Breaking News

G'azo urushi amerikalik musulmonlarning siyosiy qarashini o'zgartirmoqda


Amerikalik musulmonlar G'azoda tinchlik o'rnatilishini talab qilib namoyish o'tkazmoqda, Vashington, AQSh, 2023-yil, 21-oktabr.
Amerikalik musulmonlar G'azoda tinchlik o'rnatilishini talab qilib namoyish o'tkazmoqda, Vashington, AQSh, 2023-yil, 21-oktabr.

G'azodagi urush musulmon amerikaliklarni noyabrdagi saylov oldidan o’z siyosiy qarashlarini qayta ko’rib chiqishga undamoqda.

Prezident Jo Baydenning Isroilni so’zsiz qo’llab-quvvatlashidan hafsalasi pir bo'lgan demokrat musulmonlar endi unga ovoz bermasligini aytmoqda.

Nafaqat musulmon demokratlar o'zlarining bir vaqtlar afzal ko'rgan nomzodini tark etmoqda, balki ba'zi musulmon respublikachilar ham o'z partiyasining Isroilni qo'llab-quvvatlashidan norozi.

Texasning Fort-Bend okrugidagi asli pokistonlik respublikachi faol Mo Nehad G'azodagi mojaroning siyosiy ta'sirini musulmon amerikaliklar orasida allaqachon sezmoqda.

Kichik biznes egasi, politsiya zobiti va harbiy xizmatchi bo‘lib ishlagan Nehad mahalliy musulmon jamoasini Respublikachilar partiyasi bilan bog‘lash ishlarida ko’ngilli bo’lib ishlaydi.

“Demokratik partiyadan saylangan prezident va respublikachilar tomonidan saylangan prezident milliy masalalar boʻyicha qilgan ishni solishtirganda, respublikachilar tomonidan saylangan prezident musulmonlar uchun ancha yaxshi bo’lgan”, - deydi u.

Uning harakatlari o‘z samarasini berdi. Fort-Bend okrugidagi musulmonlar jamiyati, asosan, demokrat sifatida qolgan bo'lsa-da, partiya chizig'ini kesib narigi tomonga o'tganlar ham bor.

"Bular men bilan bir masjidga boradiganlar, bir xil uy-maktab guruhlarida bo'lgan odamlar", - dedi Nehad.

Keyin oktabrda G'azo urushi boshlandi. Xamas Isroilga hujum qilib, musulmon demokratlar va respublikachilarning siyosiy sadoqatini sinovdan o'tkazdi. Har ikki toifadagi musulmonlar ham o'z partiyalarini Isroil tarafdori deb hisoblaydi.

2020-yilda Baydenga koʻpchilik ovoz bergan amerikalik musulmonlar AQSh 30 000 dan ortiq falastinlikni oʻldirgan Isroil harbiy kampaniyasini qoʻllab-quvvatlayotganidan norozi.

Joriy yilning boshida bir guruh ilg'or musulmon faollari “Baydenni tark et” (#AbandonBiden) deb nom olgan kampaniyani boshlab, yuz minglab saylovchilarni Michigan va boshqa joylarda o’tgan demokratik partiya ichki saylovlarida Baydenga ovoz berishdan bosh tortishiga erishdi. Ular, shuningdek, noyabr oyida Baydenga ovoz bermasliklarini aytmoqda.

Respublikachilarga moyil bo'lgan musulmonlar soni kamroq bo'lsa-da, ular ham G’azo urushi ortidan o’z partiyalaridan uzoqlashmoqda.

Nehadning aytishicha, u noyabr oyida sobiq prezident Donald Trampga ovoz berish niyatida, lekin baʼzi respublikachi musulmonlar oʻz qarashlarini qayta koʻrib chiqmoqda. Hatto oxirgi paytlarda Isroil harakatlarini qattiqroq tanqid qilgani uchun Demokratik partiyaga “qaytib kelayotganlar” ham bor.

"Ular respublikachi nomzodlarga ovoz berishni xohlamaydi, chunki respublikachi nomzodlar oldinga borishni va Isroilning qilmishini ochiqchasiga qoralashni xohlamaydi", - dedi Nehad.

Respublikachilar safidagi o’sish to’xtadi

Virjiniya shtatidagi Nyuport universiteti professori Yusuf Choxudning aytishicha, G'azodagi urush respublikachilar partiyasiga qo’shilayotgan musulmonlar sonini to’xtatdi.

Urush bo‘lmaganida, noyabr oyida amerikalik musulmonlarning 40 foizi respublikachilar partiyasi nomzodiga ovoz bergan bo‘lardi, dedi u.

Endi u bu raqamlarga unchalik ishonmaydi.

"Agar 40 foizdan ortig'i uchinchi tomonga ovoz bersa, hayron bo'lmayman", - dedi u.

Diskriminatsiyaga qarshi Arab-Amerika qo'mitasi va “The Truth Project” tomonidan o'tkazilgan so'nggi so'rovning ko’rsatishicha, arab-amerikalik saylovchilarning atigi 7 foizi Baydenga va 2 foizi Trampga ovoz berishni rejalashtirgan; Yashillar partiyasi nomzodi Jill Shtayn esa 25 foiz ovoz olgan.

Musulmonlar ovozi Bayden va Tramp o'rtasidagi prezidentlik bellashuvi natijasiga qanday ta'sir qilishi noma'lumligicha qolmoqda.

3,5 millionga yaqin musulmonlar AQSh aholisining atigi 1 foizini tashkil qiladi. Musulmon aholisi ko'p bo'lgan shtatlardagi keskin poygalarda ularning ovozi saylov natijasini o'zgartirishi mumkin.

Ammo amerikalik musulmonlar ko'p sonli hamda ularning manfaatlari va ustuvorliklari ko'pincha umumiy elektorat kabi turlicha. G'azo mojarosidan g'azab jamiyatni birlashtirgan bo'lsa-da, bu ularning ovoz berish qaroriga turtki bo'lgan yagona masala emas, deydi Michigan shtatining Diyerborn shahridagi musulmon amerikalik tadqiqot guruhi, Ijtimoiy siyosat va tushunish institutining tadqiqot direktori Saher Selod.

Tarixga nazar

Tarixiy jihatdan, musulmon amerikalik saylovchilar ikki yirik siyosiy partiya o'rtasida o’zgarib turgan. 2000-yilda ko‘pchilik respublikachi Jorj Bushni qo‘llab-quvvatlagan.

Sentabr hujumlaridan keyin vaziyat o'zgardi. 11-yil ichida, Bush ma'muriyatining "terrorga qarshi urush" davrida jamiyat ustidan nazorat kuchayishi musulmonlarni Demokratik partiyaga qo’shilishga undadi. 2004-yildan buyon har bir prezidentlik saylovlarida musulmonlar demokrat nomzodni yoqlab kelmoqda.

Ammo so'nggi yillarda 11-sentabr xotiralari so'nib, ba'zi musulmonlar abort, bir jinslilar nikohi va maktablarda LGBTQni qamrab oluvchi siyosat yuritish kabi demokratlar yoqlovchi masalalardan norozi bo’lib, respublikachilar safiga o’tmoqda.

G'azoga yordam: Yuk kemasi Kiprdan yo'lga chiqdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:13 0:00

"Bu jamiyatdagi ijtimoiy konservatizm ko'plab siyosiy munozaralar asosida yuzaga chiqadi va siyosiy qarorlarni boshqaradi", - deydi Choxud.

2020-yil oktabr oyida Ijtimoiy siyosat va tushunish instituti o’tkazgan so‘rov ko‘rsatdiki, musulmonlarning 30 foizi Trampning ish faoliyatini ma’qullagan, bu ko‘rsatkich 2018-yildagi raqamdan 13 foiz ko‘p.

2020-yil noyabr oyida “Associated Press” tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, musulmonlarning 64 foizi Baydenni, 35 foizi esa Trampni qoʻllab-quvvatlagan.

Boshqa so‘rovlar musulmonlarning Trampni qo‘llab-quvvatlashi kamtarona oshganini ko‘rsatdi.

Musulmonlarning respublikachi nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashi 2022-yilda ham davom etdi. O‘sha yilgi oraliq saylovlarda musulmonlarning 28 foizi respublikachilarga ovoz berdi, bu 2018-yilgi oraliq saylovdagi 17 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori. Musulmonlarning 70 foizi demokratlarni yoqlagan bo’lsa-da, bu raqam avvalgi 81 foizdan kamaygan.

Yaqinda o'tkazilgan “Pew Research” so'roviga asosan, musulmon saylovchilarning 66 foizi demokrat, 32 foizi esa o’zini respublikachi deb biladi.

Bir paytlar mustaqil saylovchi bo’lgan Nehad hozir respublikachi. Undagi o’zgarish Demokratik partiyadan mahalliy lavozimga saylanish bo’yicha o’tkazgan muvaffaqiyatsiz urinishidan keyin paydo bo'ldi. U o'zining diniy e'tiqodiga zid bo'lgan ba’zi masalalarda demokratlar tomonidan bosim sezganini aytadi.

Bu yil u Respublikachilar partiyasidan Fort-Bend okrugi sherifligiga nomzodini qo’ydi.

"Respublikachilar partiyasi tarafdori bo'lgan hamma narsa, uning 70 foizi mening e'tiqodim va qadriyatlarimga to'g'ri keladi, - dedi Nehad. - Men buni Demokratik partiya bilan solishtirsam, bu atigi 20 yoki 40% bo'lishi mumkin".

Texasdagi musulmon amerikaliklarning yana bir faoli Zahur Girening aytishicha, amerikalik musulmonlar mustahkam oila, anʼanaviy nikoh, anʼanaviy gender rollari va abortga qarshilik kabi “konservativ respublikachilar qadriyatlari bilan hamfikr”.

"Mening oila a'zolarim ilgari Demokratik partiyaga ovoz bergan va hozirda respublikachilarga ovoz bermoqda", - deydi u.

Respublikachilar partiyasiga quchog’ini qayta ochgan musulmonlar tufayli bu yil Texas shtatidagi mahalliy saylovlarda respublikachilardan rekord darajada sakkiz nafar musulmon nomzod qatnashmoqda.

Ko‘pchilik musulmon respublikachilar nazarida, Tramp boshqalar ko‘rganidek, musulmonlarga qarshi siyosatchi emas. Ular "musulmonlarga taqiq" deb atalgan Tramp farmonini diniy asosga ega bo’lmagan, balki zarur milliy xavfsizlik chorasi sifatida himoya qilishadi.

Ammo G'azo urushi Amerikadagi musulmonlar uchun "asosiy masala"ga aylandi, deydi Gire. Tramp shu yil boshida Isroilni “boshlagan ishini oxiriga yetkazishga” undashi va Isroilni qoʻllab-quvvatlashi ortidan baʼzi musulmon respublikachilar ikkilanib qoldi.

Noyabr oyida Trampni qoʻllab-quvvatlaysizmi, degan savolga Gire, “Biz uning tashqi siyosati qanday boʻlishini, musulmon amerikaliklarga nisbatan pozitsiyasi qanday boʻlishini aniq koʻrishimiz kerak”, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG