Breaking News

AQShda Markaziy Osiyo yerosti boyliklari muhokamada


Uran bilan ishlayotgan xodim, "Ulba Metal" zavodi, Ust-Kamenogorsk, Qozog'iston, 8-oktabr, 2005
Uran bilan ishlayotgan xodim, "Ulba Metal" zavodi, Ust-Kamenogorsk, Qozog'iston, 8-oktabr, 2005

Energetikadagi global o'zgarishlar noyob metal va minerallarga talabni oshirmoqda, jumladan yuqori texnologiya, yashil iqtisod va mudofaa sohalarida. Azaldan keng qo'llanib kelingan 17 moddaga ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda, deyiladi Vashingtonda asoslangan Xalqaro soliq va sarmoya markazi hisobotida.

Yangi manbalar izlanar ekan, Markaziy Osiyo yerosti boyliklari G'arb bizneslari va hukumatlari e'tiborida, ammo bu sohada ham, xususan izlanish, sarmoya qilish, ishlab chiqarish va iste'molda Xitoy allaqachon ildamlab ketgan. Pekin aslida bu sektorda jahon bo'ylab monopoliya o'rnatgan.

Qozog'iston, ekspertlarga ko'ra, mintaqada bunday resurslarga eng boy o'lka, jumladan krom moddasining eng yirik manbai. Uran rezervlariga kelganda esa jahonda ikkinchi o'rinda.

"Qolgan minerallar va noyob metallar bo'yicha ham Qozog'iston eng salmoqli xazinalarga ega",- deyiladi hisobotda.

Vashingtonda tahlilchilar Amerika hukumati va hamkorlarini Markaziy Osiyo bilan bu yo'nalishda yaqindan ishlashga chorlar ekan, rasmiylarning javobi shuki, harakatlar allaqachon avjida. Yillardan beri muloqotlar olib boriladi, AQSh muayyan loyiha va dasturlarni muhokama qilgan.

Amerika metal sanoati har qanday muhitga sarmoya qilish uchun shaffoflik va ishonchli tomonlar istaydi, deydi mutasaddilar. Biznes qilish uchun iroda qanchalik kuchli bo'lmasin, korrupsiya botqog'idagi mamlakatlarga kirish kutilganidan ham ko'proq balolarga yetaklashi mumkin. G'arb kompaniyalari yulg'ichlikka asoslangan tizimlardan ko'p pand yegan va mislsiz zarar ko'rgan.

Ekspertlar baribir potensial yuqori ekaniga urg'u berib, ta'kidlaydiki, Amerika Markaziy Osiyoni aynan halol biznes orqali ham qonun ustuvorligi tomon yetaklashi mumkin.

Atlantika kengashidan sobiq elchi Jon Xerbst fikricha, Vashington bu masalaga jiddiyroq yondashishi uchun fursat yetgan. Mintaqa ham bunga ochiq, deya kuzatadi u.

Yangi transport sistemalari va inshootlar zarur. Boylikni qazish uchun ilg'or texnologiya kerak.

Markaziy Osiyo respublikalari suveren va mustaqillikni mustahkamlamoqchi bo'lsa, yaqinidagi yirik davlatlarga tayanib qolmasligi, ularga bu jihatdan ham tobe bo'lib qolmasligi lozim. Jahon bozoridan muqim joy topish yo'llari bor, deyiladi hisobotda.

Qozog'iston dashtlari va tekisliklari, shuningek, qir va tog'lari - noyob moddalar makoni, deya tasvirlaydi olimlar.

Tyan-Shan tog'larining Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistonga tegishli qismlari hamda Tojikistonda Pomir tog'larida ham katta hajmda rezervlar borligi aniqlangan. Eng ko'p qayd etilgan moddalar: monazit, zirkon, apatit, ksenotim, piroklor, allanit va kolumbit.

Markaziy Osiyoning har bir respublikasida tadqiqotlar olib borilib, zaxiralar yuzasidan hozirgacha to'plangan ma'lumotlarni elakdan o'tkazish kerak, deya undamoqda mutaxassislar, chunki AQSh hukumati qo'lidagi material bu mamlakatlar hududining 20-30 foizini qoplaydi xolos.

Mintaqa hukumatlari hozirda geologiya sohasiga sarmoya qilib, uni rivojlantirishga urinmoqda. Tashqi yordam va xalqaro hamkorlik uchun ochiq, deya mulohaza yuritadi ekspertlar.

Rossiya azaldan mintaqa bilan bu borada sherik va o'zaro ma'lumot almashish yo'lga qo'yilgan.

Biroq, deydi G'arb tahlilchilari, manbalar eskirgan va hozirda yangi milliy va regional tizimlar ishlab chiqish kerak.

Sarmoya jalb etish oshkoralik ko'lamiga bog'liq. Moskva, Ostona, Toshkent, Bishkek, Dushanbe va Ashgabat noyob metallar va minerallar sohasi bilan bog'liq informatsiyani davlat siri deb belgilashga o'rgangan. Lekin global me'yorlar boshqacha. Odatlar yangilanmasa, sheriklar doirasi torligicha qolaveradi.

Yevropa davlatlari Xitoyga bu sanoatda tobe bo'lmaslik uchun muqobil hamkorlarni shakllantirish siyosatiga o'tgan. Markaziy Osiyoga bu jihatdan namuna bo'ladi oladi, deydi ekspertlar.

Xalqaro soliq va sarmoya markazi nazarida mintaqa bilan ko'proq ishlashga moyil tomonlar: AQSh, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya va ularning moliyaviy institutlari.

Mutaxassislar deydiki, Qozog'istonning uran bankiga o'xshash tizimlar har bir mamlakatni qazilma boyliklari bo'yicha kuchli dargohlarga ega bo'lishiga yetaklaydi. Qolaversa, deydi ular, mintaqaviy integratsiya bu jabhada ham umumiy bir organ oshichni, ma'lumot almashishni taqazo etadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG