Breaking News

Dunyo rahbarlari BMTda nima deyapti?


BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda o’tayotgan 78-yillik sessiyasida davlat rahbarlari birin-ketin ma’ruza qilmoqda.

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:03 0:00

Tadbirni seshanba kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ochib berdi. U jahon hamjamiyatini ochlikka qarshi kurashga, yangilanadigan energiya manbalariga o’tishga, ta’lim tizimini kuchaytirishga, raqamlashtirish jarayonini jadallashtirishga, gender tenglikni ta’minlashga chaqirdi.

Bosh Assambleya minbarida so’zga chiqgan notiqlar iqlim o’zgarishi va uning oqibatlari haqida ham so’zladi.

“Liviyaning Derna shahrida minglab odam toshqindan nobud bo’ldi. Biz bu yerda ma’ruza qilayotgan bir paytda, milliarderlar esa O’rta Yer dengizidagi super yaxtalarida vaqtichog’lik qilayotgan bir paytda dengiz suvi jasadlarni qirg’oqqa yuvib chiqarmoqda. Derna dunyomizning qayg’uli lavhasini aks etmoqda”, - dedi Guterrish.

So’zga chiqayotgan rahbarlar va rasmiylar mamlakati va mintaqasi uchun muhim bo’lgan muammolarni ko’tarib chiqmoqda.

Masalan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Tog’li Qorabog’dagi vaziyatga e’tibor qaratdi.

“Qorabog’ Ozarbayjon yeri ekanini hamma tan olgan, bundan boshqa maqomni aslo qabul qila olmaymiz. Asosiy maqsad hozir barchaning, jumladan armanlarning Ozarbayjon tuprog’ida yonma-yon yashashidir”, - dedi u.

Erdog’an falastinliklar taqdiridan ham xavotir bildirib, Isroil tinchlik va xavfsizlikda yashashni istasa, 1967-yilgi chegaralar asosida Falastin mustaqil davlatining shakllanishiga yo’l berishi kerak, dedi.

Erdog’an Turkiyaning BMTdagi vakolatxonasida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ko’rishdi. Ikki rahbar iyul oyida Turkiyada ko’rishishi kerak edi, biroq uchrashuv Netanyaxuning sog’lig’i tufayli qoldirildi.

Netanyaxu Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham ko’rishdi, AQSh rahbari bilan uchrashuvi rejalangan.

Zelenskiy ham seshanba kuni sessiya delegatlariga murojaat qildi. U dunyo rahbarlarini Rossiya bosqiniga qarshi turishga, mamlakatini qo’llab-quvvatlashga chaqirdi, Rossiyani ukrain bolalarini o’g’irlaganlikda aybladi.

"Urush boshidan beri Rossiya Ukrainaning Qora va Azov dengizlaridagi portlarini to’sib qo’ydi. Shu kungacha Dunay daryosidagi portlarimizni raketa va dronlar bilan nishonga olishmoqda. Rossiya bosib olgan yerlarning tan olinishi evaziga jahon bozorida oziq-ovqat kamomadidan qurol sifatida foydalanishga harakat qilyapti”, - dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Vashingtonda ham bo’lishi, Prezident Jo Bayden va AQSh Kongressi rahbarlari bilan muloqoti rejalangan.

Bayden BMT minbariga birinchilardan chiqib, dunyoni Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qarshi turishga chaqirdi.

“Dunyodagi har bir mamlakat kabi AQSh ham bu urushning tugashini istaydi. Bu urushning tugashini hech qaysi davlat Ukrainachalik xohlamaydi. Ukrainaning tinchlikka yetaklovchi diplomatik harakatlarini to’liq qo’llab-quvvatlaymiz. Bu urushga yolg’iz Rossiya mas’uldir. Bu urushni yolg’iz Rossiya darhol tugatishi mumkin. Yolg’iz Rossiya tinchlikka to’siq bo’lib turibdi. Rossiya tinchlik evaziga Ukrainadan taslim bo’lishni, hududlarini va ukrainalik bolalarni unga topshirishni talab qilyapti. Rossiya dunyo bu urushdan charchaydi deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. Ukrainaning talanishiga yo’l qo’ysak, boshqa mamlakatlar o’zini xavfsiz his qilishi mumkinmi? Men “yo’q” deb javob beraman”, - dedi Bayden.

AQSh rahbari sun’iy tafakkurni ulkan imkoniyatlar va shu bilan birga ulkan xavf manbai deb atadi.

“Imkoniyatlar vositalaridan foydalanishda ularning zulm vositalariga aylanishining oldini olish kerak”, - dedi u.

Bayden iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga ham urg’u berdi, rivojlangan mamlakatlar ham ustuvor vazifalarini belgilab o’tdi.

“Hamkorlar bilan birgalikda shunday dunyoga intilishimiz kerakki, unda bolalar och qolmasin, hamma sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo’lsin, tabiatimiz muhofaza etilsin”, - dedi u.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o’rniga Bosh Assambleya yig’inida shanba kuni Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’ruza qiladi. Putin BRIKS, “Katta Yigirmalik” tashkilotlarining so’nggi yig’inlarida ham shaxsan qatnashmadi.

Seshanba kuni Bayden Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan ham uchrashdi. O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston va Turkmaniston prezidentlarining barchasi hozir Nyu-Yorkda.

Bayden AQShning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi muhim ekanini, mamlakatlar orasidagi hamjihatlik dunyoni xavfsizroq qilishini aytdi.

"Markaziy Osiyo va AQSh o’rtasidagi ko’p yillik hamkorlik suverenitet, mustaqillik va hududiy daxlsizlikka bo’lgan umumiy majburiyatlarimizga asoslangan. Ushbu tamoyillar har qachongidan muhimdir va bugun hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqyapmiz. Xususan, terrorga qarshi hamkorlikni kuchaytiryapmiz, AQSh xavfsizlik uchun Markaziy Osiyoga moliyaviy yordamni oshirmoqda”, - dedi Bayden.

U yangi biznes platforma tuzilayotgani, imkoniyati cheklangan odamlar huquqlari bo’yicha yangi tashabbus e’lon qilingani haqida ham ma’lum qildi.

Bundan oldin esa O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleya sessiyasida nutq so’zlab, hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zaruratini qayd etdi.

Mirziyoyev hukumatining aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosati tufayli mamlakatda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki baravar kamayganini, 2030-yilgacha buni 7 foizga tushirish rejada ekanini aytdi.

O’zbekiston prezidenti Afg‘oniston xalqi yuzlashayotgan muammolarga ham e’tibor berib, xalqaro hamjamiyatni unga yordam berishga chaqirdi.

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda “El-Yurt umidi” jamg’armasi stipendiantlari va Amerikada yashovchi o’zbek jamoalari rahbarlari va faollari bilan ham ko’rishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG