Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afgʻoniston gʻarbida oʻtgan yil oktabr oyida sodir boʻlgan vayronakor zilzilalardan soʻng qahraton qish sharoitida oʻn minglab bolalar hayoti xavf ostida ekani haqida ogohlantirdi va xalqaro hamjamiyatni yordam miqdorini oshirishga chaqirdi.
BMTning Bolalar jamg'armasi UNICEF bu haqda dushanba kuni, qashshoq mamlakatning g'arbiy Hirot va uning atrofidagi viloyatlarida takroriy zilzilalar sodir bo'lganidan 100 kun o'tib ogohlantirdi.
Tolibon hukumati va yordam agentliklarining hisob-kitobiga ko‘ra, o‘tgan yilning oktabr oyida sodir bo‘lgan falokatda 1000 dan ortiq odam, birinchi navbatda, ayollar va bolalar halok bo‘lgan, 21,000 uy vayron bo‘lgan, son-sanoqsiz oilalar tirikchilik, chorva mollari va hosilidan ayrilgan.
“Uch oydan keyin ham Hirotdagi zilzilalar ta’siri davom etmoqda; ko‘plab oilalar sovuqqa qaramay, chodirlarda yashamoqda yoki ochiq havoda uxlayapti”, — dedi UNICEF vakili.
Afg‘onistonni, jumladan, zilziladan jabr ko‘rgan Hirot viloyatini qamrab olgan og‘ir qish qayta qurish ishlarini sekinlashtiruvchi qo’shimcha muammoga aylangan.
"Bolalar hali ham yo'qotish va jarohatlar domida qolmoqda. Maktablar va sog'liqni saqlash markazlari ta'mirlab bo'lmaydigan darajada shikastlangan yoki butunlay vayron bo'lgan", - dedi UNICEFning Afg’obiston bo’yicha rahbari Fran Ekuiza.
"Bu yetarli boʻlmaganidek, qish keskin tus oldi va havo harorati muzlashdan pastga tushdi. Uysiz bolalar va oilalar tunda hayot uchun xavfli sharoitlarda yashamoqda, vaqtinchalik boshpanalarini isitishning imkoni yoʻq", - deya qo’shimcha qildi Ekuiza.
UNICEFning ta'kidlashicha, favqulodda vaziyatlarga qarshi dastlabki choralar ko'rilganidan beri o’tgan 100 kun ichida chodirli sog'liqni saqlash muassasalari yuk tashish konteynerlaridan iborat doimiyroq tuzilmalarga aylantirilgan va minglab jabrlangan odamlar u yerda davolangan; ularning aksariyati ayollar va bolalardan iborat.
Agentlik Hirotdagi 19 000 ga yaqin aholiga toza suv tashishda davom etmoqda va oilalarga qishdan omon chiqish uchun asosiy ehtiyojlarini qondirishga yetadigan pul yordami tarqatishni rejalashtirmoqda. UNICEF bir necha ming bolalarga, ularning yarmini tashkil qiluvchi qizlarga asosiy ta'limni davom ettirishga yordam berish uchun o'nlab muassasalar yaratdi.
"Ammo minglab odamlar hali ham bizning yordamimizga muhtoj. Tiklanish uchun zarur bo'lgan xizmatlar taqdim etilmasa, UNICEF zilzilalardan jabrlangan 96 ming bolaning omon qolishidan xavotirda", - deya ogohlantirdi Ekuiza.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda “uzoqqa cho‘zilgan mojarolar, ekstremal iqlim shoklari va mamlakatdagi jiddiy iqtisodiy tanazzul tufayli” kamida 23 million kishi gumanitar yordamga muhtoj, ularning yarmi bolalardir.
2021-yil avgust oyida Tolibonning hokimiyatga qaytishi ortidan Qoʻshma Shtatlar boshchiligidagi Gʻarb davlatlari mamlakatga barcha gumanitar yordamni to’xtatdi va afgʻon bank sektorini izolyatsiya qildi. Bu jazo harakatlari yuqori ishsizlik va zaif rivojlanishga ega mamlakatda iqtisodiy inqirozlarni yanada kuchaytirdi.
Bundan tashqari, yordam xodimlarining aytishicha, Tolibon afg‘on ayollarining ta’lim olish va ishlash huquqini cheklab qo‘ygani butun mamlakat bo‘ylab gumanitar faoliyatga jiddiy putur yetkazgan.