Breaking News

Ozarbayjonlik jurnalistlar xorijda ham ta'qib ostida


Matbuot erkinligi uchun namoyish bostirilmoqda, Boku, Ozarbayjon, 28-dekabr, 2021 Dec. 28, 2021.
Matbuot erkinligi uchun namoyish bostirilmoqda, Boku, Ozarbayjon, 28-dekabr, 2021 Dec. 28, 2021.

Ozarbayjondagi siyosiy hayotni yoritib tanilgan Aleksander Tatcher hozirda Gruziyaga ko'chgan. O'tgan dekabr oyida uning kvartirasiga bostirib kirib, kompyuter va boshqa texnikasini o'g'irlab ketishdi. Jurnalist bu ishda Ozarbayjon xavfsizlik organlarini gumon qiladi.

Amerikalik Tatcher "EVN Report" va "Open Caucasus Media" singari playformalarga materiallar beradi.

Jurnalist onlayn bosimlarga ham uchrab turadi. Ularni ham hukumatparast tomonlar qiladi, deb hisoblaydi. Xususan Ozarbayjonda armanlarga nisbatan munosabat haqida yozganida internetda nishonga olindi.

"Nazarimda, ularning muddaosi - meni qo'rqitish. Uyimni ataylab titishga, xuddi qimmatbaho narsalar uchun kirishgandek. Aslida esa ularning maqsadi mening jurnalistik ishimni yo'q qilish", - deydi Tatcher.

Ozarbayjonda o'tgan noyabr oyidan beri sakkiz jurnalist hibsga olingan. Biror tanqidga toqat yo'q.

Hukumat buni inkor etadi. Respublikaning AQShdagi elchixonasiga ko'ra, Ozarbayjonda erkinlik ta'minlangan.

Biroq o'tgan oylarda Gruziyaning o'zida kamida ikki jurnalist vatanidagi faoliyati uchun tazyiqqa uchragan.

Elmaddin Shamilzade 15-dekabr kuni Tbilisidagi barda pichoq bilan tahdid qilingan. Noma'lum guruh uni qurshab olib, Ozarbayjondagi vaziyat haqidagi tushunchalarini o'zgartirishi kerakligini aytgan.

Shamilzade - "Avasor TV" rahbari. Yurtidagi xavfdan qochib, Gruziyaga o'qishga kelgan. Lekin bu yerda do'q-po'pisa bilan yuzlashayotganini aytadi.

"Bu odamlarga menga Ozarbayjondan qochsang ham bizning ta'sirimiz ostidasan, mintaqa bizniki, deyayotgandek. Ular meni ogohlantirib turishibdi", - deydi Shamilzade.

2023-yilning iyun oyida u Bokuda politsiya bilan to'qnashgan. Ichki ishlar xodimlari undan qo'lidagi videolarni ko'rsatishni talab qilgan. U bosh egmagan.

"Amerika Ovozi" savollariga elektron pochta orqali javob bergan Ozarbayjonning Vashingtondagi diplomati Jamila Mammadova deydiki, hukumat tanqidchilarga tegmaydi.

"Asossiz da'volar, chunki Ozarbayjonda real vaziyat boshqacha",- deya yozadi Mammadova.

"Haqiqatni buzib ko'rsatishga harakat, Ozaybayjonning ichki ishlariga, xususan tergov jarayoniga aralashish", - deydi u, mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol og'ir degan xulosaga nisbatan.

Gruziyada kuzatilgan holatlarda Ozarbayjon hukumati qo'li bor-yo'qligini tekshirish deyarli mumkin emas. Boku bunday surishtiruvlarda hamkorlik qilmaydi.

"Davlat shunday qabih ishlar qilishi mumkin, deb o'ylashning o'zi achinarli", - deydi Arzu Geybulla, "Azerbaijan Internet Watch" degan tashkilot asoschisi.

Huquqlar mamlakatda qanchalik toptalayotganini kuzatib, tahlil qilib kelayotgan mutaxassis sifatida u uzoq yillik yakkahokim Ilhom Aliyev va uning avtoritar ma'muriyati o'z tanqidchilariga har yerda hujum qila olishi mumkinligiga ishonadi. Chunk, deydi u, virtual va jismoniy xurujlar tez-tez sodir etiladi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi tashkilotlar bu borada hisobotlar chiqargan. ozarbayjonlik muxbir va blogerlarning xorijdan vataniga zo'rlab qaytarilgani haqida ma'lumotlarga ega.

Abu Dabidagi Nyu-York universiteti professori Georgi Derluguyan fikricha, Gruziya kabi mamlakatlar xavfsiz joy emas, chunki u yerga ular qochayotgan hukumatning qo'li yetadi. Tahdidning oldini olish juda qiyin, deydi u.

Tatcher va Shamilzade Tbilisi politsiyasiga arz qilgan, lekin surishtiruv juda sekin.

Gruziya hukumati bu boradagi savollarga javob bermaydi.

Vashingtondagi "Ozodlik uyi" eksperti Gredi Voan tahlilicha, chegara osha repressiya - Ozarbayjon hukumatiga xos harakat va mamlakatda erkinlik naqadar bo'g'ilganini aks ettiradi.

Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasidan Gulnoza Said deydiki, uning tashkiloti surgunda yurgan ko'plab ozarbayjonlik jurnalistlar va blogerlar tazyiqqa olingani haqida biladi.

"Ayni damda bu kampaniya Ozarbayjon ichkarisidagi kabi darajada, deyishimiz uchun yetarlicha isbot yo'q. Ammo biz kuzatib kelayapmiz va xavotirdamiz, ayniqsa prezident saylovlari yaqinlashar ekan", - deydi Said.

7-fevraldagi saylov demokratik kechishiga ishonch juda past, chunki Ozarbayjonda siyosiy erkinliklar bag'oyat cheklangan, qolaversa jarayonni haqqoniy yoritadigan mustaqil media ham yo'q.

Xorijga chiqib ketayotgan jurnalistlar esa uyushgani sari Boku ularga ham hamlani oshirmoqda.

Gulnoza Saidga ko'ra, hukumat repressiyasining oxiri ko'rinmayapti.

"Ko'rinib turibdiki, rahbariyat unga yoqmaydigan har qanday ovozni o'chirishga bel bog'lagan", - deya qoralaydi u, bunday siyosatning davlat va xalqqa zarari cheksiz bo'lishini qayd etar ekan.

XS
SM
MD
LG