Breaking News

AQShda saylov xavfsizligi qanday ta'minlanadi?


AQShda saylov xavfsizligi qanday ta’minlanadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Amerikaliklar shu yil noyabrda davlat rahbari uchun ovoz beradi. Federal, shtat va mahalliy organlar xavfsizlik choralarini mustahkamlash, ko’ngilli xizmatchilarni treningdan o’tkazish bilan band.

Rasmiylarining Kongress huzurida aytishicha, saylov adolatli va xavfsiz o’tadi. Hukumatning turli bo’g’inlari hozirdan chora-tadbirlar ko’ra boshlagan.

“Kiber tahdidlar, jismoniy tahdidlar, operatsion xavf va xorijiy aralashuvdan himoya qilamiz. Bizda saylov infratuzilmasi markazlashtirilmagani qo’l keladi. Jarayon 8800 alohida yurisdiksiyalar tomonidan, mahalliy organlar tomonidan boshqarilishi tizimga kuch beradi”, - deydi AQSh Kiberxavfsizlik agentligi rahbari Jen Isterli.

Virjiniya shtati Aleksandriya shahrida, masalan, byulleten skanerlari internetga ulanmagan. Demak, xakerlar bu mashinalarga ta’sir ko’rsata olmaydi.

“Bundan tashqari, skanerlar to’g’ri ishlayotganiga ishonch hosil qilish uchun ovoz berish oldidan ularni sinovdan o’tkazamiz”, - deydi Aleksandriya shahri rasmiysi Enji Terner.

Jarayon shaffofligini ta’minlash uchun Aleksandriyada 500 nafargacha saylov uchastkalari xodimlari treningdan o’tkazilmoqda. Ular ovoz berish bo’yicha talablarni, skanerlarni qanday ishlatishni, shuningdek, uchastkada berilgan ovozlarni qanday sanashni o’rganadi.

“Qancha odam ovoz berishga keldi va qancha byulleten skanerdan o’tdi? Bu ishlarni kun davomida har xil odam bajaradi, sanaydi, kuzatadi. Ertalab boshqa, kunduzi boshqa ish qilasiz. Boshqalar bilan til biriktirib, qandaydir qora ishlarni qilishga imkon yo’q”, - deydi saylov uchastkasi xodimi Juli Podolskiy.

Mamlakatda siyosiy bo’linishlar kuchayib, tahdidlar oshar ekan, Mark Dayer kabi saylov uchastklari xodimlari keskinlikni yumshatish metodlarini ham o’rganadi.

“Kamdan-kam hollarda janjalkash, asabi buzuq saylovchilar uchraydi. Uchastkada ishlash aksar holatlarda juda maroqli”, - deydi Dayer.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlarga ko’ra, noyabrdagi saylov muammosiz o’tishi kerak.

“Amerika saylov tizimi har tomondan mustahkam. Nazoratchilar ko’p. G’animlarimizga bu yoqmaydi. Ularga yumshoq, zaif nishonlar kerak. Shuning uchun saylovda biror jiddiy muammo bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi axborot xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Anton Dabura.

Saylovchilar bilishi kerak bo’lgan yana bir tahdid bor, deydi mutaxassislar.

“Ovoz berish tizimi qanday ishlashi haqida yolg’on ma’lumotlar tarqatilmoqda. Demokratik sistemaga ishonchni susaytirish uchun. Nazarimda, kattaroq xavotir shu bilan bog’liq”, - deydi saylov xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Suzanna Gudman.

Saylovchilardan hushyor bo’lish, saylov uchastkalarida ko’ngilli yoki kuzatuvchi bo’lib ishlash, agar jarayon haqida savollar bo’lsa, to’g’ridan-to’g’ri mahalliy saylov uchastklariga murojaat qilish so’ralmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG