AQSh Prezidenti Jo Bayden favqulodda milliy xavfsizlik xarajatlari uchun Kongressdan 106 milliard dollar qo’shimcha pul so’ragan. Uning katta qismi Ukrainaga atalgan.
Oq uy pul ajratilmasa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir hafta ichida g’alaba qozonishi haqida ogohlantirmoqda.
“Ukrainaga qilayotgan sarmoyamizdan foyda ancha katta. Bu bilan nafaqat Rossiya harbiy salohiyatiga, balki Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan Eron, XAMAS, “Hizbulloh” kabilarga zarar yetkazyapmiz. Ular birgalikda harakat qilayotganini ko’ryapmiz”, - deydi demokrat senator Ben Kardin.
Qonunchilar 17-noyabrgacha yillik byudjetga kelishishi kerak. Vaqtincha byudjetga ajratilgan pul yana sakkiz kundan keyin tugaydi. Oq uy, demokrat qonunchilar va ayrim respublikachilar Ukraina, Isroil, chegara xavfsizligi uchun pulni o’z ichiga olgan yagona qonun loyihasini qabul qilishga chaqirmoqda.
“Amerikaning mudofaa-sanoat bazasi salohiyatini oshirishga sarmoya qilishda davom etishimiz kerak. Ukrainaga berilgan qurollar o’rniga yangilarini ishlab chiqarishimiz, Isroil, Tayvan, Hind va Tinch okeanidagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga kerakli qurollarni ishlab chiqarishni kuchaytirishimiz zarur”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.
Biroq uning ayrim partiyadoshlariga ko’ra, AQSh Ukraina-Rossiya frontida hosil bo’lgan turg’unlikni moliyalamoqda va bu pulni Amerikaning o’zida foydaliroq loyihalarga sarflash maqsadga muvofiq bo’ladi.
“Pulni qarzga olyapmiz. Ma’nosiz ish bu. Bu pul boshqa joyda ancha samaraliroq va foydaliroq bo’lardi. Buning o’rniga urushni avj oldirib, davom etishiga hissa qo’shyapmiz”, - deydi respublikachi senator Rend Pol.
Oq uy AQSh Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etmasa, oqibati yaxshi bo’lmasligi haqida ogohlantirmoqda.
“Yordam bermasak, Prezident Putin Ukraina bir haftada mag’lub bo’lishini aytdi”, - deydi davlat kotibining yordamchisi Jeyms Obrayen.
Rasmiylar Ukraina uchun pul qolmaganini aytmoqda.
“Kongress qo’shimcha moliyaviy yordamni tasdiqlamasa, Ukrainadagi hamkor tashkilotlar gumanitar dasturlarni butunlay to’xtatishga yoki yordam olayotgan odamlar sonini 75 foizgacha kamaytirishga majbur bo’ladi”, - deydi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligidan Erin Makki.
Demokrat senator Kris Kuns Ukraina uchun pulning eng katta qismi AQShdan kelayotganini aytadi.
“50 mamlakatdan iborat xalqaro koalitsiya Ukrainaga 90 milliard dollardan oshiq pulga teng to’g’ridan-to’g’ri yordam bergan. Eng yirik donor biz”, - dedi u.
Bayden ma’muriyati rasmiylariga ko’ra, AQSh Ukrainaga qo’shimcha pul ajratmasa, Yevropadagi ayrim mamlakatlar ham yordamini to’xtatib qo’yishi mumkin.