Breaking News

G'azo Sektorida xavfsiz joy qoldimi?


Isroil Misr bilan chegaradagi Rafahda jon saqlayotgan falastinliklarga shaharni tark etishni buyurishi ketidan yuz minglab odam Isroil Rafahda yirik amaliyot boshlashini kutmay boshqa joyga ketishga majbur bo’ldi. Biroq falastinliklar sektorning hech bir joyida o’zini xavfsiz his qilmasligini aytadi.

Imtiyoz Aysam Abu Aydah olti bolaning onasi. Urush boshidan beri oila to’rt marotaba bir joydan boshqasiga ko’chdi. Isroil havodan varaqalar tarqatib, Rafahni tark etishni buyurishi bilan ayol farzandlarini olib, yana yo’lga tushdi.

“Hech bir joy xavfsiz emas. Yana necha marta qochamiz, necha marta uysiz bo’lamiz? Bu yerda hatto suv topish qiyin. O’g’lim suvni uzoqdan olib kelishga majbur. Farzandlarimning xoli nima bo’ladi?”, - deydi Abu Aydah.

Isroil hujumlaridan vayron bo’lgan Xon-Yunus tevaragida joylashgan chodirli lagerda na dori, na oziq-ovqat, na suv, na qurilish materiallari bor.

Falastinliklar dunyo hamjamiyati ularning taqdiriga befarq degan fikrda.

“Xalqaro hamjamiyatning sukutidan xafamiz. Bu bizga ruhan ta’sir qilmoqda. 21-asrda, taraqqiyot davrida, ozodlik, demokratiya, insoniylik davrida falastinliklar sababsiz qiriladi deb hech o’ylamagandim”, - deydi Muhammad Mansur Zanun ismli bir odam.

XAMAS o’tgan yil 7-oktabrida Isroilga hujum qilib, 1200 odamni o’ldirishi ketidan Isroil sektorga qo’shin tortib, 35 mingdan ziyod falastinlikning o’limiga sabab bo’ldi.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi yana bir necha kundan so’ng G’azoda oziq-ovqat va yoqilg’i qolmasligi haqida ogohlantirmoqda. Tashkilot o’tgan hafta ochlik G’azo shimolini qamrab olayotganini bildirgan. Sektorda sog’liqni saqlash tizimi ishdan chiqqan.

Abu Aydah 150 dan ortiq qarindoshi o’lganini, G’azoni tark etishga imkoni yo’qligini, omon qolish uchun kurashishga majbur ekanini aytadi.

“Otashkesim bo’lishini orzu qilaman. La’nati urush tezroq tugasin. Yana necha marta o’lishimiz kerak? Xavfsizlik, tinchlik bo’lsin”, - deydi ayol.

Abu Aydah so’nggi kunlarda G’azoga gumanitar yordam yetkazilganini tan olarkan, oilasi undan deyarli bahramand bo’lmaganini, Isroil hujumlarida o’lgan ayrim qarindoshlarining jasadlari topilib dafn etilganini, ammo aksariyatiniki vayronalar ostida qolayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG