Breaking News

Tolibon ko'knor yetishtirishni cheklagan


Tolibon Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid Kobulda matbuot anjumanida, 31-dekabr, 2023
Tolibon Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid Kobulda matbuot anjumanida, 31-dekabr, 2023

Afg'onistonning tan olinmagan hukumatiga ko'ra, bugungi kunda mamlakatda qoradori yetishtirish va uning savdosi cheklangan.

Tolibonning Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohidning bayon qilishicha, shu kungacha 4472 tonna narkotik yo'q qilingan. 8300 ga yaqin kishi qoradori ishlab chiqarish bilan bog'liq harakatlarda ayblanib, qamoqda. 13 904 gektar ko'knor dalasi buzib tashlangan.

“Qoradori kontrabandasi 99 foiz bartaraf qilindi", - deydi Muhojid.

Vazir - Tolibon rahnamosi Muhammad Mulla Umarning o'g'li.

AQSh va BMT aniqlashicha, Tolibon davrida Afg'onistonda ko'knor hosili misli ko'rilmagan miqyosda kamaygan. Endilikda bu mamlakat "yetakchi qoradori manbai" emas. Uning o'rnini Myanma egallagan. BMTning 2023-yilgi hisoboti bu o'zgarishni qayd etadi.

Qariyb 20 yil mobaynida G'arb qanchalik mablag' sarflab, chora ko'rmasin, qoradoriga qarshi kurash samara bermagan edi.

Narkotik moddalar, xususan afyun asosining 80 foizidan ortig'i shu mamlakatdan chiqar edi. Afyun geroin kabi o'ta kuchli vositani ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Qashshoqlikdan to'ygan dehqonlar uchun orqaga qaytish oson, deydi mutaxassislar, qishloq aholisi juda nochor.

AQSh Davlat departamentiga ko'ra, Afg'onistonda 400 mingdan oshiq xonadonning tirikchiligi yaqingacha afyun yetishtirish bilan bog'liq bo'lgan.

Xavotir shuki, oldida boshqa imkoniyat ko'rmagan odamlar yana ko'knor eka boshlashi mumkin, cheklovlarga qaramay.

BMT Qoradoriga qarshi kurash idorasi hisobicha, ko'knor xo'jaliklaridan Afg'oniston yiliga kamida 1 milliard dollar daromad olgan. 2023-yilda afyun savdosi taxminan 110 million dollarni tashkil etgan. 2022-yilda bu ko'rsatkich 1,36 milliard dollar edi.

Voshir tumani, Hilmand viloyati, Afg'oniston janubi, 29-may, 2022
Voshir tumani, Hilmand viloyati, Afg'oniston janubi, 29-may, 2022

Tolibon choralari yetmaydi, deydi mutaxassislar, muqobil ekinlarni targ'ib qilish kerak, aholiga ko'mak zarur. Aks holda hozirgi iqtisodiy beqarorlik yana qurolli mojarolarni avj oldiradi.

“Oldin yetishtirilgan afyun hamon omborxonalarda yotgani uchun ham cheklovlarning oqibatlari hozircha sezilmayotgandir, ammo kichik fermerlar va ekinzorlarda ishlaydigan odamlar qiynalayotgani aniq", - deydi Vilyam Berd, AQSh Tinchlik instituti tadqiqotchisi.

Narkotiklardan tushgan daromad toliblar, terroristlar va uyushgan jinoyatchilarning asosiy tayanchlaridan biri bo'lib kelgan.

2003-2021 yillar orasida Amerika qoradori sanoatini yo'q qilish uchun 9 milliard dollar sarflagan.

2021-yilning avgustida Tolibon hukumatni egallagach, Bayden ma'muriyati yordamni to'xtatdi va qolgan dasturlar BMT tomonidan davom ettirildi yoki yopildi.

Ko'knor o'rniga ekish tavsiya qilinib, dehqonlar astalik bilan o'rgana boshlagan sabzavot va mevalarni yetishtirish ko'mak susaygani bois kamaydi.

Vashington rasmiylari deydiki, Tolibon bilan bevosita aloqa qilinmasa-da, qoradori masalasida til topishish uchun harakatlar to'xtamagan.

Lekin sansiyalar ostidagi toliblar bilan biror yo'nalishda effektiv hamkorlik qilish qiyin. Tolibon Mudofaa vaziri Mujohid esa esa bundan afsusda.

“Bizga ko'maklashishi mumkin bo'lgan davlatlar va tashkilotlar bor. Ularda ko'knor o'rniga boshqa ekinlarga o'tishimiz uchun zarur resurs va mablag' bor, ammo madad ko'rsatishmayapti", - deydi afg'on rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG