Breaking News

BMT Tolibonga: Ayollarni ezishni bas qiling!


Pokistonda afg'on xotin-qizlar Tolibonga qarshi namoyishda
Pokistonda afg'on xotin-qizlar Tolibonga qarshi namoyishda

8-mart Xalqaro xotin-qizlar kunida BMT Tolibonni Afg'oniston xotin-qizlarining haq-huquqlarini ta'minlashga undadi. Bu kabi chaqiriqlar azaldan yangrab keladi, ammo toliblar pinagini buzmaydi.

Xotin-qizlarning bilim olib, ishlashi cheklangan. Ular erkin harakatlana olmaydi. Afg'oniston bilan xalqaro hamjamiyatning aloqalari uzilib qolgani bu jamiyatda ayollar ezilishi mumkinligini anglatmaydi, deydi BMTning bu davlat bo'yicha idorasi rahbari Roza Otunbayeva.

“Afg'onistonda xotin-qizlar uchun sharoit tobora og'irlashmoqda. Ular ataylab har bir jabhadan uzoqlashtirilgan, tuzum ularga sarmoya qilmaydi, ularga imkoniyat berilmaydi", - deydi Otunbayeva.

2021-yilda hokimiyatni egallaganidan beri Tolibon qizlarga faqat boshlang'ich sinflarda o'qishiga ruxsat bermoqda.

Mamlakat iqtisodiyotning deyarli uchdan bir qismi boy berilgan. Ishsizlik keng. Aholining qariyb 70 foizi yo'qsillik bilan yuzlashmoqda.

“Qizlar maktabga bora olmay qolgani har bir sohaga zarba beradigan omil", - deydi Kanni Vignaraja, BMT mutaxassisi.

“O'tgan yili Afg'onistonda bittayam qiz maktabni bitirmagan. Mamlakatda esa kadrlar kerak. Shifokorlar va muhandislar qayerdan chiqadi?"

Yegulik uchun navbatda turgan afg'on ayollari, Kobul
Yegulik uchun navbatda turgan afg'on ayollari, Kobul

12 million xotin-qiz Afg'onistonda insonparvarlik yordamiga muhtoj.

BMT nazarida, islomni ro'kach qilgan holda ayollarni ichkariga tiqish, ularga biror jihatdan erk bermaslik mamlakatni har yoqasiga yetaklamoqda.

Tolibonni dunyoning biror davlati tan olmagan. U bilan hamkorlik ham shunga yarasha.

Xotin-qizlar hayotini yaxshilash Tolibon hokimiyatini tan olish uchun asosiy shartlardan biri.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Kobul bilan muloqotni aslo kengaytirmaslik kerak, chunki uning harakatlari insoniy emas. O'z xalqini hurmat qilmaydigan to'da bu, deya qayd etadi "Human Rights Watch".

Tashkilot eksperti Xezer Barr deydiki, Tolibon bilan uchrashish, uning vakillarini qabul qilish, ularni biror tadbirga taklif etish - hammasi bu shafqatsiz harakatga kuch beradi va u haddidan oshaveradi.

Otunbayeva ta'kidlashicha, toliblar orasida xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qiluvchilar, ularning ahvolini tuzatishga undayotganlar bor. Biroq, deydi u, liderlar hamon bunga yo'l bermayapti.

Tolibonning oliy rahnamosi Hibatulla Oxunzoda bergan buyruqqa binoan xotin-qizlar jamoat joylarida ko'rinmasligi, o'qishga bormasligi, ishlamasligi, hatto sayohat qilmasligi kerak. Yonida erkak kishi bo'lmasa, ko'chaga chiqmasin, degan Oxunzoda.

Uning o'zi Qandahordagi idorada o'tiradi. Xalqaro hamjamiyat, deydi Oxunzoda, Afg'onistonning ichki ishlariga aralashmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG