Breaking News

Multi-vektor siyosat ish berayaptimi? Markaziy Osiyo va dunyo


Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev Ostonada Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan muloqotda, 1-noyabr, 2023
Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev Ostonada Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan muloqotda, 1-noyabr, 2023

AQSh poytaxtida uzoq yillardan beri faoliyat yuritadigan Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti asoschisi, keksa olim Frederik Starr tushuntirishicha, multi-vektor siyosat yangi konsepsiya emas, aksincha qadimiy va tarixiy jarayonlar mahsulidir.

"Multi-vektor yondashuv bir paytda bir necha tomon bilan ishlash demakdir, toki ular sizga qarshi salbiy qadamlar tashlamasin. Imkon qadar ko'p davlatlar siz bilan hamkorlikka moyil bo'lsin",- deydi Starr.

Jorj Vashington universitetidagi anjumanda asosiy ma'ruzani qilgan ekspert deydiki, AQSh bunday siyosatni davlat sifatida vujudga kelganidan keyingi yillarda, 18-asrning oxirlarida ishga solgan va ulkan yutuqlarga erishgan. Yangi va yosh siyosiy tizimlar shunday yo'ldan borib, to'g'ri qiladi, deydi Starr.

Mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlarida Qozog'iston bu borada yetakchi, deya qayd etadi u. Biroq Starr nazarida respublikaning hozirgi rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev bunday strategiyani rad etmoqda: Xitoy bilan aloqani Rossiyaga nisbatan, har ikkisi bilan muloqotni esa AQShga nisbatan qo'llamoqda.

Starr tahlilicha, Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari ham multi-vektor deb, noto'g'ri taktikalarga qo'l urmoqda. O'zlik, suverenitet va tarixni ulug'lash bilangina diplomatik muvaffaqiyat qozonish qiyin, deya eslatadi olim.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya va Xitoy uchun mintaqadagi hozirgi strategiyalar ayni muddao. Bo'l va boshqar degan naql Yuliy Sezardan qolgan o'git, deydi Starr.

U Moskvani Markaziy Osiyo birdamligiga xalaqit berib kelayotgan, mintaqadagi asosiy buzg'unchi deb biladi. 2000-yillarda Rossiya Markaziy Osiyo Iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida kirib olib, keyinroq uni yo'qqa chiqarmaganida, deydi u, bugun mintaqa o'ziga ishongan va ahil bir blok bo'lar edi.

Starrning tavsiyasi shuki, mintaqa o'z manfaatlari uchun turli o'yinlarga berilmasligi zarur. Eng ma'qul yo'l, deydi ekspert, regional kelishuvlar va ularni birga amalga oshirish. Kim sizga qay sohada real yordam bermoqchi? Uni aniqlang va o'sha taraf bilan hamkorlikka intiling. Atrofingizdagi yirik tomonlarga sizga bosim o'tkazish uchun kamroq imkoniyat bering. Buning uchun qo'shnilar bilan inoq bo'lishingiz shart.

Hukumatlar uchun esa bu oson emas. Markaziy Osiyoning har bir davlati ham integratsiya va yakdillik haqida birdek iroda va tushunchaga ega emas. Rahbarlar avvalo o'z hokimiyatini asrab-avaylash haqida o'ylaydi. Tojikiston va Turkmanistondagi diktaturalar uchun mintaqaviy birdamlik boshqalarga ergashish demakdir. Islom Karimov davrida O'zbekiston ham shunday fikrlagan.

Markaziy Osiyo bir yoqadan bosh chiqarmoqda, deb bong urilganida aslida Qozog'iston va O'zbekiston, ayrim jihatlardagina Qirg'iziston birlikka intilayotganiga ishora qilinadi. Rasmiylar orada kelishmovchilik va ziddiyatlar talay ekanini tan oladi.

Starr AQSh maqtaydigan C5+1 formatini aslida Qozog'iston g'oyasi deb qayd etadi. 2015-yilda o'sha paytdagi Davlat kotibi Jon Kerriga bu borada qozoq diplomatlar aytgan. Kerri olqishlagan, formatni regionga borib tanishtirgan, ammo amalda konkret ishlar qilmagan, deya xulosa qiladi ekspert.

Putin oxirgi paytlarda, shuncha xalqaro bosim va sanksiyalarga qaramasdan, Markaziy Osiyo prezidentlari bilan dialogni uzmay, ularni tinimsiz turli tadbirlarga taklif etib, o'z ta'siri kuchli ekanini namoyon etib turibdi.

Regionda, xususan O'zbekistonda katta-katta infratuzilmalar, jumladan aeroportlar Rossiya puli va u yerdagi oligarxlar homiyligida qurilmoqda. Qolaversa, qator islomiy madaniy markazlar ham Rossiyadagi eng boy insonlar ehsoni, deya qayd etadi Starr.

Xitoy ham o'z kuchini ko'rsatmoqda, xususan qarz berish, avtomashina ishlab chiqarish va sotishni kengaytirish va regiondagi boshqa mavjud bizneslarni siqib chiqarish bilan band. Pekin, deydi ekspert, region uchun eng qudratli sherik, kelajakda bu fakt o'zgarmaydi.

Starr nazarida Markaziy Osiyo liderlarining bugungi faolligi multi-vektor siyosat emas, kim kimga qarshi biz uchun ko'proq sarmoya qiladi, degan o'yinlardir.

"Mintaqa bu bilan vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda", - deydi u.

Starr tahlilicha, Turkiya tashabbuslari ham jiddiy qadamlar. Anqara uchun "turkiylik" siyosiy qurol, deydi u, Tojikiston va Afg'onistonning katta qismi hisobga olinmaydi.

Arab davlatlari, jumladan Fors ko'rfazidagi monarxiyalar ham region bilan apoq-chapoq. Markaziy Osiyo liderlari ular bilan jon deb ishlaydi, chunki sarmoya zarur.

Starr mintaqa bugun xalqaro sahnada o'z ovozi va namoyandalariga ega ekanini e'tirof etadi. Rossiya va Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarda o'z talablarini o'tkaza olayotgani ham tahsinga sazovor, ammo region hamon o'z tizimini shakllantira olmagan.

Muntazam uchrashuvlar, prezidentlarning maslahatlashuvlari katta burilishlarga yetaklashi kerak, deya undaydi Starr, toki Markaziy Osiyo misli ko'rilmagan siyosiy va iqtisodiy blokka aylansin, o'z institutlarini barpo etsin.

G'arb, deydi u, agar regionga haqiqatan ham ko'maklashmoqchi bo'lsa, shu yo'nalishda madad ko'rsatsin.

Amerikalik yana bir mutaxassis Ariel Koen ham Vashingtonni passivlikda ayblaydi. C5+1 formatidan boshqa biror arzigulik loyiha yo'q, deydi Koen.

Bugungi Markaziy Osiyoni Xitoy, Rossiya, Turkiya va arab davlatlari rivojlantirmoqa, deya tahlil qiladi u, qurilishlar, bizneslar va energetik hamkorlikka ishora qilib.

Tahlilchi Komron Buxoriyga ko'ra esa realistik yondashish kerak. Janubiy Osiyoga qarasak, Afg'oniston hamon beqaror va ishonchsiz. Pokiston doimiy inqirozda. Xitoy qanchalik kuchli ko'rinmasin, iqtisodiy o'sish sekinlashgan, tashqi dunyodagi, xususan Markaziy va Janubiy Osiyodagi investitsiyalaridan daromad olayotgani yo'q, uning AQSh bilan raqobat keskinlashgan.

Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasidagi anjuman, Vashington, 6-mart, 2024
Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasidagi anjuman, Vashington, 6-mart, 2024

Rossiya Ukrainadagi urush bilan ovora ekan, Turkiya Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi rolini oshirgan. Arablar regionga biznes uchun "yangi dunyo" deb qaraydi. Bu orada Eron ham mintaqaga yaqinlashib, savdoni kengaytirish payida. Mintaqa kim moyil bo'lsa, o'sha tomon bilan o'z manfaatlari yo'lida ishlashga harakat qilmoqda va bu tabiiy, deydi Buxoriy. Multi-vektor degan hukumatlar shuni tushunadi.

Uningcha, Starr "o'yinlar" deb baholayotgan jarayonlar aslida shunday taktikaga asoslangan.

AQShning Ukraina va O'zbekistondagi sobiq elchisi, Atlantika kengashining yetakchi eksperti Jon Herbst fikricha, Amerikaning keyingi rahbari kim bo'lishi muhim omil. Ukraina qanchalik quvvatlanadi va Vashington Markaziy Osiyoga qay nuqtai-nazardan qaraydi? Afg'oniston endi birlamchi faktor emas.

Avtoritar tuzumlarga qarshi kurash Ukrainadagi urush bilan bog'lansa, aloqalar boshqacha tus olishi mumkin. Biroq Jo Bayden yakkahokimlarga nisbatan qarshiligiga qanchalik urg'u bermasin, Markaziy Osiyo liderlari bilan bir davrada o'tira oldi. Oq uy mintaqa bilan o'zaro manfaatlarga tayangan holda ishlayveradi, degan ishonch Vashington siyosiy doiralarida va AQSh xususiy sektorida keng.

"Bir narsa aniq: Rossiya zaiflashgan. Xitoy zaiflashgan. Men ularning statistikasiga ishonmayman. Har ikkisi, ayniqsa Pekin G'arb texnologiyasini o'zimizga qarshi qo'llashni odat qilgan va bunday qora ishlarida davom etadi, ammo kelajak butkul ularning qo'lida emas, degan bo'lardim", - deydi sobiq elchi.

"Lekin Amerika ham izolyatsiyaga berilishi mumkin. Mana shu ehtimol meni xavotirga soladi".

U Markaziy Osiyoga AQSh bilan muloqotni kuchaytiraverishni maslahat beradi. Oq uyga kim o'tirishidan qat'i nazar, deydi sobiq elchi, respublikalar Amerikadan nima xohlashini dangal aytaverishi, Vashingtonni hamkorlikka undayverishi kerak. Shuningdek, deydi Herbst, mintaqa AQShning azaliy ittifoqchilari, xususan Hindiston bilan rishtalarni mustahkamlashi lozim.

Dehli qudrati odatda yuqori baholanmaydi, ammo real olib qaraganda, Hindiston ko'p yo'nalishlarda salohiyatli, xususan sanoat va texnologiyada. Herbst, shuningdek, multi-vektor siyosatda G'arbning sharq dunyosidagi boshqa sheriklari, jumladan Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ham hamjihatlikni ushlab turishga undaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG