Breaking News

Netanyaxu qaysi yo’lni tanlaydi?


AQSh XAMASni sulh bo’yicha yangi taklifni qabul qilishga undayotgan bir paytda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hukumatiga kirgan ultra millatchi siyosatchilar undan sulh rejasidan voz kechishni talab qilmoqda, Netanyaxu ularning talabiga quloq solmagan va Rafahga qo’shin kiritsh rejasidan qaytgan taqdirda koalitsion hukumatdan chiqishi haqida do’q-po’pisa qilishmoqda.

Xalqaro hayot - 30-aprel, 2024-yil - Netanyaxuga bosim, Nigerdan haydalish, "Microsoft" sarmoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:19 0:00

Rafah Misr bilan chegarada joylashgan bo’lib, Isroil ma’lumotiga ko’ra, XAMASning to’rtta batalyoni hozir o’sha yerda yashiringan. Isroil Rafahga qochgan salkam bir million falastinlikni evakuatsiya qilishi ketidan shaharga qo’shin kiritmoqchi.

Agar taraflar sulhga kelishsa, Isroil Rafah amaliyotidan voz kechishga majbur bo’ladi, XAMAS garovga olingan isroilliklarning ba’zilarini qo’yib yuborishi, Isroil ham o’z qamoqxonalaridagi falastinliklarni ozod etishi kerak bo’ladi.

Isroil Moliya vaziri Bezalel Smotrich hamda Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bayonot chiqarib, Netanyaxuni Rafah amaliyotidan voz kechmaslikka chaqirdi.

Sobiq mudofaa vaziri, Netanyaxuning urush mahkamasiga kirgan Benni Gans XAMAS garovidagi odamlarni ozod etish Rafah amaliyotidan muhimroq ekanini aytdi.

Netanyaxu Smotrich va Ben-Gvir rahbarligidagi siyosiy partiyalardan parlamentga saylangan 13 ta deputat hisobiga 120 a’zolik Knessetda 64 ta o’rinni nazorat qilmoqda. Ular koalitsiyani tark etsa, hukumat ham tarqaladi.

Shunday bo’lgan taqdirda, bosh vazir sentrist partiyalar bilan ittifoq tuzishga yoki yangi saylovga yuz tutishga majbur bo’ladi. Biroq bu gal Netanyaxu jiddiy mag’lub bo’lishi mumkin.

7-oktabrdan beri o’tkazilgan bir nechta ijtimoiy so’rov natijalari Netanyaxuning reytingi tushib borayotganini ko’rsatadi.

Netanyaxu korrupsiya bilan bog’liq ayblov bilan sudlanayotganini ham ta’kidlash zarur. XAMASga qarshi amaliyot uning javobgarlikka tortilishini kechiktirmoqda.

XAMAS qo’lida G’azoda 130 ga yaqin isroillik ushlab turilgani aytiladi.

Bu o’rtada Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri va yana bir necha rasmiysini hibsga olishni buyurishi kutilmoqda. Sud Isroil va XAMAS o’rtasida 2014-yilda bo’lgan urush paytida har ikki tarafdan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uchun uch yil oldin ish ochgan edi.

Isroil ham, uni bu ishda himoya qilayotgan AQSh ham Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmaydi, ammo sud Isroil rasmiylarini hibsga olishni buyurganidan so’ng ular sud vakolatini tan olgan mamlakatlarga borganda hibsga olinib, Gaagaga ekstraditsiya qilinishi mumkin.

Dushanba kuni Riyodga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bir necha arab davlati tashqi ishlar vazirlari, so’ng Saudiya qirolining valiahdi shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashib, G’azoni mojarodan so’ng tiklash va boshqarish, sektorga gumanitar yordam uzatish, qirollik Isroil bilan diplomatik aloqalar o’rnatsa, unga xavfsizlik kafolatlarini berish haqida gaplashgan.

Amerikalik talabalar noroziligi

Amerika universitetlari talabalari Falastinga xayrixoh namoyishlarni davom ettirar ekan, AQSh hukumatidan Isroilga yordamni to’xtatishni talab qilishmoqda.

Nyu-York shahridagi Kolumbiya universitetida chodirli lager o’rnatgan talabalar universitet ma’muriyatining chodirlarni yig’ishtirish talabiga bo’ysunmadi. Ular oliygohdan haydalish ehtimoli bilan yuzlashmoqda.

"Bizni qo’rqita olishmaydi. Biz qoidalarga xilof ish qilayotganimiz yo’q. Biz harakat sifatida ish tutyapmiz. Jamoamiz katta, chidamli, hech qayerga ketmaymiz”, - deydi Sueda Po’lat ismli tashkilotchilardan biri.

Namoyishlar Vashinton shahri va shtati, Massachusets, Texas, Konnektikut, Kaliforniya, Ogayo, Jorjiya va ko’plab boshqa shtatlardagi kollej va universitetlarda kuzatilmoqda. Ba’zilarida politsiya tartibni nazorat qilmoqda, ba’zilarida talabalarni hibsga olishga majbur bo’lmoqda.

Masalan, Texas universitetining Ostin shahridagi kampusida o’nlab talaba mahalliy gubernator buyrug’iga ko’ra hibsga olindi. O’qituvchilarning ba’zilari buni qoraladi.

“Nyu-York Post” gazetasi AQSh oliy o’quv yurtlaridagi namoyishlar ortida milliarder Jorj Soros turganini da’vo qiladi. Gazeta uni so’lchi filantrop, xayriyachi deb ataydi, u tashkil etgan “Ochiq jamiyat jamg’armasi” universitetlarda Falastinga xayrixoh tashkilotlarga homiylik qilishini bildiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG