Breaking News

G'azo bilan bog'liq vaziyat qanday?


Netanyaxu Xalqaro jinoiy sud rejasidan norozi

Xalqaro hayot - 1-may, 2024-yil - Netanyaxu xavotirlari. Gumanitar yordam. Turkiyaning roli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:43 0:00

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu agar Xalqaro jinoiy sud Isroil hukumati a’zolarini hibsga olishga order chiqarsa, bu “tarixiy miqyosdagi janjal”ga sabab bo’lishini aytdi.

"Isroil sud yurisdiksiyasini tan olmaydi hatto. Isroilda qonunning buzilish holatlarini qattiq tergov qiladigan mustaqil sud tizimi mavjud. Xalqaro jinoiy sudning ushbu harakati Isroilning o’zini himoya qilish salohiyatini falaj qilishga qaratilgan”, - dedi Netanyaxu.

Urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va qatliom holatlarini tergov qiluvchi sud XAMASning 7-oktabr kuni Isroilga hujumi hamda Isroilning o’shandan beri G’azodagi harbiy amaliyoti paytida sodir etilgan jinoyatlarga mas’ul shaxslarni hisbga olishni buyurishi mumkin.

Sudning Rim nizomiga qo’shilgan mamlakatlar bunday shaxslarni o’z tuprog’ida hibsga olish majburiyatini olgan.

Xabarlarga ko’ra, sud Netanyaxu, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant hamda armiya bosh shtabi boshlig’i Gersi Xalevini hibsga olishga qaror chiqarishi kutilmoqda.

Shunday bo’lgan taqdirda, AQSh qonunchilari Xalqaro jinoiy sud a’zolariga nisbatan sanksiya qo’yishi mumkinligini bildirdi.

AQSh G’azoga gumanitar yuk olib kirish uchun iskala qurmoqda

Bu o’rtada AQSh harbiylari O’rta yer dengizining G’azoga yaqin qismida sektor uchun gumanitar yordam to’plashga xizmat qiluvchi iskala qurilishini yakunlamoqda. Platforma ishga tushishi bilan G’azoga bir kunda gumanitar yuk ortilgan 150 tagacha mashina kirishi mumkin bo’ladi.

Biroq AQSh Kongressining ayrim vakillari bu rejaga qarshi chiqmoqda.

Ular amerikalik askarlarning zarar ko’rish ehtimolidan xavotirda.

Prezident Jo Bayden AQSh qurolli kuchlari mojaroga aralashmasligini aytib keladi.

“Agar G’azo tarafidan kimdir 320 million dollarlik iskala qurayotgan harbiylarimizga o’q uzsa, askarlarimiz javob bermaydi deb aytmoqchimisiz?”, - deya so’radi Vakillar palatasining respublikachi vakili Met Gets AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostindan.

“Harbiylar o’zini himoya qilishga haqli”, - dedi Ostin.

Unga ko’ra, iskalani himoya qilishda AQSh askarlariga Isroil harbiylari yordam beradi.

Ostin Isroil armiyasi tinch aholini ham yaxshiroq himoya qilishi kerakligini aytadi.

"Agar shunday qilinmasa, tinch aholining bir qismi keyinchalik sizga qarshi bosh ko’taradi va uzoq muddatda o’zingizga muammo bo’ladi”, - deydi vazir.

Iskala sohildan 300 kilometr narida bo’lib, gumanitar yuklar avval Kiprga yetkazilib, u yerda tekshiruvdan o’tadi. Isroil gumanitar yuk bahonasida G’azoga qurol-yarog’ olib kirilishidan xavotirda.

Shundan so’ng yuk kemalarda iskalaga yetkaziladi, u yerda esa yuk mashinalariga ortilib, ularni sohilgacha AQShga qarashli harbiy kema va qayiqlar olib boradi. Har bir kemaga 15 ta, qayiqqa esa 5 ta yuk mashinasi sig’adi.

Amerikalik qonunchilar universitetlardagi namoyishlardan norozi

AQSh universitetlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar izdan chiqa boshlagan. Ayrim o’quv yurtlarida namoyishchilar Isroilni qo’llab-quvvatlab qarshi namoyishga chiqqan talabalar bilan to’qnashmoqda.

Nyu-Yorkning Kolumbiya universitetida seshanba oqshom politsiya talabalar o’rnatgan chodirli lagerni buzishga harakat qildi, bir nechta studentni hibsga oldi.

Namoyishchilar oliygoh ma’muriyatidan Isroil hukumatini qo’llab-quvvatlayotgan kompaniyalar bilan hamkorlikdan voz kechishni, namoyishda qatnashgani uchun jazolangan, o’qishdan chetlatilgan talabalar uchun amnistiya e’lon qilishni talab qilmoqda.

AQSh Vakillar palatasidagi ayrim respublikachi qonunchilar universitet prezidenti Minuch Shafikni lavozimidan olishga chaqirdi.

“Talabalar yakuniy va bitiruv imtihonlariga tayyorlanayotgan bir paytda ma’muriyat universitet faoliyatini ta’minlay olmadi. Bu adolatdan emas. Bu xavfsiz ham emas, bas qilish kerak buni. Politsiyadan vaziyatga aralashishni so’radik. Qo’llaridan kelmasa, Milliy gvardiyani ishga solishga to’g’ri keladi”, - deydi quyi palata spikeri Mayk Jonson.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissariati so’zlovchisi Marta Xurtado talabalar namoyishlariga munosabatdan xavotir bildirdi.

“AQShdagi universitetlar kampuslarida bo’layotgan namoyishlarni qattiqqo’llik bilan tarqatish qadamlaridan xavotirdamiz. So’z erkinligi va tinch uyushish erkinligi har bir jamiyat uchun muhimdir, ayniqsa istilodagi Falastin hududlari va Isroil o’rtasidagi mojaro kabi yirik masala bo’yicha keskin kelishmovchiliklar mavjud bir paytda”, - deydi BMT rasmiysi.

Ayrim o’qituvchilar namoyishchilarning o’qishdan chalg’iyotganiga e’tibor qaratadi.

"Talabalar talaba bo’lmoqchi ekaniga qaror berishi kerak. Oynalarni sindirish, boshqa odamlarning o’qish va ishlariga halaqit berish talabalik emas”, - deydi Kolumbiya universiteti o’qituvchisi Yoannis Kimissis.

Turkiya G’azo mojarosida xolis vositachi bo’la oladimi?

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an yaqinda XAMAS rahbari Ismoil Haniya bilan uchrashdi. Ba’zilar buni Erdog’anni G’azodagi urushga mavhum munosabatda ayblayotgan tanqidchilarini tinchlantirishga harakat deya ko’rmoqda.

Prezident Isroilni ko’p tanqid qilsa-da, u bilan savdodan voz kechgani yo’q

“Erdog’an konservativ saylovchilarni siyosatida ikkiyuzlamachilik yo’qligini ko’rsatishga ishontirmoqchi bo’ldi. Agar Qatar XAMAS rahbariyatini mamlakatdan chiqarishga qaror qilsa, Turkiya ularni o’zida qabul qilishi mumkin”, - deydi London iqtisodiyot maktabi tahlilchisi Selin Nasi.

Anqara G’azo mojarosini hal qilishda kattaroq rol o’ynashga intilmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, XAMAS rahbariyati Qatarni tark etishga majbur bo’lishi mumkin.

Erdog’an Misr bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirib, mojaroda vositachilikni ham uddalashga intilmoqda. Yaqinda Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriy Istanbulda u bilan muloqot qildi.

Bir paytlar sovuq va ziddiyatli bo’lgan aloqalar hozir ancha iliq. Tahlilchilar hamkorlikka imkon borligini aytadi.

“Misr ham, Turkiya ham g’azolik falastinliklarga nisbatan chuqur hamdardlik bildirgan holda bayonotlarida o’ta faol. Shu bilan birga, har ikkisi Isroil bilan tijoriy, diplomatik va xavfsizlik aloqalarini saqlab turibdi”, - deydi Londondagi Qirollik birlashgan xizmatlar instituti tahlilchisi Jalol Xarchuy.

Biroq, deydi kuzatuvchilar, Erdog’anning Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga qarshi ochiq hujumlari Turkiyaning vositachilik rolini cheklamoqda

“Hukumat ohangini jilovlashi, Isroil bilan muloqotni tiklashi kerak. Turkiya vositachilikka loyiq xolis uchinchi taraf sifatida ko’rilmaydi. Aksincha XAMASni qo’llab-quvvatlamoqda, oqlayapti. Turkiya ancha muvozanatli pozitsiyaga o’tishi kerak”, - deydi Selin Nasi.

O’tgan oy Erdog’an Eron va Isroilni mintaqadagi ziddiyatlarni kuchaytirayotganlikda aybladi. Tahlilchilar nazarida, Turkiyaning XAMAS bilan yaqin aloqalari Eronning harakatga ta’sirini zaiflashtirishi mumkin.

Erdog’an shu oy Vashingtonga borishi kerak edi, biroq safar XAMAS bilan aloqasi sabab qoldirilgani taxmin qilinmoqda.

“G’azodagi dramatik manzaralar Erdog’anni G’azodagi vaziyatga jiddiyroq e’tibor berishga majburlamoqda. Oq uy AQShning G’azodagi siyosatini kameralar oldida ochiqchasiga tanqid qiladigan rahbarni qabul qilishga tayyor deb o’ylamayman”, - deydi Vashingtonda asoslangan Brukings tahlil institutidan mutaxassis Asli Oydintoshbosh.

Erdog’anning AQShga safari qoldirilgani bilan Anqara va Vashington yuqori darajadagi hamkorlikni to’xtatgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG