Breaking News

Kiyev: Rossiya 20 mingga yaqin ukrainalik bolalarni ko'chirib olib ketgan


Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00

Kiyev rasmiylariga ko’ra, Rossiya 20 mingga yaqin ukrainalik bolalarni Rossiyaga yoki bosib olgan hududlariga majburan deportatsiya qilgan yoki ko’chirgan. Ukraina shulardan taxminan 380 nafarini uyga qaytarishga muvaffaq bo’lgan.

Denis Berejnoy Xerson shahridan. Uning aytishicha, o'tgan yili u o’qiyotgan maktab o’quvchilarni majburiy ravishda Qrimdagi sog'lomlashtirish lageriga yubordi. Xerson o’sha paytda Rossiya nazorati ostida edi.

“Maktab ma’muriyati lagerga borishimiz uchun hujjatlarni qalbakilashtirishgan, chunki ota-onam rozilik arizasiga imzo chekmagan edi”, - deydi yigit.

Denis o’sha vaqtda 17 yosh bo’lgan. Uning aytishicha, bolalar lagerga yetib kelishi bilanoq mahalliy xodimlar targ‘ibot darslarini boshlab yuborishgan.

“Ular Rossiya yaxshiroq ekanini, Ukraina hududlarini bosib olishini va ukrainaliklar uning quli ekanini aytishdi. Agar Ukrainaga tegishli narsalar topishsa, ularni yoqib yuborishdi, yirtib tashlashdi”, - deydi Denis.

Uning aytishicha, lagerda to‘rt oy qolishgan. So’ng uni Qrimdagi bir kollejga majburan jo’natishgan.

“Taxminan may oylarida bir do‘stim qo‘ng‘iroq qildi. Bolalarni uyga qaytarib olib kelishga yordam beradigan “Ukrainani qutqaring” deb atalgan tashkilot borligini aytdi. Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildim, uyga ketishni istashimni aytdim. Ota-onamni 10 oydan beri ko‘rmagan edim”.

Denisni bir do’stining onasi Qrimdan olib ketgan, sababi ota-onasi nogiron, bora olmasdi. “Ukrainani qutqaring” tashkiloti vakillarining bildirishicha, tashkilot 13 ta ana shunday missiyani amalga oshirgan. Jami 200 dan ortiq ana shunday noqonuniy ravishda deportatsiya qilingan yoki ko’chirilgan bolalarni uyiga qaytargan. Har bir missiyaga taxminan bir oy ketgan.

“Birinchi barcha hujjatlarni tayyorlaymiz. Keyin logistika ustida ishlaymiz, ma’qul yo'lni aniqlaymiz. Biz hatto eng kichik jihatlarni ham hisobga olamiz, kunning qaysi vaqtigacha chegarani kesib o’tish kerak, qaysi joyidan", - deydi tashkilot vakili Miroslava Xarchenko.

Kiyevdagi Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy markazga ko‘ra, sakkiz mingdan ortiq ukrainalik bolalar Rossiya tili bilan aytganda ana shunday “sog‘lomlashtirish lagerlari”ga majburan jo’natilgan. Markaz vakillarining bildirishicha, bu bolalarning aksariyati qayerda ekani hamon noma’lum.

"Gap Rossiya Federatsiyasi hududidagi 55 dan ortiq, Belarusdagi kamida beshta va Qrimdagi to'qqizta ana shunday lagerlar haqida ketmoqda", - deydi markaz vakili Katerina Rashevska.

Mart oyida Xalqaro jinoyat sudi Prezident Vladimir Putin va Rossiya Ombudsmeni Mariya Lvova-Belovani Ukrainadagi bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish, Rossiyaga ko’chirish kabi jinoyatlarda ayblab, hibsga olishga order bergan edi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, bu borada yana ko’proq ishlar qilinishi kerak.

"Xalqaro gumanitar huquq va turli konvensiyalarga qaramay, agar Rossiya Federatsiyasi qoidalarga rioya qilmasa, bolalar xavfsizligi bo'yicha global tizim ishlamaydi", - deydi Ukraina prezidentining bolalar huquqlari bo'yicha maslahatchisi Daria Gerasimchuk.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, deportatsiya qilingan yoki ko‘chirilgan 20 mingga yaqin ukrainalik bolalarning atigi 380 nafari uyga qaytarilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG