AQShda saylovchi uchun iqtisod hamisha birlamcha masala, ammo bu yili Oq uy va Kongress uchun kurashda tashqi siyosatning ham ahamiyati oshgan. Amerikaliklar Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlardan xavotirda va nomzodlarning bu borada taklif qilayotgan yechimlariga befarq emas.
Luiziana shtatidagi Dillard universitetidan professor Robert Kollins taxminicha, kim yutsa ham farq katta bo'lmaydi.
“Natijani juda oz sondagi saylovchilar hal qiladi", - deydi Kollins.
Demokrat Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp xalqaro masalalar yuzasidan tinimsiz so'zlab kelmoqda.
Massachusetts shtatidan Lori Sklar fikricha, G'azoda tinimsiz qon to'kilayotgani yosh liberallar uchun chidab bo'lmas holat.
“Ko'plab yoshlar shu bois Baydenga ovoz bermaydi, bu esa Trampning saylanishiga yetaklashi mumkin", - deydi Sklar.
Garvard universiteti olib borgan ommaviy so'rovlarda 18-29 yosh orasidagi amerikaliklar salmoqli sonda G'azoda urush darhol to'xtashini xohlaydi.
Bruklin Birdi - yosh saylovchilardan biri. 2020-yilda Bayden uchun ovoz bergan, bu yil bermoqchi emas.
“Bayden men uchun genotsidni quvvatlayotgan rahbar. Uning qayta saylanishini aslo istamayman", - deydi u.
Lekin Bruklin Trampni ham xohlamaydi.
“Tadbirkor sifatida Tramp yomon prezident bo'lmadi, ammo u ham Isroilni shartsiz quvvatlaydi. Boshqa nomzodlarga qarayapman, lekin hali qaror qilmadim".
Nyu-Yorkdan Peyj Benson uchun tashqi siyosat u qadar muhim emas.
“Dunyo bilan aloqalarimizni past baholamayman, biroq avval o'z muammolarimiz bilan shug'ullanaylik", - deydi u.
“Iqtisodiy vaziyatga qarab ovoz beraman. Men bilgan odamlarning hammasi hozir qiyin ahvolda, hatto yaxshi topsa ham qiynalishmoqda. Tasavvur qiling, boshqalar qay holda?"
Floridadan nafaqaxo'r Xarvi Vassermen deydiki, immigratsiya uning uchun asosiy omil.
“Tashqi dunyoni chetga surib, o'zimizning masalalarga qaraylik. Chegaralarimizni mahkamlaylik, fuqarolikka kirish uchun talablarni kuchaytiraylik. Tramp, nazarimda, shuni qilaadi".
Konnektikut shtatidan Rebekka Urrutiya fikricha esa xalqaro vaziyat Amerika uchun yuqori ahamiyatga ega, chunki unga har jihatdan ta'sir qiladi. U Trampga ovoz bermoqchi.
“Trampning uslubini yoqtirmayman, o'zini qanday tushuntirishini, masalan. Lekin tashqi siyosatda u kuchliroq", - deydi Rebekka.
“U borini aytadi va va'dalarida turadi. Bayden ma'muriyati esa tayinsiz. Biz mavhumlikda yashay olmaymiz, konkret qarorlar qilishimiz kerak".
Luizianadan Debbi Pesses uchun Bayden ma'qul nomzod.
“Putin Ukrainani qo'lga olsa, butun Yevropa tahdid ostida qoladi. G'azo ahliga achinaman, ammo XAMAS Yaqin Sharqdagi yagona demokratiyani yo'q qilmoqchi", - deya mulohaza yuritadi Debbi.
“Oq uydagi rahbar bosiq bo'lishi kerak. Baydenning keksa ekani meni xavotirlantiradi, ammo yondashuvi va o'zini tutishi jihatdan Trampdan ustun".
Professor Kollins nazarida Yaqin Sharqdagi urush saylovda kim yutishiga sezilarli darajada ta'sir qiladi. Jorjiya kabi shtatlarda Bayden 2020-yilda atigi 12 ming ovoz bilan yutgan, ya'ni har bir ovoz bebaho.
“Atlanta shahrida 11 mingdan ziyod musulmon yashaydi. Keyingi prezident kim bo'lishini ular hal qilmaydi, deya olmaymiz. Qolaversa, musulmon bo'lmagan amerikaliklar ham Baydenning Isroilga nisbatan siyosatini yoqlamay turgan paytda", - deydi Kollins.
Uning tahlilicha, ommaviy so'rovlarda AQSh musulmonlarining aksariyati baribir Bayden uchun ovoz berishi mumkinligini bildirmoqda. Bayden to'g'ri yo'lda emas, ammo Tramp undan battar qiladi, degan qo'rquv bor, deydi u.
Kollins liberal yoshlar saylovdan hech narsa kutmay ovoz bermasligi mumkin, degan taxminni ham olg'a suradi.