Breaking News

AQSh hukumati qisman ishdan to'xtashi kutilyapti


Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh
Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh

AQSh Senati va Vakillar palatasi kelgusi 12 oylik byudjet hajmi, Ukrainaga ko’rsatilayotgan yordam, AQSh-Meksika chegarasida immigratsiya nazorati hamda ijtimoiy yordam dasturlari bo'yicha kelisha olmayotgani bos AQSh hukumati yakshanbadan boshlab qisman ishdan to’xtashi kutilmoqda.

Demokratlar ustun Senat hukumatni noyabr oyi oʻrtalarigacha toʻliq ishlashini ta’minlab beradigan yetti haftalik moliyalashtirish rejasini ilgari surishni rejalayapti. Bu qonunchilarga 2024-yil sentabrgacha xarajatlar darajasini belgilash uchun koʻproq vaqt beradi.

Ammo Vakillar palatasida ko'pchilikni tashkil qiluvchi respublikachilarga mansub Spiker Kevin Makkarti Senat rejasini ovozga qo'yishni allaqachon rad etgan.

Buning o'rniga, Palata to'rtta davlat idoralari ishini davom ettirishga imkon beruvchi boshqa qoun loyihasini olg’a surmoqda. Senat esa uni ma’qullash niyatida emas. Har qanday holatda ham, shanba kuni yarim tungacha qonunchilar kelishib, yangi byudjetni qabul qilishi ehtimoli juda kam va ko’plab davlat tashkilotlari yakshanbadan boshlab ishlashni to’xtatadi.

Hukumat idoralari o'z ishchilarini ish to’xtashi mumkinligi haqida allaqachon xabardor qila boshladi.

Senatdagi Respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell qonunchilarni hukumatning yopilishi qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishi, ayniqsa, Meksika bilan janubiy chegaraga migrantlar oqimini nazorat qilish qiyinlashishi haqida ogohlantirdi.

"Hukumatni yopish pauzani bosishga o'xshamaydi, - dedi MakKonnell. - Bu to'xtagan joydan davom etishimizga imkon beradigan tanaffus emas. Bu zararli holat”.

Agar qisqa muddatli moliyaviy kelishuvga erishilmasa, 4 milliondan ortiq AQSh harbiy xizmatchilari va hukumat xodimlariga haq to'lanmaydi. Lekin havo harakatini boshqarish va rasmiy chegaraga kirish punktlari kabi muhim xizmatlar o’z ishini davom ettiradi. Pensionerlar ham to'lovlarni to'lash va oziq-ovqat sotib olish uchun oylik davlat nafaqasini o'z vaqtida olmasliklari mumkin.

Bunday yopilishlar AQShda so'nggi o'n yil ichida to'rt marta sodir bo'lgan, lekin ko'pincha qonunchilar hukumat faoliyatini to'liq qayta tiklash uchun murosaga kelguniga qadar bir yoki ikki kun vaqt kerak bo’lgan. Ammo sobiq prezident Donald Tramp maʼmuriyati davrida yuz bergan yopilish 35 kun davom etdi, chunki Tramp AQSh-Meksika chegarasi boʻylab devor qurish uchun mablagʻ ajratilishini talab qilib turib olgan edi.

Makkarti may oyida demokrat Prezident Jo Bayden bilan 2024-moliyaviy yil uchun sarf-xarajatlar darajasi to‘g‘risida kelishuvga erishgan edi, biroq palatadagi o‘ta o‘ngchi respublikachilarning kichik bir qismi kelishuvni rad etdi va ular endi xarajatlarni yanada qisqartirishni talab qilmoqda.

Makkarti-Bayden kelishuvi 2024-moliya yilida qo’shimcha 1,59 trillion dollarlik xarajatlarni o’z ichiga oladi. Vakillar Palatasining o‘ng qanot a’zolaridan ba’zilari yana 120 milliard dollar qisqartirish va chegara nazoratini kuchaytirishni talab qilmoqda. Kesishlar AQShning 6,4 trillion dollarlik umumiy byudjetida ancha kichik qismni tashkil qiladi va keksa amerikaliklar uchun pensiya to'lovlari yoki hukumat tomonidan taqdim etiladigan tibbiy sug'urtaga ta'sir qilmaydi.

Ba'zi konservativ qonunchilar, shuningdek, AQShning Ukrainaga yordamini keskin qisqartirishni yoki to'xtatishni xohlamoqda. Lekin asosiy respublikachi qonunchilar hali ham Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshi kurashini AQSh milliy xavfsizligi va Yevropadagi NATO mamlakatlarini himoya qilish uchun muhim deb qo'llab-quvvatlamoqda.

Xarajatlarni kamaytirish niyatida bo'lgan qattiqqo'l respublikachi qonunchilar, agar Makkarti demokratlar ovozi bilan xarajatlar to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qilishga urinsa, uni spikerlikdan chetlatish bilan tahdid qilishmoqda.

Makkarti seshanba kuni agar Bayden chegara masalalari bo'yicha muzokaralar olib borsa, yopilishning oldini olish mumkinligini aytdi.

"Bizga qo'ng'iroq qiling, keling, kun oxirigacha o'tirib, buni hal qilaylik, - dedi Makkarti.

2024-yilgi saylovda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp esa Kongressdagi ittifoqchilarini byudjetni ma’qullamaslikka undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG