Breaking News

Rossiya o'qidan Xersonda uch kishi o'lgan


Rossiya raketasi qoldiqlari, Xerson, 9-noyabr, 2023
Rossiya raketasi qoldiqlari, Xerson, 9-noyabr, 2023

Xersonda Rossiya hujumidan uch kishi o'lgan, 12 odam yaralangan. Dnepr daryosi bo'yidagi bu hudud doimiy nishonda, deydi mahalliy rasmiylar. Jamoat transportlariga, ma'muriy bino, kasalxona va xususiy uylarga bomba tashlangan.

Bu orada Ukrainada qonunchi Ukrainian Oleksandr Dubinskiy Rossiya harbiy razvedkasi bilan ishlaganlikda va o'z davlati haqida noto'g'ri ma'lumot tarqatganlikda gumon qilinmoqda. Dubinskiy buni uydirma deb atagan.

Ukraina Xavfsizlik xizmati esa uni 2016-yilda tuzilgan va Kreml moliyalaydigan jinoiy tashkilot a'zosi deb izohlagan.

AQSh 2021-yilda Dubinskiy va yana bir ncha ukrainga sanksiyalar qo'ygan. Vashington ularni AQShdagi saylovlarga aralashishga uringanlikda va Prezident Jo Bayden va uning o'g'liga qarshi harakatlarda ayblagan.

Ukrainada yana bir jinoiy ishda harbiy rasmiy Rossiyadan Yevropaga boradigan neft quvuriga xurujni tashkillashtirganlikda gumon qilinmoqda.

2022-yilning sentabridagi bu voqea kimning ishi ekani borasida aniq ma'lumotlar shu paytgacha chiqmagan.

NATO va AQSh bu xurujni sabotaj deb atasa, Rossiya nazarida xalqaro terrorizm.

Amerika matbuotining yoritishicha, gumon qilinayotgan rasmiy - 48 yoshli Roman Chervinskiy. Biroq Ukraina tomon buni hali tasdiqlamagan. Chervinskiy gumon safsata deb, uni inkor etmoqda.

Prezident Volodimir Zelenskiy bu borada hozirgacha lom-mim demagan, ammo yaqinda maxsus amaliyotlar bo'yicha rahbarni yangilagan. Kreml tushuntirish talab qilmoqda.

Chervinskiy ayni damda boshqa bir harbiy jinoyatda ham ayblanib, qamoqda.

Bu orada Prezident Zelenskiyning yordamchisi Andriy Yermak hamda Kiyevdan yuqori darajali delegatsiya Vashingtonda

"Oq uy, Kongress, aql markazlari va nohukumat tashkilotlarda uchrashuvlar bo'layapti," - deydi Yermak.

Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko bilan muzokaralar kechgan. Kiyev G'arbdan yordam so'ramoqda.

Rossiya Adliya vaziri muovini Andrey Loginov yetakchiligidagi delegatsiya inson huquqlari borasida Jenevada hisobot berar ekan, amaldagi siyosatni va Ukrainadagi urushni oqlashga uringan.

Fuqarolarning ommaviy chiqishlari cheklanishi, so'z va matbuot erkinligiga qo'yilgan to'siqlar asosli, deydi Loginov, chunki davlat xavfsizligini ta'minlash shuni talab qiladi.

BMTning tegishli organlarida Rossiyaning huquqni qanchalik hurmat qilishi ko'rib chiqilmoqda. Rasmiy deydiki, Ukrainadagi urushning bu ishga aloqasi yo'q. Xalqaro hamjamiyat esa Kremlni urushni bas qilishga chaqirmoqda, uni keng ko'lamli huquqbuzaliklarda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG