Afg’onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarish bu yil rekord darajaga yetgan. Narkotiklarga qarshi kurash uchun ajratilgan mablag’ qayga ketdi? Harakatlar nega samara bermadi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Qoradori va jinoyatchilikka qarshi kurash idorasiga ko’ra, joriy yilda Afg’onistonda ko’knor yetishtirish eng baland darajada: 2013-yilga qaraganda 17 foizga ko’proq. Bu esa 6400 tonna narkotik modda degani. Dunyoda geroinning 90 foizi aynan shu mamlakatdan chiqadi.
Kobuldagi matbuot anjumanida BMT rasmiylarining aytishicha, bunday raqamlar giyohvandlikka qarshi kurash samarasiz ekanidan dalolatdir.
BMT agentligining mintaqa bo’yicha vakili Andrey Avetisyan Afg’oniston hukumati bilan birgalikda narkotiklarga qarshi kurashning muvaffaqiyatliroq yo’llarini topish kerakligiga urg’u berdi.
“Muammoga qarshi jiddiy kurashsiz iqtisodda muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi. Afg’oniston taraqqiyoti uchun, bu davlatda iqtisodiy o’sishni ta’minlash uchun narkotiklar tahdidiga bir yoqadan bosh chiqarib zarba berishimiz kerak. Bu tashvishlanarli izlanish natijasida narkotiklarga qarshi kurashda yangi yondashuv zarurligi ayon bo’ldi”, - deydi u.
Avetisyanning ta’kidlashicha, afg’on hukumati bu masalada siyosiy iroda namoyish etishi lozim. Afg’oniston rahbariyati muammo dolzarbligini yaxshi tushunayotganidan BMT mamnun, deydi tashkilot vakili.
“Afg’onistonning yangi rahbariyati noqonuniy iqtisod, shu jumladan, narkotiklar yangi hukumatning mamlakat taraqqiyotiga oid rejalari uchun jiddiy tahdid ekanini yaxshi tushunadi. Shunday ekan, bu illatga qarshi kurashda mushtarak harakatlar zarurligi ham ayon”, - deydi Avetisyan.
BMT hisobotiga ko’ra, ko’knor ekilgan yerlar o’tgan yilga qaraganda bu yil yetti foizga ko’paygan. Ulardan 89 foizi Tolibon faol bo’lgan to’qqizta viloyatda joylashgan. Aynan giyohvand moddalardan olinayotgan daromad jangarilarga faoliyatni davom ettirish imkonini bermoqda.
Afg’onistonning Narkotiklarga qarshi ishlar vaziri Din Muhammad Rashidiy prezidentlik saylovlarining cho’zilgani ko’knor ekishning jadallashganiga hissa qo’shdi, deydi.
Vazirlikning ko’knor ekilgan dalalarni yo’q qilishga qaratilgan ishlariga politsiya jalb etilmadi, chunki xavfsizlik kuchlari saylovlar xavfsizligini ta’minlash bilan band edi, deydi rasmiy.
AQSh so’nggi 10 yilda Afg’onistonda giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi kurash uchun 8 milliard dollar sarflagan. Dastur doirasida mahalliy dehqonlar boshqa turdagi mahsulot yetishtirishga rag’batlantirildi. Biroq ko’knor eng daromadli ekin bo’lgani hamda Tolibon va jinoiy guruhlar aholining giyohvand moddalar yetishtirishini qo’llab-quvvatlashi sababli bunday yondashuv natija bermayapti, deydi kuzatuvchilar. Xalqaro qo’shinlar mamlakatdan olib chiqilsa, ko’knor ekish yanada ko’payishi taxmin qilinmoqda.