Breaking News

Minglab afg'onlar AQShdan boshpana so'ramoqda


Afg'onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri yuzlab ming fuqaro mamlakatni tark etgan. Qochqinlar doimiy boshpana olishga qiynalmoqda, jumladan AQShda.
Afg'onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri yuzlab ming fuqaro mamlakatni tark etgan. Qochqinlar doimiy boshpana olishga qiynalmoqda, jumladan AQShda.

O'tgan ikki yilda Afg'oniston pasportiga ega qariyb 19 ming odam AQShdan boshpana so'ragan. Vaqtincha qolish uchun 72 mingdan oshiq afg'onga ruxsat berilgan. Kelajak mavhum.

2013-2021 yillarda bu davlatdan boshpana olgan afg'onlar soni 1000 nafarga ham yetmaydi.

Afg'onistonda Tolibon hokimiyatga kelganida, 2021-yilning avgustida yuzlab ming fuqaro mamlakatni tark etgan. Amerika tomonidan evakuatsiya qilinganlar soni 124 mingdan oshadi.

Bu odamlar oldin Qatar, Germaniya va boshqa davlatlarda ko'rikdan o'tib, keyin AQShga kelgan.

Vaqtincha yashashga ruxsat olganlar uchun muddat bitmoqda, oxirgi kun shu yilning 20-noyabri.

Ichki xavfsizlik vazirligi uni 2025-yilning may oyigacha cho'zayotganini bildirgan.

Vazirlikning "Amerika Ovozi"ga tasdiqlashicha, har bir shaxsning ishi qayta ko'rib chiqilib, yangi muddatga loyiq topilganlargina qoladi.

Kongress AQShga xizmat qilgan afg'onlarga doimiy yashashi uchun yo'l ochuvchi qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda, ammo uning kelajagi noma'lum.

"Bayden ma'muriyati taklif ma'qullanishini istaydi va qonunchilarni uzoqni ko'zlab, bu insonlarga immigratsiya imkonini beruvchi hujjatni tasdiqlashga undab kelmoqda", - deyiladi vazirlik bayonotida.

Demokratlar va respublikachilar afg'onlar dardini tushunishini aytadi, ammo kirib kelganlarning hammasi ham yaxshi tekshirilmagan va ayrimlari radikal ruhdagi insonlar bo'lishi mumkin, degan xavotir va shubha bor.

Amerikadan boshpana so'rayotganlar ko'pligi sabab afg'onlarning arizalari ham uzoq vaqt olayapti, deydi rasmiylar.

Nohukumat tashkilotlar ham immigratsiya tizimi sekin ishlashini eslatadi.

"Bu masalalarni ko'rib chiqadigan sudlarimiz oldida yuzlab ming ishlar turibdi. Ko'pi aynan boshpana uchun murojaatlar", - deydi Lorens Benenson, Milliy immigratsiya forumi vakili.

Pokistondan haydalayotgan afg'on qochqinlar, 30-oktabr, 2023
Pokistondan haydalayotgan afg'on qochqinlar, 30-oktabr, 2023

Boshpana so'raganlar javobni besh yilgacha ham olmasligi mumkin, deydi u.

O'tgan yili 1, 438 afg'on bu huquqni qo'lga kiritgan. 2021-yilda 96, 2020-yilda esa 37 afg'on boshpana olgan.

Afg'on qochqinlarning hammasi ham hayoti xavf ostida ekanini isbotlash uchun zarur dalillarga ega emas. Tolibon zulmidan qocharkan, ular zarur hujjatlarni ololmagan, boshqa zaruratlar ortda qolgan.

"Taqdirimiz qachon hal bo'ladi, bilmaymiz. Kutayapmiz", - deydi Qays Ahmad, Kobuldan 2021-yilda rafiqasi va to'rt farzandi bilan evakuatsiya qilingan afg'on.

Kongress qay shartlar asosida afg'onlarni qabul qilishga ruxsat berishi mumkin?

"Hozircha bilmaymiz", - deydi Daniel Salazar, AQSh Qochqinlar va immigrantlar qo'mitasi eksperti.

"Afg'onlar bir toifadagi odamlar emas va ularning har biri uchun qonun qanday sharoit va imkoniyat taklif qiladi, noaniq. Hujjat qabul qilinsa ham federal agentliklar uni qanday amalga oshiradi, buni ham ko'rishimiz kerak".

Iroq va Afg'onistonda AQSh qurolli kuchlariga ishlagan mahalliy fuqarolar uchun ham maxsus immigratsion viza bor, ammo minglab afg'onlar no-harbiy tashkilotlarda mehnat qilgan. Shunday ekan, ularning ishini yanada murakkab.

XS
SM
MD
LG