May oyida o’z tarafdorlari qarshisida so’zlar ekan, Donald Tramp prezidentlikning uchinchi muddatidan so’z ochdi. U o’z da’volarini Prezident Franklin Ruzveltning ketma-ket to’rt marta saylangani bilan asoslashga urindi.
“AQShni qariyb 16 yil boshqargan Ruzvelt 4-muddatida vafot etgan. Nima deysiz, men uch muddat prezidentlik qilsammikan, yo ikki muddat?”, - dedi u.
Kongress 1947-yil Konstitutsiyaga 22-tuzatishni ma’qulladi. Unda bir shaxs maksimum ikki muddat prezidentlik qilishi mumkinligi belgilangan. Tuzatish o’sha paytdagi 48 shtatning 36 tasi tomonidan ma’qullanib, 1951-yil qonunga aylangan.
“22-tuzatish ikki muddatdan ziyod saylanmaslikni siyosiy meyorga aylantirdi”, - deydi Konstitutsion javobgarlik markazi vitse-prezidenti Pravin Fernandes .
Uning izohlashicha, ikki muddatdan oshiq prezidentlikka da’vo qilmaslik uchinchi muddatni inkor etgan ilk prezident Jorj Vashingtonga borib taqaladi.
Ikkinchi Jahon urushi davrida Prezident Ruzvelt 1940-yil uchinchi, 1944-yil to’rtinchi muddatga saylangan yagona rahbar.
Konstitutsiyaga kiritilgan 22-tuzatish ortidan jami olti nafar prezident ketma-ket ikki muddat mamlakatni boshqardi.
Prezident Bayden tarafdori aktyor Robert De Niro Trampni umrbod prezidentlikka da’vogar zolim deb ataydi.
“Tramp hokimiyatni egallasa, aslo ketmaydi. Buni yaxshi bilasiz”, - deydi u.
Bir kungina diktator bo’lishini aytayotgan Trampga 2020-yil saylov natijalarini bekor qilishga uringanlik aybi qo’yilgan. Advokat Fernandesga ko’ra, bu Trampning ehtimoliy pozitsiyasidan ogoh bo’lishga undaydigan omil.
“Trampning konstitutsiyaga zid uchinchi muddat da’vosi aniq va lo’nda bayon qilingan qonunlarimiz qarshisida o’z haddini bilmaydigan shaxsdan ogoh bo’lishga yana bir sabab”, - deydi u.
Tramp uchinchi muddatga saylanishi uchun 22-tuzatish bekor qilinishi lozim. Qarorni Kongressning har ikki palatasining uchdan ikki qismi ma’qullashi, so’ng 50 shtatning kamida 38 tasi ratifikatsiya qilishi kerak. Yoki 34 shtat Konsitutsiyaviy konvensiyasi qabul qilgan qarorni 38 shtat ratifikatsiya qilishi shart.
AQSh tarixida Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatish bir bor bekor qilingan.
1933-yil ratifikatsiya qilingan 21-tuzatish AQShda 1919-yil spirtli ichimliklarni taqiqlagan va aslo itoat qilinmagan 18-tuzatishni bekor qilgan edi.