Deyarli ikki yildan beri davom etayotgan urushda Rossiya Ukraina sarhadida ulkan talafotlar ko'rgan, jumladan so'nggi to'qnashuvlarda.
AQSh razvedkasi "Amerika Ovozi"ga oshkor etgan ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya oktabr oyidan beri Ukraina sharqidagi Avdeyevka-Novopavlovka hududidagi olishuvlarda 13 mingdan oshiq harbiysini boy bergan.
Ukraina armiyasi Rossiyaning 220 dan ortiq jangovar vositalarini chilparchin qilgan. Bu olti batalyon qo'lidagi texnika demakdir.
“Rossiya bu janglarda hech narsaga erisha olmagan", - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so'zlovchisi Adrien Uotson.
"Kreml qo'shinlari qattiq zarar ko'rgan. Biroq ular hamon ortga yurmayapti. Rossiya qish qahratonidagi harbiy qiyinchiliklar G'arbning yordamini kamaytiradi, degan umidda. Uning kuchlari zaiflashgan, o'q-dori oz, texnika charchagan".
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bu hafta Vashingtonga tashrif buyurib, Kongressdan madadni to'xtatmaslikni so'radi.
Zelenskiy Amerika qonunchilarini Ukraina qurolli kuchlarini quvvatlashda davom etishga undamoqda. Aks holda, deydi u, Rossiya ustun kelishi mumkin, Vladimir Putin bu bilan cheklanmay boshqa davlatlarga ham bostirib kirishi mumkin.
“Siz yordam bering va Ukrainaga ishoning. Biz ham sizdan umidvormiz, sizga suyanishni xohlaymiz", - deydi Zelenskiy.
Oq uy Kiyevga zarur ko'mak ko'rsatish uchun Kongressdan 61 milliard dollar so'ramoqda.
Respublikachilar orasida bunga qarshilar ko'p. Ular avvalo AQSh-Meksika chegarasini mustahkamlash va "boshqa dolzarbroq ishlar" uchun mablag' ajratish zarur, degan talabni qo'ymoqda.
Oq uy esa har bir daqiqa g'animat deya Ukrainaga tezroq yordam berishga chaqirmoqda.
"Bu davlat o'zini himoya qilishi uchun nimaiki zarur bo'lsa, bera olamiz va berishimiz kerak", - deya bildiradi Bayden ma'muriyati.
AQSh harbiy kuchlari va razvedka rahbarlari tahlilicha, Ukrainadagi urush Rossiyani 5-10 yil orqaga tortgan, uning armiyasi tinimsiz zarba yemoqda.
Mudofaa vaziri Lloyd Ostin fikricha, Putin Ukrainada yutishni va shu tariqa Amerikani ham yengishni xayol qilmoqda.
“Kreml agressiyasiga bugun munosib javob bermasak, qolaversa boshqa agressorlarga ham vaqtida chora ko'rmasak, ular haddidan oshaveradi, ko'proq qon to'kiladi, vayronagarchilik ko'lami kengayadi", - deydi Ostin.