Breaking News

Rossiyada ukrain asirlarini olib ketayotgan samolyot urib tushirildi


Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, bugun Ukraina Rossiyaga qarashli Il-76 harbiy-transport samolyotini Rossiyaning Belgorod shahri yaqinida urib tushirgan. Vazirlik samolyotda 74 kishi, jumladan asirga tushgan 65 nafar ukrain askari bo’lganini ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 24-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:41 0:00

Matbuotdagi xabarlarga qaraganda tomonlar asir almashishga kelishgan va Rossiya ukrain asirlarini ikkita samolyotda Belgorodga yetkazib, undan nari avtobuslarda uchrashuv joyiga olib ketishi kerak bo’lgan. Birinchi samolyot portlashi ketidan ikkinchisi ortga qaytib ketishga majbur bo’lgani aytiladi.

Ukraina harbiy razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov “Ozodlik radiosi” bilan suhbatda bugun asir almashishga kelishilganini, biroq kelishuv bekor bo’lganini ta’kidladi.

Rossiya Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin voqeani qoraladi.

"Ular o’z askarlarini havoda urib tushirdi. O’zlarinikini. Onalari, rafiqalari, farzandlari ularni kutayotgan edi. Fojiada uchuvchilarimiz va harbiylarimiz ham o’lgan. Ularni Amerika, Germaniya raketalari urib tushirdi. Ushbu mamlakatlar qonunchilari mas’uliyatni tushunishi, buning oqibatlari qanday bo’lishini, kimga yordam berishayotganini anglashi kerak”, - dedi Volodin.

Samolyotga AQShning “Patriot” yoki Germaniyaning “IRIS-T” havo mudofaasi raketalari otilgani aytilmoqda.

Ukrain matbuoti samolyot avval urib tushirilgani haqida xabar qildi, ammo keyin sarlavha o’zgarib, uning urib tushirilgani haqidagi jumla olib tashlandi.
Ukraina harbiy razvedka boshqarmasiga ko’ra, Rossiya ukrain tarafidan Il-76 parvozidan oldin havo xavfsizligini ta’minlashni so’ramagan va ukrain asirlari hayotini ataylab xavf ostiga qo’ygan.

So'nggi kunlarda tomonlar raketa hujumlari bilan almashishmoqda. 31-dekabr kuni Rossiyaning Belgorod shahriga hujumda kamida 25 odam o’lgan. O’tgan yakshanba esa Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Donetsk shahriga raketalar otilib, 27 kishi nobud bo’lgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumda Rossiyani aybladi.

Rossiya harbiy-havo kuchlari ham Ukraina shaharlarini tinimsiz o’qqa tutmoqda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergga ko’ra, Rossiya Ukraina havo mudofaasi tizimini holdan toydirishga urinmoqda va shu sabab Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatmaslik kerak.

Biroq AQSh Kongressida Isroil va Ukrainaga bir necha milliard dollarlik yordam paketini o’z ichiga olgan qonun loyihasi turib qolgan, demokrat va respublikachi qonunchilar o’zaro kelisha olmayapti.

Prostata saratoni bilan bog’liq jarrohlik amaliyotidan tuzalayotgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina mudofaa muloqot guruhining joriy yildagi ilk majlisini virtual shaklda o’tkazdi.

Ukrainaning yozgi qarshi hujumi samarasiz bo’lganiga qaramay, Yevropa Ittifoqi va AQSh va’da qilgan 100 milliard dollarlik yordam paketlari hanuz tasdiqlanmayotganiga qaramay, Ukraina Rossiya ustidan g’alaba qozonishini shubha ostiga qo’ymayapti.

“Ukraina bu urushda yutib chiqadi. Nafaqat Ukraina, balki butun demokratik dunyo”, - deydi Ukrainaning BMTdagi elchisi Sergey Kislitsa.

Bu o’rtada AQSh g’arbidagi Arizona shtatida ukrainalik uchuvchilar F-16 samolyotini boshqarishni o’rganmoqda.

Yevropa Ittifoqida Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordamga qarshi chiqayotgan Vengriyaga yaqindan beri Slovakiya ham qo’shildi. U yerda hokimiyatga kelgan yangi Bosh vazir Robert Fitso urushni tugatishga, taraflarni diplomatiyaga chaqirmoqda.

Bugun Ukrainaning Slovakiya bilan chegarasidagi Ujgorod shahriga tashrif buyurgan Fitso Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bilan ko’rishdi.

Bu o’rtada Rossiya Dumasi rus armiyasi haqida soxta xabar tarqatganlikda, ekstremizmni qo’zg’atganlikda aybdor topilgan, Rossiyani sanksiyalar bilan jazolashga da’vat etuvchi shaxslar mulkini musodara qilishga imkon beruvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Ushbu jazo choralari asosan urush boshida mamlakatni tark etib, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini tanqid qilayotgan rossiyaliklarni nishonga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG