Breaking News

Demokratlar Baydendan voz kechishi mumkinmi?


Prezident Jo Bayden Jorjiya shtatida, 28-iyun, 2024
Prezident Jo Bayden Jorjiya shtatida, 28-iyun, 2024

27-iyun kungi debatda demokratlar Prezident Jo Bayden respublikachi raqibi Donald Trampni o'z argumentlari bilan "yer bilan yakson qiladi" deb kutgani va ishonganini aytadi, ammo amalda bunday bo'lmadi, deya afsusda.

Ko'plab tarafdorlar 81 yoshli prezidentning aqliy salomatligini savol ostiga olmoqda. Debatda Bayden ular nazarida ancha zaif ko'ringan.

Bir yarim soatlik bahsda, ijtimoiy tarmoqlardagi mulohazalarga ko'ra, demokrat rahbar so'zlari va fikrlarini aniq ifoda eta olmagan, uni tushunish qiyin bo'lgan.

Ochiqchasiga va o'zaro maslahatlashuvlarda demokratlar Oq uy uchun nomzodni yangilash kerak, deya unday boshlagan. Bunday fikrdagilar deydiki, Bayden bu ketishda 78 yoshli Donald Trampga boy beradi.

"Dahshatda o'tirgan yagona demokrat emasman. Bugun oqshom nima bo'lganini ko'rganlar Jo Baydenga achinishi tabiiy, - deydi sobiq demokrat senator Kleyer Makkaskil, "MSNBC" kanalida so'zlar ekan. - Vaziyatni tuzatish mumkinmi, bilmayman".

Bayden rostan ham debatdagi qoqilishlarini unuttira oladimi? Saylovgacha hali to'rt oy bor. Demokratlar siyosiy reklamani avj oldirish arafasida, buning uchun millionlab dollar yig'ilgan.

2012-yilda demokrat Barak Obama respublikachi raqibi Mitt Romni bilan olishganidan keyin ayrim xatolarini tuzatishga muvaffaq bo'lgan, deydi partiyadoshlari.

Baydenning reytingi 40 foizda ham emas, ammo u saylovchining ko'ngliga yo'l topa olishini aytadi. Tramp albatta yengiladi, deya bildiradi uning komandasi. Ammo to'rt yil oldingi g'alabaga salmoqli farq bilan erishilmagan edi.

Bayden keksaligiga qaramasdan demokratlarning lideri va eng ishongan odami, degan qarash bugun ancha pasaygan, deydi tahlilchilar, va bunga Baydenning hozirgi holati sababdir.

"Debat boshidan sust edi, buni hamma sezdi shekilli", - deya tan oladi Vitse-prezident Kamala Harris "CNN" kanali bilan intervyuda.

Biroq Harris Prezident Baydenni hamon o'ta kuchli nomzod deb biladi.

"Noyabrdagi saylov hayotimizdagi eng muhim tanlov", - deydi u, yurtdoshlarini unga va Baydenga ovoz berishga undar ekan.

Ko'plab demokratlar Harris bilan hamfikr emas, ammo Tramp saylanmasligi uchun birdam bo'lish lozimligini e'tirof etadi. Debatdagi keyingi e'tibor respublikachi nomzodning "yolg'onlarida" va uning kamchiliklarida, deydi liberallar.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom fikricha, demokratlar umidni uzmasligi kerak.

"Bundan bizga hech qanday naf yo'q. O'zimizga ishongan holda oldinga intilishimiz zarur. Prezidentimizni quvvatlashda davom etamiz. Bir debat deb undan yuz o'gira olmaysiz", - deydi Nyusom.

Bunday chaqiriqlarga qaramasdan demokratlar orasida Baydenga muqobil nomzod topish lozim, degan takliflar muhokamada.

Sobiq prezident Obamaning kampaniyasida ishlagan Ravi Gupta bu borada "X" sahifasida yozar ekan, Trampdan boshqa har kimsaga ovoz berishga shay ekanini aytadi, lekin uning fikricha, partiyadoshlari nomzodni qayta ko'rib chiqishi kerak.

Demokratlar o'z prezidenti qayta saylanishni xohlasa, odatda unga qarshi chiqmaydi va boshqa odamni ko'rsatmaydi. Bu an'ana bu safar buzilishi mumkinmi?

Partiyaviy saralash musobaqasida Bayden misli ko'rilmagan ko'lamda quvvatlangan.

Tramp kampaniyasi Baydenning debatda ustun kelmaganidan mamnun, biroq raqib tomon uning o'rniga boshqasini qo'yishiga shubha bilan qaraydi.

Prezident Bayden maydonni o'zi xohlab bo'shatmasa, demokratlarning nomzodi o'zgarmaydi, deydi respublikachi strateg Kris Lachivita.

Bayden va Tramp orasidagi keyingi debat sentabr oyiga rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG