Minglab ukrain ayollari Rossiya agressiyasiga qarshi erkaklar bilan birga qurolli kuchlar safida xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda front ortida ruhiy va jismoniy bosimni yengib o´tib, tiklanishga urinayotgan ayollar ham juda ko’p.
Svetlana Kosolapova eri, ukrain harbiysi frontda halok bo´lishi ortidan yolg’iz qoldi. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgunga qadar ular baxtli yashagan, urush arafasida oilaviy ta’til ham rejalab qo’yishgan edi.
“Biz 15 yil baxtli yashadik. Bir kunda men hammasidan ayrildim. Rejalarimiz juda ko’p edi. Oilaviy dam olish uchun Karpatga chiptalar ham olib qo’ygan edik”, - deydi ukrain askarining bevasi Svetlana Kosolapova.
2022-yilning fevralida rus qo’shinlari u yashayotgan Lugansk viloyatidagi shaharni ishg’ol qildi. Kosolapovaga ko’ra, aynan shu kundan o’zi va ikki nafar farzandi hayotiga tajovuzlar boshlandi.
“Hatto erimning o`limidan keyin ham ruslar kelib farzandlarimni qamab, meni so’roqqa olib ketishardi, oziq-ovqatlarimizni ham tortib olishardi”, - deydi Svetlana Kosolapova.
Ruhiy bosimlar Kosolapovada qochishdan boshqa yo’l qoldirmadi. Ikki nafar bolasi bilan borishga joyi yo’q edi, ammo qanday qilib bo’lmasin, farzandlari hayotini saqlash haqida o’ylardi.
Ayni paytda minglab ukrain ayollari Rossiya agressiyasiga qarshi erkaklar bilan bir qatorda qurolli kuchlar safida xizmat qilmoqda.
Shu bilan bir qatorda Kosolapova kabi yolg’iz qolgan, shaxsiy darajadagi ruhiy, jismoniy bosimlarga qarshi kurashayotgan ayollar ham ko’p.
Urush tufayli hayoti vayron bo’lgan ayollarga, bolalarga ko’mak ko’rsatuvchi “Masha” jamg’armasi Kosolapovaga yordam ko’rsatdi.
Jamg’arma ta’sischilaridan biri Mariya Yefrosininaning aytishicha, ayollar bugun mutlaqo yangi bir muammo bilan to’qnash kelishmoqda, aksariyati tushkunlikda.
“Ularda yashashga hafsala yo’qolgan, hayotdan ma’no ko`rishmaydi. Bu dushmanning ishi. Ular ayollarimizni nafaqat jismonan, balki ruhan ham sindirishdi”, - deydi Yefrosinina.
Kosolapova psixologik tiklanish kursini o`tadi. Sekinlik bilan yashashga kuch to`plab, boshqalarga ham yordam berishga kirishdi. Ayni paytda u muloqot ko’nikmasini yo’qotgan bolalarga yordam ko’rsatuvchi psixologik guruhda ishlamoqda.
“Hozir yordamga muhtojlikdan o’tib, o’zim ham boshqalarga yordam berish qurbidaman”, deydi u.
Ukrainalik boshqa ko`plab ayollar singari Kosolapova ham avvalgi hayoti qaytmasligiga ko’nikkan. U yangi hayotga kirish uchun bugungi holatdan o’tish lozimligini biladi, kelajak hayoti avvalgidek bo’lmasa-da, ammo yaxshi bo’lishiga umid qiladi.