Ukraina janubidagi Kaxovka to’g’oni 2023-yilning 6-iyunida yorilgan, yon atrofdagi uylar, infratuzilma va atrof muhitga zarar yetkazgan edi. Kiyevga ko'ra, inshootni Rossiya portlatgan. Moskva buni inkor etgan. Bir yil o`tib ham halokat oqibatlari har yerda namoyon.
Ukraina janubi Nikolayeva shahri yaqinidagi Afanasievka qishlog´i aholisi Kaxovka to’g’oni yorilib, uylari suv ostida qolgan o’tgan yilgi yozni yaxshi eslashadi.
“Suv shungacha ko’tarilgan edi”, - deya eslaydi Afanasievka qishlog’idan Yelena Gulyuk.
Kaxovka to’g’oni o’tgan yilning iyun oyida portlatilgan edi. Rossiya Dnepr daryosidagi bu to’g’onni urush boshidan ishg’ol qilgan edi. Portlashdan keyin quyida joylashgan Afanasievka qishlog’ini ham suv bosdi. Gulyuk buni tasvirga olgan.
“Suv ko’z o’ngimda ko’tarilyapti. Bog’da baliqlar suzib yuribdi. Qo´lansa hid tutgan, nafas olish qiyin”, - deya izohlaydi Yelena.
Ayrim uylar bir necha kun tomigacha suv ostida qoldi. Uylar nam tortgan, devorlardan hamon suv sizadi.
“Volontyorlar bizga maxsus quritish uskunalari olib kelishdi. Bugun ertalab bir chelak suv to’kdim, qarang, yana qancha suv yig’ilganini?”, - deydi qishloqning yana bir turg’uni Tatyana Fomina.
Tuvakdagi nargis guli, bir nechta kiyim, stul – Tatyananing uyida toshqindan saqlanib qolgan buyumlar asosan shular. Urushdan biroz avval u uyini ta’mirdan chiqargan edi.
“Men bu yerga har kuni yig’ishtirgani kelaman. Ba’zan mana shu stulga o’tirib, yig’layman. Birdan hammasini yo’qotish juda og’ir. Endi nima qilish kerak, deb o’ylayman”, - deydi Tatyana.
Vayronalardan tashqari qishloqda ichimlik suvi ham muammoga aylandi. Suv toshqinidan so`ng daryodagi, quduqlardagi suv ham ifloslandi.
“Suv bilan faqat chiqindilar keldi. Qayerdadir yoqilg’i shaxobchasini bosgan, shundan bizga yog’li suv ham keldi. Hatto bitta uy mutlaqo neft bilan to`ldi”, - deydi Afanasiyevka qishloq kengashi rahbari Vasiliy Xamko.
Volontyorlar bir yildirki qishloqqa ichimlik suvi olib keladi. Bu faqat ichish, ovqat qilish uchun. Yuvinish, boshqa narsalar uchun qishloqliklar ifloslangan suvdan foydalanadi.
“Bu bochkalar ichimlik suvi uchun. Bittasi bo’shab bo`lgan, boshqasida bir kunga yetadigan suv bor. Ertaga volontyorlarga qo’ng’iroq qilib yana suv olib kelishlarini so’rayman”, - deydi Vasiliy.
Boshqa ko’plab qishloqlarda ham ahvol shu. Ukraina Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko`ra, Kaxovka to’g’oni qulashi oqibatida 600 kvadrat kilometr hudud suv ostida qolgan.
“Suv bosgan hududlarning bir qismi ishg’ol ostida, biz u yerdagi vaziyatdan o’rgana olmaymiz. Ukrainaga qarashli hududlardagi tekshiruv natijalari suvda hamon zararli moddalar borligii ko’rsatdi”, - deydi “Let's Do It Ukraine” ekologik harakati faoli Yuliya Marxel.
Ukraina Qishloq xo’jaligi vazirligiga ko`ra, 500 000 gektar ekin yer sug’orishsiz qolgan. Bundan tashqari energiya ishlab chiqarish ham jiddiy zarar ko`rgan, to'g’on gidroelektrostansiyaning bir qismi edi.
“Urushgacha biz bitta GES ishlamasa ham, uddalashimiz mumkin edi. Ukrainaning boshqa hududlardagi ishlab chiqarish quvvatlari yo’q qilingan bir vaziyatda yana bir issiqlik generatsiyasiz qolishimiz jiddiy yo’qotish”, - deydi Energetik tadqiqotlar markazi direktori Aleksandr Xarchenko.
Ukraina rasmiylari suv toshqini oqibatida Ukraina hududida 30 nafar atrofidagi odam halok bo`lganini bildirgan. Afanasiyevkadan qurbonlar yo’q. Mahalliy aholi ishonishicha, bu shukur qilish mumkin bo`lgan inoyat.