Breaking News

Oq uy rasmiylari qonunchilarni Ukrainaga yordamni uzmaslikka chaqirdi


Bayden ma’muriyatining rasmiylari AQSh Senatidagi tinglovda qonunchilarni Ukraina va Isroil uchun so’ralgan pulni yaxlit qonun orqali ajratish kerakligiga ishontirishga harakat qildi. Oq uy jami bu ikki davlat va boshqa ehtiyojlar uchun 106 milliard dollarlik qo’shimcha favqulodda moliyaviy yordam ajratishni so’ramoqda.

Xalqaro hayot - 1-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:06 0:00


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin shu masalada qonunchilar savollariga javob berdi. Vakillar palatasidagi respublikachilar pulni avval Isroilga berish muhimligini aytmoqda.

Oq uy ma’muriyati qonunchilardan AQShning ikkita ittifoqchisi olib borayotgan urushlarni moliyalashga pul ajratishni so’ramoqda – Isroil uchun 14,3 milliard dollar, Ukraina uchun 61,4 milliard dollar.

“Dunyo Amerikaning liderligi hisobiga birlashib turibdi. Agar yo’lboshchilikni qo’ldan boy bersak, buning Qo’shma Shtatlarga salbiy oqibati va tahdidlari yanada kuchayadi”, - dedi Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Senatning Mablag’lar bo’yicha qo’mitasi a’zolariga.

Kongressning quyi palatasida yaqinda spikerlikka saylangan Mayk Jonson Isroilga moliyaviy yordamni o’z ichiga oluvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjatda Ukraina tilga olinmagan.

Senatdagi tinglovda qatnashgan Davlat kotibi Entoni Blinken buni strategik xato deb atadi.

“Bunday yondashuv ham qadriyatlarimiz, ham muhim manfaatlarimizga katta ziyon yetkazadi. Qadriyatlarimiz qo’shni davlatlar ustidan xo’jayinchilik qilishni xohlaydigan va bu ishni jiddiy azob yetkazish orqali qiladigan bosqinchilar va zo’ravonlar tanobini tortishdan iborat va barchamiz bu masalada hamfikrmiz”, - dedi Blinken.

Vakillar palatasidagi respublikachilar Ukrainaga qo’shimcha pul berilishiga qarshi bo’lsa-da, ularning Senatdagi sardori Mitch Makkonel eng boshidan Ukrainaga yordamni davom ettirish tarafdori.

“Rossiya Eron tarafidan quvvatlanayotgan terrorchilarning Amerika va ittifoqchilarimizni zaiflashtirishini ko’rishni istaydi. Eron ham Rossiyaning Ukrainada g’alaba qozonishini xohlaydi. Bu G’arbni bo’lib qo’yadi, Eronning esa Moskva bilan harbiy hamkorligini kuchaytiradi”, - deydi senator Makkonel.

Biroq uning yuqori palatadagi ayrim partiyadoshlari ajratilayotgan yordam puli yetarlicha nazorat qilinmayotganiga, AQSh urushlarni cheksiz moliyalay olmasligiga ishora qiladi.

“Pulni ajratishdan oldin aniq bir strategiyaga ega bo’lishimiz kerak. Ukrainani moliyalashga kelganda hammaning birdam bo’lishi juda muhim”, - deydi respublikachi senator Jon Xoven.

Demokratlar ko’pchilikni tashkil etgan Senat Ukrainaga yordam paketini o’z ichiga olmagan qonun loyihasini rad etishi kutilmoqda. Ular Oq uy iltimos qilganidek, Ukrainaga yordamni yaxlit hujjatga kiritishni talab qilmoqda.

“Taqdim etilgan qonun loyihasi milliy xavfsizlik ehtiyojlarimizni qondirmaydi. Prezident oliy qo’mondon sifatida milliy xavfsizlik ehtiyojlarimizga javob bermaydigan ishlarga yo’l bermaydi”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Ostinning aytishicha, Ukrainaga yordam berilmasa, AQSh-Rossiya to’qnashuvi vujudga kelishi mumkin.

"Yuz foiz aminmanki, ertami-kech Putin NATOga tish qayraydi va shunda qurol qo’llashga majbur bo’lamiz”, - dedi u.

Vakillar palatasida Isroilga yordam bo’yicha qonun loyihasiga ovoz berish payshanba kuni kutilmoqda. Demokrat qonunchilar orasidagi progressiv siyosatchilar qarshi ovoz berishi mumkin. Blinkenning aytishicha, ushbu qonun loyihasida falastinliklarga ham yordam ko’zda tutilgan.

“Gumanitar yordam ham Isroil xavfsizligi uchun muhimdir. Ushbu mojaroda falastinliklarni favqulodda yordam va himoya bilan ta’minlash G’azo kelajagini XAMASdan o’zgacha tasavvur qiladigan hamkorlarni topish uchun zarur asos yaratadi”, - dedi Blinken.

Oq uy va respublikachilar so’rayotgan yordam paketi Isroil havo va raketa mudofaasi tizimi uchun 10,6 milliard dollarni ko’zda tutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG