Ukrainaning urush ketayotgan hududlarida maktab ta’limi inqirozga yuz tutgan. Janglar mamlakat sharqidagi Liman shahriga yaqinlashar ekan, o’quvchilar onlayin ta’lim bilan qanoatlanishga umid qilmoqda. Ukrainadagi urush minglab maktablarga zarar yetkazdi, yana yuzlabi vayron qilindi. Urush hududidagi minglab o’quvchilar uchun ta’lim olish deyarli imkonsiz.
Ukrainaning Limanida har bir maktab binosi rus armiyasi zarbasidan shikastlangan, ayrimlari esa mutlaqo vayron qilingan.
Ko’plab maktablar Ukraina shaharni qaytarib olguncha, to’rt oy davomida yopiq bo’lgan.
“Bu yerda uzoq va yaqin masofaga yugurardik. Bu yerda futbol o’ynardik. Ikkinchi qavatda oshxona bor edi. Birinchi qavatda yig’ilishlar zali”, - deb eslaydi maktabning 9-sinf o’quvchisi Zaxar.
Limanga iyulda qilingan hujumda sakkiz nafar tinch aholi vakili halok bo’ldi. Janglar shaharga yaqinlashar ekan, pandemiya davridan beri amalda bo’lgan onlayin o’qish yana bir yilga cho’zildi.
Mahalliy faollarga ko’ra, ko´ngillilar o’quv materiallari, internet ta’minoti bilan yordam qilishmoqda.
“Albatta bu kam, ammo qiyinchilikka qaramasdan, ular noutbuklar, planshetlar, printerlar va kanselariya tovarlari bilan yordam qilishdi”, - deydi Liman shahar kengashi deputati Nadejda Didenko.
Ammo o’quvchilarning aytishicha, janglar yaqinlashib, internet aloqasi yo’qolgach, yoki aloqa faqat shifoxona, harbiy bazalarda qolishi bu yordamni samarasiz qiladi.
Ukraina hukumati urush davomida minglab maktablar hujumga uchragani, yuzlab maktab vayron qilinganini ta´kidlaydi.
Zaxarga ko’ra, bunday sharoitda onlayin tizim borligi yaxshi, ammo har doim ham emas.
“Men uchun telefondagidan ko’ra, bevosita ta’lim ma’qul. Telefonda ba´zan temalar ham aniq emas. Maktabda senga hammasini tushuntirishadi, yozasan, doskaga chiqasan, savollarga javob berasan”, - deydi u.
Boshqa o’quvchilar bugungi vaziyat maktab kunlarini eslashga ham imkon bermayotganini aytishadi.
Limanda 500 nafarga yaqin bola ta’limni davom ettirishga urinmoqda, ko’plab oilalar shaharni allaqachon tark etgan.
Ukraina bo’ylab millionlab bolalar bevosita ta’limdan mahrum, yana millionga yaqini qochqinlikda, 500 nafar bola urushda halok bo’lgan.