Breaking News

Markaziy Osiyo Xitoy sarmoyasiga tayanar ekan, kelajak kimning qo'lida?


Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi yig'inida, iyun, 2019
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi yig'inida, iyun, 2019

Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy sarmoyasi uchun raqobatda. Qozog’iston rahbari Qosim-Jo’mart To’qayev Pekinda ikki tomonlama hamkorlikka doir qator bitimlar imzolar ekan, O’zbekiston mintaqada birinchilardan bo’lib Xitoy fuqarolari uchun vizali tartibni bekor qildi. Markaziy Osiyoning nisbatan kichik davlatlarida esa Xitoy kapitali allaqachon iqtisodiyotning asosiy tirgagiga aylangan.

Markaziy Osiyo Xitoyga yo'q deya oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:20 0:00
Yuklab oling

To’qayev 11- sentabr kuni Xitoy rahbari Si Zinpin bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida Qozog’iston va Xitoy hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan 10 oshiq kelishuv imzolangan.

12- sentabr kuni O’zbekiston mintaqada birinchilardan bo’lib, Xitoy fuqarolariga 2020-yilning 1-yanvaridan 7 kungacha vizasiz kelishga ruxsat berdi.

Qirg’iziston hukumatining 2019- yilga doir hisobotiga ko'ra, xorijdan kelayotgan investitsiyaning deyarli yarmi (46,2 foizi) Xitoydan.

Bu ko’rsatkich Tojikiston, O’zbekiston va Qozog’istonda ham muttasil o’sib bormoqda.

Xitoyning mintaqa bilan rivojlanib borayotgan aloqalari keskin geosiyosiy raqobatlardan xolidek. Xitoy siyosiy ta’sirga emas, asosan iqtisodiy ishtirokka urg’u bermoqda. Mintaqa davlatlarida ishlab chiqarish sanoatiga, qazilma boyliklar, energetika sohasiga millionlab mablag’ yotqizmoqda. Bu ayniqsa iqtisodiyoti nochor davlatlarga jiddiy yordam.

Aholisi 1,5 milliardga yaqinlashgan Xitoy qarshisida beshta davlatdan iborat 70 millionlik Markaziy Osiyo o’ta ojiz ko’rinadi.

Iqtisodiy ko’makka muhtoj mintaqada bu borada xavotirlar kuchaygan. Xitoy bilan yaqinlashib borayotgan hukumatlardan norozilik ham shunga yarasha.

Mintaqaning bir qismi bo'lgan Sharqiy Turkiston ayni Xitoy tasarrufida. Bu o’lkada uyg’urlardan tashqari qozoqlar, qirg’izlar va o’zbeklar ham yashaydi.

Xitoyning musulmonlarga, turkiy aholiga nisbatan keskin siyosati esa xalqaro miqyosda muhokama qilinayotgan masalalardan biri. Rivojlangan davlatlar, xalqaro huquq tashkilotlari Pekin musulmon aholini qayta tarbiyalash lagerlariga ommaviy joylashtirayotganini, musulmonlarga ko’rsatilayotgan zulmni qoralab chiqmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlari bu borada lom-mim demaydi. Qozog’iston va Qirg’iziston betaraf qolayotgan bo’lsa, O’zbekiston kabi davlatlar Xitoyning bu siyosatini olqishlab chiqmoqda.

Yaqinda Pekinga safar qilgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov muzokaralarda Toshkent Xitoyning Shinjon-uyg’ur muxtor o’lkasida ko'rayotgan choralarini quvvatlashini ma’lum qildi.

Xitoylashtirish siyosati davom etar ekan, deydi uyg'urlar, ular uchun o'lkada kelajak yo'q. Uni tark etayotganlar ko'p.

Sharqiy Turkiston musulmonlari Xitoyning Markaziy Osiyo bilan rivojlanib borayotgan aloqalarini sinchiklab kuzatib kelishadi, ammo ularning mintaqa hukumatlariga murojaatlari inobatga olinayotgani yo’q.

Xitoydagi zulmdan qochib chiqqan uyg’ur faollaridan biri Musa Abdulahad nafaqat Toshkent, balki butun O’zbekistondagi uyg’urlar ham Xitoydagi vaziyat yuzasidan fikr bildirishdan cho’chishiga diqqat qaratadi.

“Hatto O’zbekistondagi uyg’urlar o’z holicha bu borada biror narsa deyishga jur’at qilishmaydi, chunki ruxsat yo’q. Shuning uchun ular uyg’urlar masalasida biror talab ko’tarishni tasavvur qilish qiyin. O’zbekistonda o’zgarishlar bo’lyapti, umid qilamiz ehtimol bu sohada yangilik bo’lar, chunki o’zbeklar bilan uyg’urlar bir-biriga juda yaqin millat. Tarixda har iki xalq bitta davlat tarkibida bo’lib kelgan, millat ajratilmagan. Sharqiy Turkistonda o’zbeklar yetakchiligida mustaqil xonliklar bo’lgan. Xullas, tarixda ikki xalq bir makonda yashagan. Lekin hozirgi vaziyatga qaraganda O’zbekiston Xitoy bilan munosabatini buzishni istamaydi. Ammo biz o’zgarishlar qilayotgan O’zbekiston hukumatini Sharqiy Turkistondagi jazo lagerlarida saqlanayotgan uyg’urlar, o’zbeklar ozodligi uchun ham biror qadam qo’yishga chaqirishda davom etamiz”, - deydi Musa Abdulahad.

Uyg’ur faollar nazarida Xitoy sarmoyasiga suyanayotgan Markaziy Osiyo davlatlari tarixiy haqiqatni - Xitoyning Turkiston tuproqlariga bo’lgan hududiy e’tirozlarini yoddan chiqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG