Breaking News

Bayden, Kongress immigratsion o'zgarishlar qilish harakatida


AQSh-Meksika chegarasi, 5-dekbar, 2023
AQSh-Meksika chegarasi, 5-dekbar, 2023

Ukraina va Isroilga yordam berish uchun Kongressdan o'nlab milliard dollar so'rayotgan Prezident Jo Bayden Senat bilan immigratsiya masalalari yuzasidan muzokarada. Respublikachilar Ukrainaga ko'maklashish uchun qator shartlar qo'ymoqda, jumladan chegara nazoratini kuchaytirish uchun yangi choralar.

Har ikki davlatga madad ko'rsatishni va'da qilgan Bayden murosaga tayyor ekanini bildirgan.

Byudjet direktori Shalanda Yang deydiki, ma'muriyat chegaralarni mustahkamlash va immigratsiya tizimini isloh qlishni tashqi siyosat bilan tenglashtirmaydi va bu masalalarning har biriga alohida e'tibor bilan qaraydi.

Meksika bilan chegarada ilg'or texnologiyani ishga solish, organlarning salohiyatini oshirish va Amerika darvozalarini mahkamlash uchun yangi strategiya va dastur zarur, deydi qonunchilar.

Oq uy ham shunday pozitsiyada ekan, Kongressdagi liderlar bilan muhokama avjida, deydi rasmiylar.

Kapitoliy, Vashington
Kapitoliy, Vashington

Oklaxoma shtatidan respublikachi senator Jeyms Lankford fikricha, saylovchilar avvalo AQSh o'z muammolarini hal qilishini xohlaydi. Meksika orqali noqonuniy kirib kelayotganlarning oxiri yo'q, deydi u.

"Nazoratni kuchaytirmasak, janubiy chegaralarimizda mashmasha arimaydi", - deydi senator.

Konnektikut shtatidan demokrat senator Kris Merfi fikricha, respublikachilarning immigratsiya bo'yicha talablari o'rinsiz.

"Amerikadan najot so'rab kelayotganlarning hammasiga eshikni mutlaq yopiq qo'ya olmaymiz. Terror va qiynoqlardan qochayotgan insonlarga rahm-shafqatli bo'lishimiz kerak", - deydi Merfi, boshpana berishni to'xtatmaslikka undar ekan.

Boshpana berish shartlari, immigratsiya me'yorlari va asoslari, ayrimlarni mamlakatga gumanitar maqsadda vaqtinchalik kiritish va deportatsiya Oq uy va Kongress orasida muhokamada ekani ma'lum.

Jumladan, gumanitar ruxsat kimga berilishi. Bunda chegaraga kelgan xorijlikning dardi tinglanib, biror qarorga kelingunicha, unga Amerikaga kirishga ruxsat beriladi.

Mamlakatga gumanitar sabab bilan vaqtinchalik kiritilishi uchun boshpana so'rayotgan odam vatanida o'lim, urush va qiynoqlar bilan yuzlashayotgan bo'lishi kerak. Bu vaqtincha, immigratsiya qilishi mumkin, fuqaroga aylanishi mumkin, degani emas.

Masalan, 2021-yilda Tolibon hokimiyatga qaytganidan keyin qochgan afg'onlarning 80 mingga yaqiniga bunday yordam berilgan. Ukrainadagi urushdan qochganlar ham o'nlab ming sonlarda AQShda qabul qilingan.

Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelayotganlar ham odatda shunday shart asosida kiritiladi.

Bu migrantlar moliyaviy jihatdan o'zini eplay olishini va mamlakatga qonuniy kirishga bel bog'laganini isbotlashi lozim. Noqonuniy yo'llarni qidirgani aniqlansa, iltimosi chetga suriladi.

Har yili yuzlab ming ajnabiyga kirishga gumanitar ruxsat beriladi. Respublikachilar orasida bunday siyosatga qarshilik kuchli.

Irqi, dini, elati yoki biror guruhga a'zoligi sabab vatanida chiqishtirilmagan odam AQShdan boshpana so'ray oladi. Berilsa, u pirovardida fuqarolikka qabul qilinishi mumkin.

Boshpana so'rash uchun shaxs Amerika sarhadiga kelishi kerak. U qattiq tekshiruvlardan va savol-javoblardan o'tishi kerak. Immigratsion sud masalani ko'rib chiqar ekan, bu odam AQShda ishlashi, oila qurib, farzandli bo'lishi mumkin.

Bunday tartibga qarshilar nazarida boshpana ololmagan taqdirda ham odam vaqtincha imkoniyatlar tufayli Amerikada qolish yo'lini topadi.

Sobiq immigratsion sudya Endyu Artur deydiki, sistema doimiy manipulyatsiya qilinadi. Artur immigratsiya ko'lami pasayishi kerak deb hisoblaydi.

Chegaraga boshpana so'rab kelganlar keskinroq ko'rikdan o'tsin va javoblari qoniqarli bo'masa, o'sha yerdayoq orqaga qaytarilsin, deydi respublikachilar, toki bu insonlar uchun Amerika tizimi va resurslari sarflanmasin.

Yana bir sobiq sudya Pol Shmit deydiki, sistema allaqachon yetarlicha keskin, hatto boshpana so'rayotganlarning ruhiy holati ko'pincha nazarga olinmaydi. Bu insonlar qonli mojarolar bois hamma narsasini boy berib, o'zi va bolalari uchun panoh izlagan odamlar, deydi Shmit, ularga insoniy munosabatda bo'lish lozim.

Zudlik bilan orqaga qaytariladigan xorijliklar ham bor. Ularning ishi tezlikda sudlarda ko'rib chiqilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG