Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kapitoliyda AQSh qonunchilari bilan uchrashib, ulardan qo'shimcha harbiy yordam so’radi. Agar Rossiya agressiyasiga qarshi kurashish uchun yangi mablag‘ ajratilmasa, Ukraina urushda yutqazadi, dedi u.
Oq uy joriy yil boshida Kongressdan Ukraina uchun 24 milliard dollar qo‘shimcha mablag‘ so‘ragan edi. Biroq respublikachilar orasida Ukrainaga ko’rsatilayotgan yordam yuzasidan xavotirlar kuchaymoqda. Kongressda esa AQSh byudjetini qabul qilish bo’yicha qonunchilar kelisha olmayapti. Agar 10 kun ichida murosaga erishilmasa va byudjet xarajatlari uchun qo’shimcha mablag’ ajratilmasa, hukumat idoralari nazariy jihatdan ishdan to’xtaydi. Ukrainaga harbiy yordam ham byudjet xarajatlarining bir qismi sifatida qabul qilinishi kerak.
Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Zelenskiy bilan uchrashib, keyinroq chiqargan bayonotida, agar qo’shimcha mablag’ ajratilmasa yoki byudjet Ukrainaga yordamni o’z ichiga olmasa, bu Ukrainadagi harbiy harakatlarga halokatli ta’sir o’tkazishi haqida ogohlantirdi.
Senatdagi respublikachilar yetakchisi, AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamini Senatda qo‘llab-quvvatlagan Mitch Makkonnel yangi voqelik yuzasidan izoh bermadi.
Zelenskiy payshanba kuni AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan ham uchrashdi. Uchrashuv Pentagon Ukraina uchun havo mudofaasi va artilleriya imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan yangi xavfsizlik yordami paketini e‘lon qilishi arafasida bo’lib o’tdi.
Pentagon matbuot kotibi, brigada generali Patrik Rayderning jurnalistlarga aytishicha, “M1 Abrams” tanklarini Ukrainaga yetkazib berish bilan bog‘liq ishlar “belgilangan tartibda” davom etmoqda va hatto hukumat ishi to‘xtab qolsa ham, ukrainalik uchuvchilar uchun AQShda “F-16” samolyotida uchish mashg‘ulotlari davom etadi.
Tashqi aloqalar bo'yicha kengash ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yil fevral oyidan boshlab 2023-yil mayigacha AQSh Ukrainaga jami 76,8 milliard dollardan ortiq yordam ko'rsatdi.
“Pew Research Center” tadqiqot markazining 2023-yil iyun oyida oʻtkazgan soʻroviga koʻra, AQSh Ukrainaga haddan tashqari koʻp yordam beryapti, deb hisoblovchi amerikaliklar soni urush boshlangandan beri barqaror ravishda oshib bormoqda.
Demokratlar va demokratlarga moyil saylovchilarning faqat 14 foizi AQShning Ukrainaga yordami haddan tashqari ko'p ekanligini aytgan. Respublikachi saylovchilarning 44 foizdan ortig'i yordam miqdori juda yuqori, deb hisoblagan. Barcha amerikaliklarning uchdan bir qismi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi AQSh manfaatlariga tahdid ekanligini aytgan.
Zelenskiyning Kongressga tashrifi ko’p ovoza qilinmadi. Vakillar palatasi Spikeri Kevin Makkarti va palataning demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris Ukraina prezidenti bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi. Spiker idorasi uchrashuvga oid fotosurat ham taqdim etmadi.
"Bu juda samimiy, ochiq va istiqbolli muhokama bo'ldi", - dedi Jeffris payshanba kuni o'zining haftalik matbuot anjumanida.
Jeffrisning aytishicha, Ukraina va Rossiya o'rtasidagi urush "global sahnada demokratiya va avtokratiya, erkinlik va zulm o'rtasidagi; haqiqat va propaganda, yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi kurashdir".
Kiel Jahon Iqtisodiyoti Instituti ma'lumotiga ko'ra, AQSh Ukrainaga yordam ko'rsatuvchi davlatlar orasida birinchi o'rinda turadi va yillik yalpi ichki mahsulotining 0,25 foizdan 0,45 foizgacha bo’lgan qismini Ukrainaga yordam sifatida bermoqda. Shvetsiya kabi Skandinaviya davlatlari bergan yordam esa YIP ulushi sifatida yanada ko’proq: 0,75% darajasida.