Breaking News

AQSh Isroil va XAMAS otashkesimga kelishishiga umid bildirmoqda


XAMAS Isroilning Rafahga so’nggi hujumlarini qoralab, amaliyot to’xtamasa, muzokaralardan chiqishini bildirdi.

Xalqaro hayot - 8-may, 2024-yil - G'azoda otashkesim uchun harakat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:40 0:00

"Agar bosqin davom etadigan bo’lsa, otashkesimga rozi bo’lmaymiz, chunki hujum qilayotgan va otayotgan Isroildir. Qarshilik harakati esa bosqinga javob beryapti, o’zini himoya qilyapti, bosqinni yengish uchun javob beryapti”, - deydi XAMAS vakili Osama Hamdan.

Jon saqlash maqsadida minglab falastinlik Rafahni tark etmoqda. Isroil amaliyotdan qaytmasligini ta’kidlamoqda.

“XAMASni Rafahda va butun boshli G’azo Sektorida yo’q qilmagunimizgacha yoki garovdagilar ozod etila boshlamaguncha amaliyot davom etadi”, - deydi Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azoda sulh bo’yicha XAMAS qabul qilgan taklifni rad etdi.

“Isroilning urushdan maqsadi XAMASga biror narsani ortiq nazorat qilishiga yo’l qo’ymaslikdan iborat. Aks holda Isroil urushni boy bergan bo’ladi”, - deydi Isroildagi Bar-Ilan universitetidan Eytan Shamir.

Vaziyat keskinlashayotganiga qaramay, XAMAS va Isroil Qohirada vositachilar orqali muzokara qilishda davom etmoqda.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi otashkesim bo’yicha kelishuv tez orada erishilishiga umid bildirdi.

“Har ikki taraf pozitsiyalarini yaxshiroq o’rganib, ular qolgan bo’shliqlarni yopish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak degan fikrdamiz. Jarayonni qo’llab-quvvatlash va natijaga erishish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz”, - dedi Kirbi.

Biroq hamma tahlilchilar ham bu kabi optimizmga qo’shilmaydi. AQShning Yaqin Sharq bo’yicha sobiq muzokarachisi Aaron Deyvid Millerning aytishicha,

Netanyaxu va XAMASning G’azodagi rahbari Yahyo Sinvar hozirgi vaziyatda o’zlarining siyosiy ma’noda omon qolishlari uchun qayg’urmoqda.

“Mojaroda qatnashayotgan ikki taraf orqaga yo’l yo’q deb o’ylayotgan bo’lsa, gap muhim milliy manfaat yoki Sinvar misolida tirik qolish haqida ketayotgan bo’lsa, tashqi taraflarning ta’siri cheklangan bo’ladi”, - deydi u.

Noyabrda qayta saylanishga umid qilayotgan Prezident Jo Bayden ushbu vaziyatdan foyda yoki zarar ko’rishi mumkin. Bayden Isroilni otashkesimga chaqirib keladi.

Dushanba kuni Isroil Rafahni Misrga ulovchi nazorat punktini egallashi ketidan G’azo Sektoriga gumanitar yordam to’xtab qoldi. Yuk mashinalari Misr tarafida to’planib, chegaradan o’tolmayapti.

BMT va gumanitar tashkilotlar Rafahdan tashqari Isroil tarafidan Kerem Shalom chegara punkti yopilganini ham ma’lum qiladi.

“Rafahda chegaraning yopilishi sektorda sog’liqni saqlash tizimiga yanada zarar yetkazadi. Chunki Rafah orqali ichkariga tibbiy anjomlar va dori-darmonlar o’tib turadi”, - deydi Rafahdagi Quvayt kasalxonasi shifokori Muhammad Abu Sohil.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil va XAMASni tezroq otashkesimga kelishishga chaqirdi.

“Rafahga katta hujum gumanitar ofatga olib kelishiga shubha bo’lmasin. Qurbonlar son-sanoqsiz bo’ladi, ko’plab oilalar yana qocha boshlaydi, ammo qochishga xavfsiz joyning o’zi yo’q”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG