Breaking News

Ukraina g'alla omborlari Rossiya dronlari nishonida


Rossiyaning Ukraina g’alla omborlariga hujumlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Ukraina fermerlarining aytishicha, Rossiya dronlari mamlakat infratuzilmasi va iqtisodiyotini barbod qilish uchun g’alla omborlariga hujumlarini davom ettirmoqda.

Bu Ukrainaning Cherkas viloyati Uman shahridagi g’alla ombori qoldiqlari. Bu inshoot o‘tgan oy boshida Rossiya dronlari hujumiga uchragan. Ukraina agrar kengashi raisi Andrey Dikun omborlar portlagan kecha shaharda bo’lgan.

“Yettita raketa don omborlari ustiga kelib tushdi. Ularni adashib tushgan deb bo’lmaydi. Chunki otilgan 11 raketaning 4 tasi yon atrofga, qolgan 7 tasi naqd omborxonalar hududiga kelib tushdi”, - deydi u.

Dikun deydiki, Rossiya Ukraina omborlarini ataylab o‘qqa tutmoqda.

“Garchi Qora dengizdagi portlarimizni himoya qila olsak-da, g‘allani Ukraina markazidan, shimolidan, g‘arbidan yetkazishimiz kerak... Buning uchun esa bizga infratuzilma lozim. Ularning qilayotgan ishi bularni vayron qilish”.

Rossiyaning g’alla omborlariga uyushtirayotgan hujumlari oqibatida fermerlarning daromadi yo’qqa chiqmoqda, deydi Boris Yureskul. Fermer mana 30 yildirki 15 ming gektar maydonda boshoqli don yetishtiradi.

“Bu yilgi hosil yaxshi bo’ldi, biroq mehnatimiz natijasi nafaqat hosilga, balki bozor narxlariga ham bog‘liq. Rossiya Izmail va Reni portlarini o'qqa tutgach, narxlar avvaliga biroz ko’tarildi, keyin 20 foiz atrofida pastga tushdi”, - deydi fermer.

Dikunga ko’ra, Rossiya hujumlaridan ko’zlangan maqsad ikkita: Ukraina qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi va iqtisodiyotiga shikast yetkazish.

“Qiyoslasak, AQSh yoki boshqa davlatlarda qishloq xoʻjaligi yalpi ichki mahsulotning 1-3% ni egallaydi. Ukrainada urushdan oldin u 70% edi. Bu mamlakat valyuta daromadining 50% degani. Iqtisodiyotimiz va urushda g'alaba qozonishimiz uchun salmoqli hissa”, - deydi Dikun.

Dikunda mudofaa strategiyasi bor. U tunda “Shahed” dronlarini aniqlash maqsadida pikaplarda kichik radarlar va projektorlar o'rnatib, keyin pulemyotlar yordamida ularni yo’q qilmoqchi.

“Kurashishimiz kerak. Pikaplar sotib olib, “Shahedlar”ga qarshi kurashadigan mobil guruhlarni tuza olamiz. Harbiy ekspertlar bilan qilgan hisob-kitobimiz, o‘zimiz va inshootlarimizni himoya qilishimiz uchun bizga kamida 50 ta shunday guruhlar kerakligini ko’rsatdi”, - deydi u.

Shunday qilinmas ekan, Dikunga ko’ra, fermerlar Rossiyaning nishoniga aylanishdan xavotirlanib, o'z mahsulotlarini mamlakatning yirik don elevatorlariga yetkazib berishni istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG