16 yildan beri Afg'onistonda tinchlikka erishishga harakat qilayotgan AQSh bugunga kelib ham muvaffaqiyat da'vo qilolmaydi. Vaziyatni ko'rib chiqqan maxsus inspektor idorasi shunday xulosa qilmoqda.
Hozirda u yerda 11 ming qo'shinga ega Amerika misli ko'rilmagan darajada o'q-dori ishlatib ham jangarilarni qonli xurujlardan to'xtata olmayapti.
Maxsus operatsiyalar davom etmoqda. Mahalliy qo'shinlar treningdan o'tkazilmoqda. Iqtisod va bosha sohalarda yordam davom etmoqda.
Qoradori savdosiga qarshi 8,7 milliard dollar sarflangan, lekin afyun ishlab chiqarish o'tgan yili 87 foiz, yetishtirish esa 63 foizga oshgan.
AQSh va Afg'oniston mineral zaxiralarini qazish borasida real rejaga ega emas. Vaholanki, aynan shu yo'nalishda daromad katta bo'ladi deb kutilgan edi. Iqtisodiy vaziyat tang. Milliy byudjet 6,5 milliard dollarga teng. Amerika ko'magiga qaramasdan rivojlanish barcha jabhalarda sust.
2017-yilning oktabridagi manzaraga ko'ra, Tolibon mamlakatdagi tumanlarning 14 foizini bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan.
Hukumat toliblar egallab olgan tumanlarga o'z kuchini o'tkaza olmayapti. Faroh viloyati, masalan, janubi-g'arbdagi jangari o'chog'iga aylanish arafasida. Taxminan, 6000 tolib hozir u yerda harakatda.
Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, aksariyat afg'onlar toliblar va hukumat murosa qilishi kerak degan fikrda.
Respondentlarning 16 foizi Tolibon tomonida ekanini aytgan.
Jurnalistlarga qilingan 167 qonli hujumdan 40 foizida jangarilar ayblangan, 37 foizida esa hukumat.
Deyarli har hafta qayerdadir qurolli xuruj, o'nlab odamlar halok bo'ladi. Maktablar va boshqa ilm dargohlari, davlat idoralari, jamoat joylari, xususan bozorlar va savdo markazlari nishonda.
Ularning aksariyatida Tolibon yoki "Islomiy davlat" gumon qilinadi va ko'p hollarda ular bu ishlarni o'zlari tan oladi.
Facebook Forum