Breaking News

AQSh o’z qurollarining Rossiya hududiga qarshi ishlatilishiga ruxsat beradimi?


AQShning HIMARS raketa tizimi
AQShning HIMARS raketa tizimi

So’nggi haftalarda Ukraina Bayden ma’muriyatidan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun AQSh taqdim qilgan qurollardan foydalanishga qo’yilgan taqiqni bekor qilishni qayta-qayta so’rab murojaat qilmoqda.

Yaqinda Vashingtonga tashrif buyurgan Ukraina Parlamenti deputati Oleksandra Ustinovaning aytishicha, bu cheklovlar Rossiyaga qo’l kelmoqda.

“Masalan, Rossiya hududida “HIMARS” raketalarini qo’llay olmasligimizni yaxshi bilgan ruslar chegara bo’ylab o’z qurollarini bemalol ishlatib, Xarkov viloyatini yo’q qilmoqda, - dedi Ustinova “Amerika Ovozi”ga. - Biz esa ularga hech qanday qarshilik ko’rsata olmayapmiz, chunki Rossiya hududida Amerika qurollaridan foydalanish taqiqlangan”.

Yaqinda Ustinova va ayrim Parlament a’zolari Kongressdagi rasmiylar bilan shu masala bo’yicha uchrashdi.

Kuni kecha AQSh rasmiylarining ikki partiyali guruhi Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga Ukrainaning Rossiyadagi strategik nishonlariga nisbatan Amerika qurollaridan foydalanishga ruxsat so’rab maktub jo’natdi.

"Bayden ma'muriyati Ukraina harbiy rahbarlariga Rossiyaning o'z suveren yerlarida qilayotgan asossiz hujumiga javob berish uchun zarur bo'lgan to'liq operatsiyalarni o'tkazish imkoniyatini berishi juda muhim", - deyiladi maktubda.

Ukraina mudofaasi aloqa guruhining 22-yig’ilishidan so’ng Ostin siyosatda hech qanday oʻzgarish yoʻqligini va AQSh ukrainaliklarga taqdim etilgan qurollardan faqat Ukraina hududida foydalaniladi deb umid qilayotganini aytdi.

“Menimcha, asosiy e’tibor yaqindagi janglarga va shu janglarda g’alaba qozonish imkonini beradigan maqsadlarga qaratilishi kerak”, - dedi Ostin.

Shuningdek, Ukraina Rossiyaning Xarkovga yog’dirayotgan bombalariga qarshi Amerika havo mudofaa vositalaridan foylansa bo’ladimi degan savolga u - “Havo dinamikasi biroz boshqacha”, - deb javob berdi.

“Amerika Ovozi” bunga Pentagon matbuot kotibi Pat Rayder bilan suhbatda aniqlik kiritishga harakat qildi.

"Bizning asosiy maqsadimiz Ukrainaga o’z suveren hududida o'zini himoya qilish uchun zarur bo'lgan imkoniyatlarni yaratib berishdir; e’tiborimizni boshqa turli ta’sirlarga qaratmasdan shu maqsad sari boramiz, - dedi u.

Avvalroq, Davlat kotibining sobiq o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Viktoriya Nuland ham Oq uy o’z siyosatini o‘zgartirishi kerak degan edi.

“Agar hujumlar aynan Rossiya chegarasida bo’layotgan bo’lsa, demak jang adolatli bo’lishi kerak. Menimcha, ukrainaliklarga Rossiya ichidagi bu bazalarga zarba berishda ko'proq yordam berish vaqti keldi", - dedi u “ABC News” telekanaliga bergan intervyusida.

AQShning Ukrainadagi ikki sobiq elchisi ham bu fikrni ma’qullaydi.

Sobiq elchi, hozirda Atlantika Kengashining Yevrosiyo markazi katta direktori Jon Xerbstning aytishicha, hozirda Rossiya tarafidan yangi hujum tahdidi turgan bir paytda, bu cheklovlar Ukraina kuchlariga Xarkovni himoya qilishda qiyinchilik tug’dirmoqda.

"Agar Ukraina Rossiya chegarasining narigi tomoniga, Ukrainaga o'tmoqchi bo'lgan rus qo'shinlariga zarba bera olganda, ruslar hozirgi hujumni boshlashda ancha katta logistik muammolarga duchor bo'lardi", - dedi Xerbst “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. "Agar biz Ukrainaga Rossiya havo hududida joylashgan va qanotli bombalarni uchirayotgan rus samolyotlarini o'qqa tutishga ruxsat bersak, Xarkovda kamroq odam nobud bo'ladi", - dedi u.

Sobiq elchi Stiven Payfer ham shunday fikrda.

“Ikki yildan ortiq vaqt davomida Rossiya butun Ukraina boʻylab harbiy va fuqarolik obyektlariga zarba berdi. Ukraina Rossiya ichidagi rus harbiy kuchlariga zarba berish uchun AQSh/G‘arb qurollaridan foydalanishi kerak”, - deb yozdi u ilgari “Twitter” nomi bilan tanilgan “X” sahifasida.

Qo’mondonlar: NATO Rossiya tahdidiga tayyor turishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00

Pentagon Matbuot kotibi Pat Rayderning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Mudofaa vazirligi ukrainaliklar, shuningdek, xalqaro ittifoqchilar va hamkorlar bilan G'arb qurollari haqida muloqotni davom ettiradi.

Uning so'zlariga ko'ra, hozircha bu siyosat o'zgarishsiz qolmoqda.

“Qachonki bu borada o’zgarish bo’lsa, biz, albatta, xabar beramiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG