Breaking News

AQShda ilk atom sinovlaridan jabrlanganlar hamon tovon kutmoqda


Nyu-Meksiko shtati - Amerikaning janubi-g'arbiy hududlaridan biri
Nyu-Meksiko shtati - Amerikaning janubi-g'arbiy hududlaridan biri

Nyu-Meksiko shtatida yadroviy sinovlardan jabrlanganlar AQSh hukumatidan tovon talab qilmoqda. Ular Kongressdan masalani zudlikda ko’rib chiqib, zararni qoplashni so’ramoqda.

Gollivudning o’tgan yilgi “Oppenhaymer” kartinasida 1945-yilda Nyu-Meksikoda o’tkazilgan atom testlari ko’rsatiladi, ilk shunday sinovlar, muvaffaqiyatli.

Uesli Burris o’shanda 5 yoshli bola edi. Akasi bilan bir xonada uxlayotgan go’dak zarbadan his qilgan dahshatni eslaydi.

“Derazaning oynasi sindi va menga tushdi. Shovqindan albatta uyg’onib ketganmiz. Nima bo’layotganini bilmaganmiz. Zulmat kuchli yorug’likka aylangan. Biz shokda bo’lganmiz. Xonamiz shu qadar yorishganki, mo’jizadek tuyulgan. Quyosh oldimizga kelgandek”, - deydi Uesli.

Uesli va oilasi yadroviy sinov o’tkazilgan hududdan, Nyu-Meksiko shtatining Uyat Sends degan joyidan atigi 32 kilometr uzoqda yashagan.

Robert Oppenhaymer va uning ilmiy jamoasi nazarida esa bu hudud aholidan eng uzoq maydon bo’lgan. Vaholanki, shu atrofda 13 mingcha odam yashagan, deydi jamoatchi faol Tina Kordova.

“Odam oyog’i yetmagan joy emas edi. Cheksiz dashtlik ham bo’lmagan. Hukumat bizni ko’rmagan, inobatga olmagan xolos. Odamlar bo’lsa ham ahamiyat berishga arzishmaydi, deb hisoblashgan, bizni elashmagan”, - deydi Tina.

AQSh: Atom sinovlari, radiatsiya uchun tovon?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

85 ga chiqayotgan Uesli ota-onasi va aka-singillari radiatsiyadan azob chekkanini aytadi. Hammasi saratonga chalinib, olamdan o’tgan.

Nega bu masala va bu yerdagi zaharlangan muhit o’rganilmadi? Hudud aholisiga e’tibor berilmadi.

Yillar o’tib, mahalliy jamoatchilik undovi va harakati bilan tadqiqot olib borildi.

Nafaqadagi shifokor Arlin Braun butun faoliyatida bu yerda saratonga uchraganlarga qaradi. Hududga xos kasalliklarni yaxshi biladi.

“Shunday oilalar bo’lgan, 10 a’zodan 9 nafari yoki hammasi og’ir xastalanib, yo nobud bo’ldi yoki uzoq qiynaldi. Saraton qayerdan kelayotgani esa tadqiq etilmadi. Afsuski, ular nega shunday azoblangani sabablari e’tirof etilmadi. Kech emas va hukumat buni qilishi shart. Yadroviy sinovlar mahalliy aholi salomatligini buzgani tan olinishi kerak”, - deydi mutaxassis.

Bunday testlar olib borilgan Nevada, Yuta va Arizona shtatlarida kompensatsiya berilgan hollar bor, odamlar buni talab qilib, kurashganida va radiatsiya ta’siri isbotlanganida.

Ta’sir uzoq muddatli. Nyu-Meksikoda hech kimga tovon to’lanmagan.

Kongress oldida turgan muhim vazifalardan biri, deya eslatmoqda bu shtatdagi faollar va mutxassislar, kompensatsiya berilishini ta’minlovchi qonunlarni yangilash va radiatsiyadan zararlangan har bir shaxs uchun mablag’ ajratish.

AQSh Energetika vazirligi va Oq uyga ko’ra, Bayden ma’muyati bu masala bilan shug’ullanmoqda va qonunchilardan zarur qadamlar tashlashni so’ramoqda, ya’ni yadroviy testlar oqibatida kasallanganlarga tovon berishni.

Federal hukumat inson hayoti va ekologiyani asrash uchun nima qilish kerak bo’lsa, qilishga tayyor, deydi rasmiylar, ayniqsa hamon toksik muhitda yashayotganlarga yordam berishga.

Uesli singari amerikaliklar esa bunday madadni 80 yildan beri kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG