Breaking News

Oq uy Kongress Ukraina uchun yangi yilgacha pul ajratishiga umid qilmoqda


AQSh va Ukraina tashqi ishlar vazirlari NATO majlisida
AQSh va Ukraina tashqi ishlar vazirlari NATO majlisida

AQSh qonunchilari Rojdestvo bayrami bilan bog’liq qishki ta’tilga chiqishdan oldin Ukraina va Isroil uchun moliyaviy yordamni tasdiqlashga urinmoqda.

Xalqaro hayot - 29-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:50 0:00

Oq uy Kongressdan milliy xavfsizlik uchun 106 milliard dollar so’ragan – 60 milliard dollar Ukraina, 14 milliard dollar esa Isroil uchun. Senatdagi respublikachilarning aksariyati bunga qarshi emas, paketga AQSh-Meksika chegarasi xavfsizligini kuchaytirishga bir necha milliard dollar qo’shish shartini qo’ymoqda.

"Janubiy chegaramizdagi falokatli vaziyat bilan shug’ullanishga qaratilgan harakatlarsiz qonun loyihasiga ovoz bermasligimizni prezidentga o’tgan hafta qo’ng’iroq qilib aytganman”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.

Ukraina Prezident Vladimir Zelenskiy uning mamlakati AQSh yordamisiz qiyin ahvolga tushib qolishini aytib keladi.

Oq uy masala Rojdestvo ta’tiligacha hal bo’lishiga umid qilmoqda, aks holda Ukraina o’q-dori, qurolsiz qolishi haqida ogohlantirmoqda.

"Bu raqamlarni havodan olganimiz yo’q. Hamkorlarimiz kelayotgan oylarda ularga nimalar kerakligini aytganiga qarab tuzilgan ro’yxat bu. Vaqt g’animat”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Aksariyat respublikachi qonunchilar Oq uydan AQShdagi dolzarb muammolarga e’tibor qaratishni talab qilmoqda. Ukrainaga xayrixoh tahlilchilar ichki muammolarni Ukrainaga yordamni uzish hisobiga hal qilish shart emasligini aytadi.

"Ukrainaning tanqidchilari Amerikaning o’zida muammolar ko’pligini, masalan, qashshoqlik, chegara xavfsizligi kabilar muhimligini ta’kidlashi, pulni shularga sarflash kerakligini aytishlari mumkin albatta, biroq buyuk davlat har ikki narsaga ulgurishi, bir paytning o’zida ikkita masala bilan shug’ullanishi mumkin”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Kolin Kliri.

Bugun Bryusselda NATO-Ukraina majlisida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan uchrashuv chog’ida Qo’shma Shtatlar va NATO Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etadi deya ishontirdi.

Ukrainaning xavotir olishicha, Yaqin Sharqda avj olgan Isroil-XAMAS ixtilofi Rossiya-Ukraina urushiga e’tiborni pasaytirmoqda.

"Hamkorlarimizdan Ukrainadan charchoq yoki chekinish borligini sezmadim. Aksincha olg’a qadam tashlashga shashtimiz baland. Har bir ittifoqchimiz buning nafaqat to’g’riligini, balki o’z manfaatlariga xizmat qilishini anglab yetmoqda”, - dedi Blinken.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG