Prezident Jo Bayden va sobiq prezident Donald Tramp AQSh tashqi siyosatini qanday olib borish kerakligi haqida ancha farqli pozitsiyada - Ukrainadagi qonli urushdan tortib Shimoliy Koreyaning yadroviy maqsadlarigacha.
Rossiya-Ukraina
Bayden nazarida Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda quvvatlayverish kerak, aks holda barcha demokratiyalar tahdid ostida qoladi. Sanksiyalarni kuchaytiraverish lozim, Kremlga bosimni to'xtatmaslik zarur. Urush boshlanganidan beri AQSh Ukrainaga 75 milliard dollarlik madad ko'rsatgan.
Oq uyga qayta saylanish umididagi Bayden Kiyevga ishonadi. Ukraina xalqiga harbiy yordam deganda faqat qurol-aslaha va moddiy ko'mak ko'zlanadi, Amerika u yerdagi urushga o'z qo'shinini tortmaydi, deydi prezident. Uningcha, Ukraina AQSh hukumati va xalqiga tayanadi va uni aslo yolg'iz qo'ymaslik kerak.
Tramp nazarida esa Ukrainaga asosan uning davlati yordamlashmoqda, NATOning qolgan a'zolari esa Kiyevni nomiga rag'batlantirmoqda. Shimoliy Atlantika ittifoqida hamma birdek yordam ko'rsatmasa, deydi Tramp, Rossiya bilganini qilaverishi mumkin. NATOga a'zo har bir davlat o'z hissasini qo'shishi shart, deydi u.
Prezidentlikka saylansa, Tramp urushni to'xtatishga so'z bermoqda. Prezidentligi davrida Tramp Rossiya bilan til biriktirganlikda gumon qilingan va impichment jarayonidan o'tgan. AQSh Senati uni oqlab chiqqan.
Xitoy
Bayden Pekinni iqtisodiy-moliyaviy g'irromlikda ayblaydi. Xitoy bilan savdo kamomadi eng past nuqtada, deydi u, u Oq uyda qolsa, Amerika yalpi milliy mahsuloti oshaveradi. Prezident Xitoy bilan sog'lom raqobat istaydi, g'animlik yoki mojaro emas.
U Tayvan demokratiyasini olqishlaydi. Tinch okeanida ittifoqchilarga ko'maklashish, o'zaro ishonchni oshirishga intiladi. Hindiston, Avstraliya, Yaponiya, Shimoliy Koreya va orol-davlatlar bilan yaqindan ishlashni xohlaydi.
Tramp uchun Xitoy AQShga tinimsiz ziyon keltirayotgan davlatdir va unga nisbatan yondashish kerak. U ham Pekinni yolg'onda va ayyorlikda ayblaydi, ammo til topishmasa bo'lmaydi, deb ham keladi. Bu jarayonda u AQSh manfaatlari birinchi o'rinda bo'ladi, deydi.
Prezidentlikka saylansa, Tramp Xitoy uchun Amerikada biznes imkoniyatlarni cheklamoqchi, xususan energetika, texnoligya, telekommunikatsiya, qishloq xo'jaligi, tabiiy resurslar va boshqa strategik sohalarda. Tramp Xitoyning Amerikada yirik sanoatlarda hissaga ega bo'lishini xohlamaydi, uning bizneslarini siqib chiqarishga bel bog'lagan.
Isroil-Falastin
Bayden nazarida Isroil XAMASni yer tishlatish uchun urush olib borishga haqli, ammo Falastin ahliga zarar yetmasligi kerak. G'azoga insonparvarlik yordami yetkazish eng muhim vazifalardan, deydi u.
Prezident AQSh Isroilni quvvatlashda davom etishi lozim, deb hisoblaydi. Lekin, uning fikricha, Isroil terrorchilarga qarshi kurashda norasida insonlarni o'ldirmasligi shart.
Tramp nazarida uning 2020-yilda qilgan taklifi amalga oshishi kerak. Unga ko'ra, Isroil Quddusni nazorat qiladi, shuningdek, G'arbiy sohildagi yahudiy aholini ham ko'chirmaydi. Urushni tugatish kerak, deydi Tramp.
U yahudiy davlatni tushunishini aytadi, biroq xalqaro hamjamiyatning katta qismi uning tarafida emasligini qayd etadi. Isroil hujumlarni bas qilishi, shu bilan birga, XAMASni ham yo'q qilishi lozim, deydi u. Uningcha, Isroil tinch yashashni istaydi, ammo buning uchun dadil qadamlar tashlash kerak bo'ladi.
Eron
Bayden Eron bilan Tramp davrida bekor qilingan yadroviy kelishuvni yangilash payida. O'tgan yili AQSh Tehron qo'lidagi besh amerikalikni chiqarishga muvaffaq bo'ldi. Buning evaziga Eronning muzlatilgan pulidan bir necha milliard dollari qaytarildi.
Prezident Tehron bilan til topishish uchun xalqaro koalitsiya tuzganini aytadi. Yaqin Sharq, deydi u, Eron hozirgi ishlarini to'xtatmas ekan, tinch bo'lmaydi, xususan shia jangarilarni quvvatlashni, jumladan Yaman, Livan, Iroq va Suriyada.
Tramp 2015-yilda Tehron bilan erishilgan yadroviy murosaga qarshi va u kelishuvga aslo qaytmoqchi emas. U Eronni keskin jazolash, ayniqsa uning Inqilobiy gvardiyasiga zarba berish tarafdori. Prezidentlik davrida shu yo'lda borilganini aytadi va buni hali ham to'g'ri deb biladi.
Shimoliy Koreya
Bayden Shimoliy Koreya bilan muzokaraga tayyor ekanini aytadi, ammo uni bunga ko'ndirish uchun muayyan takliflar bilan chiqmagan. Pxenyan iqtisodiy imtiyozlar kutmoqda. Prezident masalani ittifoqchilar bilan muhokama qilib keladi va ular bilan bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishni xohlaydi, jumladan va ayniqsa Janubiy Koreya bilan.
Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashib, so'zlashgan. Pxenyan yadroviy qurollanmasligi shart, deb keladi. Biroq prezidentligi paytida ikki davlat biror kelishuvga erishmagan.