Yaqinda o'tkazilgan so'rovga ko'ra, demokratiyaga tahdid mavzusi 2024-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan AQSh saylovchilarini eng ko’p xavotirga soluvchi masalalar sifatida iqtisodiyot va immigratsiyani ortda qoldirgan.
Mart oyida bo’lib o’tgan ichki partiya saylovlarida Arizona shtatida ro'yxatdan o'tgan demokrat va respublikachi saylovchilar kimni nomzod sifatida ko’rishni istashlarini ma’lum qildi.
"Jo Bayden, menimcha, nafaqat ovoz berganlarga, balki barchaga erkinlik va demokratiyani taklif qila oladigan yagona nomzod”, - deydi Xovard Vebster ismli saylovchi.
"Men Donald Trampga ovoz berdim. U Konstitutsiyani yozilganidek himoya qila oladigan va shuning uchun ham boshqalar hujumiga uchragan yagona shaxs", - deydi yana bir saylovchi.
Aprel oyida “Ipsos” o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, siyosiy ekstremizm va demokratiyaga tahdid AQSh oldida turgan eng muhim muammolardir. Demokratlar ko’proq avtoritarizmdan xavotirda.
“Demokratlar demokratiyani qutqarish deganda, uni Trampdan qutqarishni nazarda tutmoqda. Buni Trampga qarshi ovoz, deyish mumkin va hisobimiz bo‘yicha, katta yoshli aholining 25 foizini shundaylar tashkil qiladi”, - deydi so’rovnoma vakili Klifford Yang.
Partiyasizlar demokratlar tarafida, ammo respublikachilarning o’z qarashi bor.
“Respublikachilar orasidagi tanqidlarning koʻpchiligi elita tomonidan boshqariladigan yoki soxtalashtirilgan buzuq tizimga qaratilgan. Respublikachilar "demokratiyani qutqarish" deganda, saylov mexanizmi va umuman saylovlarning adolatsizligi haqida shikoyat qiladi.
Tramp o‘zi izdoshlariga shu tuyg’uni singdirgan.
“Agar 5-noyabrda g‘alaba qozona olmasak, mamlakatimiz mavjud bo‘lishdan to’xtaydi. Bu bizdagi eng oxirgi saylov bo'lishi mumkin", - deydi Tramp.
Prezident Jo Bayden esa Trampning Oq uyga qaytishida katta xavf borligi haqida ogohlantirmoqda.
“Demokratiyamiz haqiqatan ham xavf ostida. U diktator bo‘lish haqida gapirganda, Konstitutsiyaning ba’zi qismlarini bekor qilishni nazarda tutgan”, - deydi Bayden.
So’rovga ko’ra, saylovchilarning 38 foizi demokratiyani asrashda Bayden yaxshiroq rejaga ega, degan fikrda. Trampni shu masalada yoqlovchilar soni esa 29 foiz.
“Bayden mavjud tizimning nomzodi. Uni shu tizim yaratgan. U tartib va barqarorlik garovi sifatida ko’riladi. Trump esa bu tizimdan chetlanishni anglatadi”, - deydi Klifford Yang.
Demokratiyani asrash masalasidan keyingi eng muhim mavzular sifatida saylovchilar iqtisodiyot va immigratsiyani tilga olgan.