiya talabi bilan spiker ishdan olindi, ya'ni respublikachilar o'z lideri Kevin Makkartidan norozi ekanini aytib, uni bu kursidan haydadi.
Muvaqqat spiker kim?
Muvaqqat spiker - respublikachi Patrik Makgenri. U qonunchilik bilan mash'gul uch kun mobaynida spikerlik qila oladi, ya'ni vakillarning sessiyalarida. Bu muddat ichida yangi spiker tanlanishi shart.
Vaqtincha spikerning asosiy ishi yangi liderni tezroq tanlash va uning tasdiqlanishi uchun harakat qilish.
Qonunchilik muzlaydimi?
Ayni damda AQSh hukumati 17-noyabrgacha moliyalangan xolos. Qonunchilar jadal ishlashi, yangi byudjet yuzasidan kelishib olishi va davlat tizimi pulsiz qolib, ishdan to'xtamasligini ta'minlashi zarur.
Biroq spikersiz palatada qonunchilik bilan bog'liq ishlar, ya'ni vakillarning birlamchi vazifasini bajarish bilan bog'liq jarayonlar to'xtab qoladi.
Vakillar palatasida kim nima bilan band?
Palatada 221 respublikachi va 212 demokrat bor. Ular spikerlikka kim ma'qul deya bosh qotirib, o'z nomzodlarini aniqlashtirish harakatida.
Demokratlar uchun hozirda eng ma'qul vakil - Hakim Jefffris. Nyu-Yorkdan saylangan Jeffris yil boshida spikerlik uchun Kevin Makkarti bilan bellashgan.
Respublikachilar orasidan nomzod tanlash qiyin kechmoqda, chunki byudjet borasida ichki ziddiyatlar avj olgan.
Makgengi yagona nomzod sifatida maydonga chiqishi mumkin, ammo uni ma'qullovchilar hozircha yetarli sonda emas.
Spiker qachon saylanishi mumkin?
Odatda yangi spiker Vakillar palatasi yangi muddatni boshlayotganida saylanadi.
Hozirda nima qilmoq zarurligi haqida demokratlar va respublikachilar kelishib olishi kerak.
Yanvar oyida Makkarti spikerlik uchun kurashganida jarayon murakkab kechgan, chunki o'z partiyadoshlarini ko'ndirishga qiynalgan.
Respublikachilar yanayam tarqoqlashgani sabab, bu safargi kurash undan ham og'ir bo'lishi kutilmoqda.
Kim spiker bo'lishi mumkin?
Spiker, konstitutsiyaga ko'ra, Kongress a'zosi bo'lishi shart emas. Shu bois ayrim respublikachilar bu lavozimga sobiq prezident va ayni damda Oq uyga yana da'vogar Donald Tramp munosib, degan takliflarni olg'a surgan. Lekin Tramp bu imkoniyatga qiziqmasligini aytgan.