Breaking News

Tashqi siyosat bobida Bayden va Tramp orasidagi farqlar


Rossiya rahbari Vladimir Putin, Moskva, 14-iyun, 2024
Rossiya rahbari Vladimir Putin, Moskva, 14-iyun, 2024

Agressiv Rossiya, o'ziga ishonchi oshgan Xitoy, yanada beqaror Yaqin Sharq va zaiflashgan global munosabatlar - Oq uy uchun kurashayotgan arboblar oldidagi o'gir masalalar. Demokrat Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp ular bilan bog'liq savollardan qocha olmaydi.

Texas universitetidan tarixchi olim Jeremi Suri nazarida prezidentlikka nomzodlar orasidagi aynan xalqaro jumboqlarga kelganda, farq misli ko'rilmagan darajada katta.

“Bayden liberal internationalist va realist, Sovuq urush davriga xos yondashuvga ega", - deydi Suri.

“Tramp esa bir tomonlama qaraydigan va izolyatsiyani ma'qul ko'radigan odam. Amerikada Ikkinchi jahon urushi oldidan shunday kayfiyat hukm surgan".

Rossiya aggressiyasi

Bayden Ukrainani quvvatlash kerak deb hisoblaydi, qancha vaqt ketsa, shuncha. Kongressda bunga qanchalik qarshilik qilinmasin, bu yil 61 milliard dollarlik ko'mak ajratildi.

Yaqinda NATO sammitida Bayden Ukraina masalasi bilan ko'proq Yevropa shug'ullanishi lozim degan tashabbusni olg'a surdi va bu bilan Amerika zimmasiga olgan mas'uliyatni yengillashtirishga harakat qilayotgandek bo'ldi. Shu bilan birga Bayden AQSh yetakchiligida agressiv Rossiyaga qarshi choralar to'xtamaydi, deya bong urdi.

Tramp deydiki, prezidentlikka saylansa, urushni darhol to'xtatadi. Oq uyda faoliyatini boshlamasdanoq u bu mojaroni poyoniga yetkazishga so'z bermoqda.

Lekin qanday qilib?

"Putin va Zelenskiy bilan muzokaralar olib borishini aytmoqda, ammo tinchlikka erishish bu qadar oson emas. Bitim shartlari va asosi nimalardan iborat bo'ladi?" - deydi Sergiy Kudelia, Beylor universiteti professori.

Bayden esa Ukraina bilan 10 yillik xavfsizlik kelishuviga ishora qilib, Putin aslo maqsadlariga yeta olmaydi, deydi.

"Tramp ham qat'iy gapirmoqda va tashqi siyosatda bo'sh emasligini ko'rsatishga urinmoqda", - deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Herbst.

"Tramp prezident bo'lsa-yu, Rossiya urushda ustun kelsa, AQSh uchun tashqi siyosatda katta boy berish bo'ladi".

Pekinda AQSh-Xitoy muzokaralari, 8-iyul, 2023
Pekinda AQSh-Xitoy muzokaralari, 8-iyul, 2023

Xitoy maqsadlari

Bayden deydiki, Amerika Xitoy bilan raqobatda, mojaroda emas va u bilan urushish niyatidan mutlaq yiroq. Aksariyati amerikaliklar azaldan Xitoyga iqtisodiy ko'z bilan qaraydi, ya'ni bu davlat AQSh uchun avvalo yirik biznes sherik.

Bayden Xitoyning qator mahsulotlariga, jumladan elektromobillari, batareyalari, muqobil energetika texnologiyasi, metal va tibbiy vositalariga tarifflarni ko'targan.

Bayden Xitoy biznesini haqqoniy deb bilmaydi, chunki unda hukumatning roli katta. Xususiy sektorda davlat ulushi salmoqli.

"Bunday biznes bilan raqobat qilib bo'lmaydi, bu mug'ombirlik", - deydi AQSh rahbari.

Tramp yondashuvi yanayam keskinroq. Uningcha, Xitoy importiga kamida 60 foiz soliq solish kerak.

Chikago universitetidan Konstantin Sonin tahlilicha, Bayden ham, Tramp ham Xitoyga nisbatan ancha qattiq. Bayden Tramp prezidentligida qilingan qarorlarni u qadar o'zgartirmagan, deydi u, jumladan tarifflarni.

“Sakkiz yil oldin Xitoyga umuman boshqacha qaraydigan prezident bo'lishini aytgan bo'lsa-da, Bayden aslida bu jihatdan o'ta farqli lider emas”,- deydi Sonin.

Xitoy Tayvanni bosib olsa, Vashington qanday chora ko'radi? Nomzodlardan hozircha aniq javob yo'q.

Sonin deydiki, Tramp tashqi siyosat haqida keskin gaplar aytsa-da, amalda ancha yumshoq, nafaqat Xitoyga, balki qo'shni Meksikaga nisbatan ham.

Yaqin Sharqda oxiri ko'rinmayotgan urush

Bayden Isroilning metin quvvatlovchisi ekanini da'vo qilsa-da, Isroilning G'azoda davom ettirayotgan qonli harbiy amaliyotlarini tanqid qilib turadi, uni xalqaro qonunlarni buzmaslikka undab keladi.

Trampning yondashuvi esa shaxsiy aloqalariga asoslangan bo'lib, u butun mintaqaga o'z tajribasidan kelib chiqqan holda qaraydi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan har doim ham til topisha olmaganini tan oladi.

FILE - A boy carries salvaged items from the rubble of a building destroyed during Israeli bombardment at al-Shati refugee camp in Gaza City on June 22, 2024, amid the conflict between Israel and the Palestinian militant group Hamas. (Photo by Omar AL-QA
G'azo hamon Isroil o'qlari ostida, 22-iyun, 2024

Bayden yaqinda yahudiy davlatni G'azoga piyoda kuchlar kiritmaslikka va hujumlarni faqat havodan emas, boshqa yo'llar bilan olib bormaslikka chaqirib, aks holda qurol uzatmasligi haqida ogohlantirganida, Tramp buni qoralab, prezidentni terrorchilarning yonini olayotganlikda aybladi.

Tramp Isroil-Falastin borasida gap ketganida terrorizm so'zini ko'p qo'llaydi va buni mahalliy masalalarga bog'laydi. Ommaviy so'rovlardan ma'lumki, Amerikada saylovchi terrorizmdan qattiq xavfsiraydi. Buni bilgan Tramp tashqi dunyodagi tahdidni ichkaridagi xavfga ulaydi.

Masalan, Tramp so'zlariga ko'ra, Amerika universitetlarida G'azodagi urushga qarshi qilingan keng ko'lamli namoyishlar terroristlarni yoqlashdir. Shu tarzda u saylovchining ovozini olmoqchi, deydi tahlilchilar.

Pyu tadqiqot markazining qayd etishicha, qo'rqinch - har qanday saylovda eng muhim omillardan biri.

Tashkilot o'tkazgan ommaviy so'rovlar natijasi shuni ko'rsatadiki, respondentlarning 73 foizi uchun terror xurujlarining oldini olish, 64 foizi uchun qoradoriga qarshi kurash, 63 foizi uchun esa ommaviy qirg'in qurollari tarqalmasligini ta'minlash AQSh tashqi siyosatidagi asosiy vazifalar bo'lishi kerak.

Lekin ovoz berayotganida amerikaliklar baribir iqtisodiyotni va ichki masalalarni yuqori o'ringa qo'yadi, deya eslatadi Pyu markazi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG