Gruziya poytaxti Tbilisidagi OAVni rivojlantirish jamg’armasi binosiga yuzlari yopiq, qora kiyimdagi ikki shaxsning kelib, buzg’unchilik qilayotgani kuzatuv kameralariga tushib qolgan.
May oyining erta tongida olingan bu tasvirda, davlat tashkiloti ijrochi direktori Tamar Kinsurashvilini “xorijlik josus” deb da’vo qiluvchi plakatlarni osayotgan shaxslar aks etgan.
Kinsurashvilining aytishicha, uni bu holat ajablantirmagan.
“Maqsad – bizni mamlakatning dushmani sifatida ko’rsatish”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan bo’lgan suhbatda.
Vandalizm parlamentda uchinchi va oxirgi o‘qishda qabul qilingan “Chet el agenti” qonuniga qarshi Gruziyada boshlangan keng ko‘lamli norozilik namoyishlari fonida yuz berdi.
Agar qonun kuchga kirsa, mablag’ining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan notijorat tashkilotlar va axborot agentliklari “xorijiy kuch manfaatlarini ko‘zlovchi tashkilotlar” sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab qilinadi. Shuningdek, ular yillik moliyaviy hisobotlarini taqdim etishlari shart bo’ladi. Shartlarga rioya qilmagan guruhlar esa jarimaga tortiladi.
Kinsurashvili boshqarayotgan “Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish jamg’armasi” o’z faoliyatini yuritishda madad sifatida xorigdan ham mablag’ oladi. “Ammo, - deydi u, “xorijiy agent” yorlig’i bizning faoliyatimizga bo’lgan ishonchni pasaytiradi”.
Kuzatuvchilarning aytishicha, qonunni tanqid qilgan yuzlab tanqidchilar, jumladan, namoyishlarni yoritgan 30 ga yaqin jurnalistlar tahdidli telefon qo'ng'iroqlariga guvoh bo’lgan. Ko'plab idoralar OAVni rivojlantirish jamg'armasiga qilingan hujumga o'xshash vandalizmga duch keldi va kamida oltita muxolifat siyosatchisi va faoli kaltaklandi.
Kinsurashvili Gruziyada qonun kuchga kirganidan keyin ta'qiblar yana ham ko’payishidan xavotirda.
"Ushbu qonunning maqsadi shaffoflik emas, - deydi u. - Ular keraksiz, ularni tanqid qiluvchi ovozlarni o'chirmoqchi", - deydi ayol hukumatga ishora qilib.
Gruziyaning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning izoh soʻrab yozgan elektron xatiga javob bermadi. Gruziyaning bosh partiyasi “Gruziya orzusi” aʼzosi bo’lmish Gruziya Bosh vazirining veb-portaliga izoh so’rab yozgan “Amerika Ovozi” savoli ham javobsiz qoldi.
Prezident Salome Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo'yilishini aytdi. Bu qonun o’tgan yilda ham katta noroziliklarga sabab bo’lgani bois bekor qilingan edi. Ammo o’tgan oyda mazkur qonunni qayta tiklagan “Gruziya orzusi” partiyasi uni amalga kiritmaslik uchun yetarli ovozga ega.
Bu qonunning tarafdorlari mazkur qonunga shaffoflikni kuchaytirish va Gruziya suverenitetini himoya qilishga xizmat qiladi deya ta’rif bersa, unga qarshilar esa qonundan hukumatni tanqid qiluvchilarning ovozini o’chirish va qo’rqitish uchun foydalanmoqchi deya izoh bermoqda.
“Maqsad faqat Gruziyani qo’llab-quvvatlashda emas, demokratiyani qo’llab-quvvatlash haqida”, - deydi Tbilisidagi “OAV himoyasi koalitsiyasi” rahbari Mamuka Andguladze.
Sobiq jurnalist va muxolifatdagi “Ahali” siyosiy partiyasi asoschisi Nika Gvaramiyaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “Gruziya orzusi” partiyasi “xorojiy agentlar” haqidagi qonundan oktabr oyida bo’ladigan saylovda oʻz foydasi uchun foydalanishi mumkin.
Boshqalar esa, bu qonun Gruziyaning koʻpchilik gruziyaliklar qoʻllab-quvvatlagan Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish tashabbusiga zarar yetkazishi mumkinligini aytmoqda.
Kelib chiqishiga ko’ra "Rossiya qonuni" deb atalgan, Kreml yillar davomida qarshi fikrlarni rad etish uchun qo’llab kelgan qonunga o’xshash bu loyihani tanqidchilar Gruziyaning demokratik kelajagi uchun zararli deb hisoblab, u Tbilisini to'g'ridan-to'g'ri Moskva qo’liga topshirishi mumkin, degan xavotirda.
"Ushbu qonun Gruziyada sovet uslubidagi qatag'onlarni amalga oshirish va tanqidiy ovozlarni nishonga olish uchun qo'llaniladi", - dedi Atlantika kengashining Raqamli sud-tibbiy tadqiqot laboratoriyasi tadqiqotchisi Eto Buziashvili.
Buziashvili Tbilisida Rossiya va Janubiy Kavkaz mintaqasidagi propagandani o’rganadi. U va boshqa tahlilchilar mazkur qonun Rossiya tomonidan targ’ib qilinayotganini qayd etadi.
“Biz hukumatning qonun loyihasi nima uchun kerakligi haqidagi argumentlari bilan Rossiya va rossiyaparast manbalarda aytilayotgan gaplar oʻrtasida koʻplab oʻxshashliklarni kuzatyapmiz”, - dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturlari koordinatori Gulnoza Said “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Asosiy misollardan biri Tbilisidagi norozilik namoyishlarini G‘arb uyushtirganidir.
"G'arbning bu norozilik namoyishlarini moliyalashtirayotgani va muvofiqlashtirayotgani haqida Rossiya kanallarida ochiq aytilyapti", - deydi dezinformatsiyaga qarshi kurashuvchi Britaniyadagi “Logically” kompaniyasining global tadqiqotlari rahbari Kayl Uolter.
Boshqa bir targ’ibotchilar Gruziyadagi “xorijiy agent” haqidagi qonun Rossiyadagi qonunga o’xshash degan fikrdan uzoqlashtirish niyatida. Ular tashabbuni AQShdagi qonunga o’xshaydi, deb da’vo qilmoqda. Yana bir targ’ibotda esa bu qonun G'arbning Ukrainadagi urushda ikkinchi front sifatida Gruziyani Rossiya bilan urushga majburlashga yo'l qo'ymaslik uchun zarur deyilmoqda.
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning bu masaladagi savollariga javob bermadi.
Uolter va Buziashviliga ko'ra, bu “cho’pchak”larning aksariyati yangilik emas. Ular Kremlning Gruziyadagi “xorijiy agent” to'g'risidagi qonunni qo'llab-quvvatlayotganini ta'kidlaydi.
Yuqoridagi qarama-qarshi voqealar, bir vaqtlar sobiq Sovet davlatlari orasida demokratiya qalqoni sifatida maqtovga sazovor bo‘lgan, ammo so‘nggi yillarda G‘arb va Kreml o‘rtasida tobora ko‘proq o’yinchoq bo’layotgan mamlakatning qanday xavf ostida qolganligini ta’kidlaydi.
"Bu Rossiyaning G'arb bilan mojarosidagi yana bir bosqich", - deydi Uolter.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan jurnalistlar va siyosiy yetakchilarning aytishicha, aksariyat gruziyaliklar targ’ibotlarning asl ma’nosini yaxshi tushunadi.
“Ular Rossiya propagandasini juda tez tushunadi. Biz esa bir qarashda”, - deydi Gruziyadagi “Mtavari Arxi” teleradiokompaniyasi jurnalisti Eka Kvesitadze.