Breaking News

Yevropa Ittifoqida Ukraina uchun 50 milliard yevrolik paket qabul qilindi


Payshanba kuni Yevropa Ittifoqi rahbarlari Ukraina uchun o’tgan yildan beri tasdiqlanmay kelayotgan 50 milliard yevrolik yordam paketini bir ovozdan yoqladi.

Xalqaro hayot - 1-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:05 0:00

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban haftalab davomida oyog’ini tirab olib, dekabr oyida yordamga veto qo’ygan, qo’shimcha yordam urush davom etishiga hissa qo’shishini aytgan.

Shundan so’ng Yevropa Ittifoqi rahbarlari Orbanga bosim qo’ya boshladi, undan Rossiya boshlagan urushda aniq bir pozitsiyani egallashni talab qilishdi.

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk paketga ovoz berishdan oldin Yevropa Ittifoqi Orbandan charchaganini aytdi.

"Muammo shundaki, qaysidir ma’noda Viktor Orban haq. Agar uning fikriga Yevropada boshqalar qo’shila boshlasa, Ukrainaning mag’lub bo’lishi muqarrardir. Taqdirga tan berish kerak emas, bizda tanlov imkoni bor. Ukrainani agressiyadan samarali himoya qilish mumkinligiga Orbanni ishontirishimiz kerak”, - dedi Tusk.

Ukraina xorijiy yordam kamayganidan, natijada o’q-dori yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda. O’tgan yili urush avjida Ukraina armiyasi bir kunda 7000 ta snaryad otayotgan edi, hozir esa 2000 ta. Rossiya kuniga 20 mingta snaryad ishlatmoqda, o’q-dori, qurol ishlab chiqarishni kuchaytirgan.

“Ukrainaga ko’proq o’q-dori kerak. Ukrainaning zarba berish salohiyati kam, uni kuchaytirish kerak”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel.

Tashkilot Ukrainaga ajratgan 54 milliard dollar to’rt yilga mo’ljallangan, mamlakat byudjetini qo’llab-quvvatlash uchun.

“Berilayotgan pul Ukraina byudjeti uchun mo’ljallangan, harbiy salohiyatini kuchaytirish uchun emas”, - deydi Yevropa islohoti markazidan Luiji Skatsiyeri.

Ayrim kuzatuvchilar Orbanni Yevropa Ittifoqidagi tikan deb hisoblaydi.

“Vengriya o’zi istagan narsalarga erishmaguncha sanksiyalarga qo’shilishdan bosh tortdi, Ukrainaga qurol yuborishdan bosh tortdi, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik maqomiga qarshi chiqdi”, - deydi Tashqi aloqalar kengashidan Liana Fiks.

Vengriya Yevropa Ittifoqida unga ajratilgan 11 miliard dollarning muzlatilganidan norozi. Bryussel Budapeshtni demokratik mezonlardan chekinganlikda ayblab bu pulni bermayapti va yana 24 milliard dollarni chiqarmay turibdi.

Bugungi kelishuv evaziga Orban tashkilotdan biror narsa undirishga muvaffaq bo’ldimi, yo’q, hozircha ma’lum emas. Ba’zilar Vengriya rahbari Yevropa Ittifoqi do’q-po’pisalaridan cho’chigan bo’lishi mumkinligini aytadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakati uchun moliyaviy yordam paketi tasdiqlanganidan minnatdorchilik bildirdi.

“Yevropa Kengashi so’nggi bor majlis qilganida unga ishonch tushib ketgan edi. Hozir hammamiz birgalikda ishonchni kuchaytirishga muvaffaq bo’ldik. Yevropa Ittifoqi so’ziga ishonsa bo’lishini isbotladi. Uning va’dalari butun Yevropa manfaatiga xizmat qiladi”, - dedi Zelenskiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG