Breaking News

Tolibon davrida ayollarni onlayn xo'rlash ham avjida


Hirot ko'chalarida, 14-noyabr, 2023
Hirot ko'chalarida, 14-noyabr, 2023

Britaniyada asoslangan inson huquqlari tashkiloti tahlilicha, Afg'oniston xotin-qizlari bugun nafaqat real hayotda balki internet orqali ham xo'rlanmoqda.

"Afg'on guvoh" (Afghan Witness) deb nomlangan loyihada mutaxassislar global tarmoqda afg'on ayollariga nisbatan haqorat ko'lami 217 foiz oshganini kuzatgan. 2021-yilning iyun-dekabr oralig'i va 2022-yilning xuddi shu davri elakdan o'tkazilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol va afg'onlar orasida o'ziga xos nufuzga ega ayollarga nisbatan munosabat o'rganilgan. Dari va pushtu tillarda yozilgan postlarning 78 mingtasi qayd etilgan paytda 100 ga yaqin ayol siyosatchiga qaratilgan. Ularda bu shaxslarga tahdidlar qilingan, ularning sha'ni va nomusiga nisbatan haqoratlar yog'ilgan, ruhiyatiga salbiy ta'sir qiluvchi so'zlar yozilgan.

Mozori-Sharifda ilm olish imkoniyatini talab qilib namoyish qilayotgan ayollar, 12-avgust, 2023
Mozori-Sharifda ilm olish imkoniyatini talab qilib namoyish qilayotgan ayollar, 12-avgust, 2023

Onlayn nafrat, deydi ekspertlar, bu xotin-qizlarga jismonan hamla qilishga undagan. Ularga jinsiy tajovuz va o'lim ehtimoli haqida ogohlantirishlar bo'lgan. Va bu do'q-po'pisa tinimsiz ravishda turli shakllarda kelgan.

"Ijtimoiy tarmoqlardagi nafrat real hayotdagi nafratdan farq qilmaydi", - deydi tahdid ostidagi ayol siyosatchilardan biri.

Tolibon bunday masalalarga e'tibor qaratmaydi va biror bayonot ham qilmagan.

Postlarda afg'onlar ayollarni asosan ahloqiy buzuqlikda, madaniy va diniy me'yorlarga bosh egmaganlikda, G'arbga ergashganlikda va vatanini sotganlikda ayblaydi.

O'rganilgan ochiq qaydlarning 60 foizidan ortig'ida xotin-qizlar "jalab" yoki "fohisha" deb atalgan va boshqalar ularga jo'r bo'lgan.

Kobul ko'chalarida, 25-iyul, 2023
Kobul ko'chalarida, 25-iyul, 2023

"Tolibon hokimiyatga kelguniga qadar ijtimoiy tarmoqlar afg'onlar fikr almashadigan joylar edi. Hozirga kelib, ular xotin-qizlarni ezish, kamsitish va noinsoniy munosabatda bo'lishni targ'ib qiluvchi minbarlarga aylangan", - deydi Franseska Jentil, tadqiqot yetakchisi.

Tolibon davrida qizlarning bilim olishi, ayollarning ishlashi va biror sohada faol bo'lishi cheklangan. Haqoratchilar va nafrat urug'ini sochayotganlar aksariyat hollarda turli idora va muassasalarning vakillari ekanini yashirmaydi.

"Hukumat xotin-qizlarni to'laqonli inson deb hisoblamas ekan, internetda o'tirganlar uchun ularni haqoratlash, o'z fikrini bildirgan ayolni oyoqosti qilish normal holatdek ko'rinmoqda", - deydi Jentil.

Natija shuki, deydi ekspertlar, afg'on ayollari global tarmoqdan bezib, ijtimoiy platformalardan chiqib ketmoqda.

Afg'oniston jamiyati shu tariqa internetda ham izolyatsiyada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG