Breaking News

Qorabog' g'alabasi ketidan Aliyev erta saylov o'tkazishga qaror qildi


Ozarbayjonda prezidentlik saylovlari 2024-yilning 7-fevralida bo’lib o’tadi. Mamlakatni 20 yildan beri boshqarayotgan Ilhom Aliyev saylovni muddatidan oldin o’tkazish to’g’risida farmon imzolagan.

Ozarbayjon Tog’li Qorabog’ mintaqasini to’liq o’z nazoratiga olganidan keyin Aliyevning xalq orasidagi ishonch reytingi oshgani aytiladi. Prezidentlik saylovlari mamlakatda 2025-yilda o’tishi kerak edi.

Yaqinda o’tkazilgan sotsiologik so’rov natijalariga ko’ra, Ozarbayjonda aholining 75 foizi Aliyevning Qorabog’ mojarosiga nisbatan yondashuvini qo’llab-quvvatlaydi. Sentabrda o’tkazilgan harbiy amaliyot ketidan tog'li hududni arman aholi yoppasiga tark etgan.

“Aliyevning reytingi doim yuqori bo’lgan. Qorabog’dagi g’alabadan so’ng esa yanada ko’tarildi. Xalq orasida unga nisbatan quvvatlov hozir eng yuqori darajada”, - deydi siyosatshunos Farhod Mamedov.

Ozarbayjon rahbari Qorabog’ga 19-sentabrda qo’shin jo’natgan edi. Bir kunlik janglardan so’ng arman bo’lginchi kuchlar qurolini tashlab, Boku bilan integratsiyaga rozi bo’ldi.

Ozarbayjon g’alabasi 1990-yillarda va 2020-yilda Armaniston bilan urushga sabab bo’lgan va minglab odamlarning hayotiga zomin bo’lgan hududiy bahsga yakun yasadi.

Shu bilan birga, mojaro kengayadi, endi Boku Armaniston hududi orqali o’zining Naxchivan anklaviga quruqlik yo’lagini yaratishga kirishadi, degan qo’rquv ham paydo bo’lgan. Ammo Aliyevga ko’ra, Ozarbayjoning Armanistonga hududiy da’vosi yo’q.

Ikki davlat harbiy asirlarni almashish va tinchlik shartnomasini imzolash tomon qadam tashlamoqda. “Ko’pdan beri kutilgan tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat borligi to’g’risida hamfikrmiz”, deyiladi qo’shma bayonotda.

Boku va Yerevan munosabatlarni normallashtirish, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillarini hurmat qilish asosida tinchlik shartnomasiga erishish niyatida ekanini bildirmoqda.

61 yoshli Ilhom Aliyev Ozarbayjonni 2003-yildan “temir musht” bilan boshqarib kelmoqda. U 2018-yil aprelda bo’lib o’tgan navbatdan tashqari saylovda 86 foiz ovoz bilan qayta saylangan edi.

Aliyevlar hukmronligi davrida o’tkazilgan barcha saylovlar muxolifat tomonidan soxta deb qoralangan. Tanqidchilar deydiki, muxolifat va erkin fikr bo’g’ilgan mamlakatda Aliyev o’zi va oilasining dabdabali turmush tarzini moliyalash uchun boylik orttirish bilan band.

Tarafdorlarga ko’ra esa Aliyevlar respublikani Yevropaga energiya yetkazuvchi farovon jamiyatga aylantirgan.

Huquq faollari siyosiy elita orasidagi korrupsiyani fosh etgan qator jurnalistlar hibsga olinganiga e’tibor qaratadi.

2009-yilda Ozarbayjon konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritilib, prezidentlik mandatiga qo’yilgan ikki muddatli cheklov olib tashlangan. Bu degani, Aliyev umrbod prezident bo’lishi ham mumkin.

2016-yilgi referendumda prezidentlik muddati besh yildan yetti yilga uzaytirildi, prezidentning rafiqasi Mehribon Aliyeva vitse-prezident etib tayinlandi.

Yevropa Kengashi mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o’zgartirishlarni “prezidentga misli ko’rilmagan vakolatlar berdi”, deya tanqid qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG