2020-yilning bahorida Jazel Smit yuqori sinf bitiruvchisi edi. U bitiruv kechasi uchun tayyorlagan nutqini intiqlik bilan kutar ekan, COVID-19 pandemiyasi barcha rejalarini barbod qildi.
“Men ham bitiruv yilidagi, ham ilk talabalik davridagi tuyg’ularning barchasidan mahrum bo’ldim, – deydi 21 yoshli baltimorlik Smit. Na bitiruv kechasi, na ilk talabalik quvonchi, na o’qish hayoti va na talabalar yotoqxonasi - hech birini his qila olmadim”.
Smit 1997 va 2012-yillar orasida tug’ilgan, 11 yoshdan 26 yoshgacha bo’lgan yoshlarni o’z ichiga oluvchi “Gen Z” avlodining vakili hisoblanadi. Sotsiolog Pamela Aronsonning aytishicha, bu avlod vakillari juda ko’p qiyinchiliklarni boshdan kechirdi.
“Bu yoshlar pandemiya o’z cho’qqisiga chiqqan davrda balog’atga yetgan. Va aynan ular moliyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy yetishmovchiliklarni boshdan o’tkazishyapti, - deydi Dierborn-Michigan universiteti professori Aronson. - Bu kabi yetishmovchiliklar Z avlodi dunyoqarashining shakllanishiga, o’ziga nisbatan ishonchsizlik bilan qarashiga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmadi”, - deydi u.
Katta avlod vakillari Z avlodi haqida ijobiy fikrda emas. Yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, ish beruvchilarning 40 foizi Z avlodi vakillariga ish berishni xohlamaydi, chunki ularni ishga layoqatli emas deb hisoblashadi. Boshqa bir so’rov natijalari esa bu yoshlar muvaffaqiyatga ota-onalariga nisbatan qiyinroq erishayotganini ko’rsatgan.
“Men yoshligimdagidek optimist emasman”, - deydi 21 yoshli Jazel Smit.
Virjiniyada texnologiya konsultanti bo’lib ishlovchi 22 yoshli Gabbi DeAbre Z avlodi ishchilari “nozik”, layoqatsiz degan tushunchaga qo’shilmaydi.
”Men bizning avlod haqidagi bu fikrlarni inkor etaman, o’z ishimda professionalligimni ko’rsatib, bu fikr noto’gri ekanligini isbotlashga harakat qilaman”, - deydi u.
Professor Aronson kabi u ham Z avlodi katta hayotga qadam qo’yish jarayonida oldingi avlodlarga qaraganda ko’proq muammolarga duch kelyapti, deb o’ylaydi.
“Katta hayotga o’tish jarayonida ikki avlod o’rtasida tengsizliklarni kuzatish mumkin. Bugungi kunda madaniyat va me’yorlarda bir qancha o’zgarishlar bo’lyapti. Iqlim o’zgarishi, urushlar, maktablardagi tez-tez otishmalar, pulning juda tez qadrsizlanayotgani bunga juda katta ta’sir ko’rsatayapti. Shunday qilib, men Z avlodini “nozik” deb emas, balki ular boshqa avlodlarga nisbatan ko’proq to’siqlarga uchrayapti va ularga kam yordam berilyapti deb o’ylayman”, - deya ta’kidlaydi u.
Masalan, urushdan qaytgan amerikaliklarga kollejdagi ta’lim xarajatlarini qoplash uchun imkoniyatlar beriladi, biroq bu imkoniyat Smitda yo’q.
“Men maktabni iqtisodiy qiyinchiliklar sababli bitira olmadim”, - deydi 21 yoshli yigit. Hozirda u o’rmon xo’jaligida texnik xodim bo’lib ishlaydi, Baltimorda daraxtlar o’stirish bilan shug’ullanadi.
“Bizga “o’z taqdiringga o’zing egasan, o’z kelajagingni o’zing boshqarasan”, deb uqtirishadi, lekin unday emas. Hozirda hech kim nazorat qilolmaydigan o’zgarishlar bo’lmoqda, bu o’z navbatida bizning kelajagimizga ham ta’sir qilyapti”, - deydi Smit.
Qiyinchililarga qaramay, Smit moliyaviy barqarorlikka erishishga va 10 yildan keyin o’zining ko’chmas mulkiga ega bo’lishiga umid qiladi. So’nggi tadqiqotlar esa, Smitdagi bu optimistik ruhiyat uning tengdoshlarida ham kuzatilayotganidan xabar beradi. Ularning kelajakdan umidlari katta.
“Z avlodi vakillari hozirgi dunyo haqida pessimistik ruhiyatida. Ular oldingi avlodlarga nisbatan ko’proq qiyin voqealarni boshdan kechirishdi va dunyoga ishonchsizlik bilan qarashadi”, - deydi yoshlarni o’rganishga ixtisoslashgan “Generation Lab” kompaniyasi bosh direktori Martin Mirramezani.
“Paradoks shundaki, ular dunyoga salbiy tarafdan qarashadi, lekin o’z hayotlariga ijobiy yondashishadi, kelajakdagi tasavvurlari pozitiv ruhda”, - deydi u.
DeAbreni iqlimdagi o’zgarishlar, iste’molning haddan tashqari ko’payishi, ayollarning haq-huquqlari, prezident saylovidagi cheklovlar juda tashvishga soladi, lekin u ruhiyatini tushirmaydi.
“Agar men vaziyatni baholay olganimda, 10 balldan 8 ball bergan bo’lar edim, bu mening optimistlik ruhiyatimdan dalolat. To’grisi, men ota-onamdan ham ko’proq natijaga erishishimga ishonaman”.
“Meni noaniqlik juda tashvishlantiradi, lekin umumiy olib qaraganda men optimistman”, deydi 22 yoshli Gabbi DeAbre (chapdan birinchi).
Mirramezanining aytishicha, Z avlodi vakillarini sog’liqni saqlash, reproduktiv huquqlar, iqlim o’zgarishi, iqtisodiy muammolar ko’proq o’ylantiryapti.
“Biz iqlim o’zgarishining ayanchli oqibatlariga guvoh bo’lyapmiz. COVID pandemiyasini boshdan o’tkazdik, endilikda esa sun’iy intellekt vaziyatni tubdan o’zgartirmoqda. Demak, bu avlod vakillari doimiy o’zgarishlarga duchor bo’lyapti”, - deydi u. “O’ylaymanki, yoshlarning bu kabi tezkor o’zgarishlarga moslasha olayotgani, ularning kuchli salohiyatidan dalolat beradi”.
Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasining 2023-yilgi “Amerikadagi stress” hisobotida aniqlanishicha, Z avlodi vakillarining stressga duchor bo’lish darajasi katta avlod vakillariga qaraganda yuqori. Klinik psixolog Lin Bufkaning aytishicha, hozirgi yoshlar o’z hissiyotlarini oldingi avlod vakillariga nisbatan tezroq va ochiqroq ifodalay oladi.
“Insonlar o’z ruhiy holatini, hissiyotlarini til orqali ifodalay oladi, lekin biz hissiyotlarimiz haqida doim ham gapirmaymiz, - deydi Bufka. - Ammo mazkur alohida guruh vakillari haqida so’zlar ekanmiz, ularga pandemiyaning ta’sirini unutmasligimiz lozim”.
Bufkaning ta’kidlashicha, pandemiya Z avlodi vakillarini ota-onalari – katta avlod vakillari bilan bir uyda qamalib o’tirishga majbur qildi. Vaholanki, ular bu vaqtda o’zlari oiladan mustaqil do’stlari bilan yashashlari, o’z hissiyotlarini o’zlari bohqarishni o’rganishlari kerak edi.
“Pandemiya davrida yoshlar mustaqilligi bo’g’ilgani sababli, ular ongining mustaqil rivojlanishi ham ortga surildi”, - deydi u.
Pandemiya cheklovlari DeAbrening ilk kollej yillarida sodir bo’ldi.
”Pandemiya boshlanganida men ota-onamdan alohida yashayotgan, mustaqillik shamolidan nafas olayotgan va o’zimni ijtimoiy holatimni rivojlantirayotgan edim, bu men uchun katta hodisa edi. Ammo pandemiya cheklovlari meni yana orqaga qaytargandek bo’ldi”, - deydi u.
COVID-19 bilan bog’liq cheklovlar millionlab yuqori sinf bitiruvchilaning umidlarini puchga chiqardi, ularni bitiruv marosimlari va bitiruv kechalarini nishonlashdek orzulardan mahrum qildi.
Aronsonning so’zlariga ko’ra, Z avlodi yoshlari o’zlarini xuddi muammolar olamiga tashlab qo’yilgandek his qilishadi.
“Ularning fikricha, pandemiya davrida kattalar yoshlarga munosib yetakchilik qilolmadi. Ular iqlimdagi o’zgaririshlarga befarqdek. Iqlim muammolari, maktablardagi qurolli zo’ravonliklar barchasi yoshlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatayotganini tushunmayotgandek”, - deydi u.
Aronsonnig ta’kidlashicha, maktablarda va ish joylarida kattalar maxsus yetakchilik dasturlari bilan yoshlarga yordam bersa, Z avlodi vakillari hozirgi muammolarga tezroq yechim topishadi. U shuningdek, kompaniyalarga ishga kelgan yoshlarni tayyorlash davomida mukammal texnik bilimlar bilan birga, jamoaviy ishlash kabi oddiy ko’nikmalarga ham tayyorlashni taklif qiladi.
Z avlodining katta avloddan yana bir farqi – ijtimoiy tarmoqlarning o’ta rivojlanganligidir. Bugun turli onlayn platformalar har qanday masofani yaqin qila oladi.
“Hozirgi davrda yangiliklarning yetib kelish tezligi o’tmishdan farq qiladi va bu insonlar ongiga, ruhiyatiga katta ta’sir o’tkazyapti, - deydi Mirramezani. - Yoshlar dunyoda ro’y berayotgan muhim voqealarni ko’rishyapti, eshitishyapti va ko’ngillariga juda yaqin olishyapti”.
Ijtimoiy tarmoqlar ham yoshlar ongiga yetarlicha bosim o’tkazyapti. Yoshlar u yerda ko’rayotgan voqeliklarni hazm qilishlari biroz qiyin kechyapti.
“Ijtimoiy tarmoq bu bir maydon. Uning o’z me’yorlari bor, - deydi Smit. - Faqat bu katta avlod vakillari me’yorlaridan farq qiladi”