Isroil o'zini Eron hujumlaridan muvaffaqiyatli mudofaa qilganini bildirmoqda, Tehron esa agar Isroil javob qaytarsa keyingi hujumlari yanada kuchliroq bo'lishi haqida ogohlantirdi.
13-aprel kuni tunda Eron Isroilga qarata yuzlab dron va raketalar uchirdi. Isroil bo’ylab, xususan Quddusda sirenalar yangradi, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushdi.
300 dan ortiq dron va raketalarni urib tushirishda Isroilga AQSh va Britaniyaning mintaqadagi kuchlari yordam bergan. Eron hujumga o’tgani haqidagi e’londan ko’p o’tmay Livandagi Hizbulloh guruhi ham Isroilning shimoliy hududlarini nishonga ola boshladi.
Isroilning bildirishicha, hujum natijasida ayrim joylarga, jumladan Nevatim harbiy bazasiga oz miqdorda zarar yetgan, o’lim qayd etilmagan.
Isroil havo hududi ham mahalliy, ham xalqaro reyslar uchun qayta ochildi. AQSh rahbari Jo Bayden Yaqin Sharqda kengroq urush avj olishini bartaraf etish uchun Isroilni javob hujumidan tiyilishga chaqirmoqda.
Isroil ittifoqchilarining yordami bilan o’zini mudofaa qila olishini ko’rsatdi, deydi AQSh rasmiylari.
Eron Inqilobiy korpusi bayonotiga ko'ra, keng qamrovli havo hujumi aprel boshida uning Suriyadagi elchixonasiga berilgan zarbaga javobdir.
O'shanda 12 kishi, jumladan bir necha harbiy maslahatchilar va generallar, xususan Inqilobiy korpusi qo’mondonlaridan biri Rizo Zohidiy halok bo'lgan. Tehron hujumda Isroilni ayblab, kuchli javob qaytarishini aytib kelayotgan edi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon deydiki, “Tehron mudofaa amaliyotlarini davom ettirish niyatida emas, lekin kerak bo’lsa har qanday yangi tajovuzdan o’zining qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan tortinmaydi”.
Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Eron “sionistik rejimning Damashqdagi Eron elchixonasiga qarshi tajovuziga” javob berdi. Yahudiy davlati 1-apreldagi hujumni amalga oshirganini tasdiqlagani ham, inkor etgani ham yo’q.
AQSh rahbari Jo Bayden Delaver shtatidan Oq uyga qaytib, xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasbi bilan gaplashib olgan.
Vashington Isroilga bundan keyin ham o'zini himoya qilishga yordam berishini ta'kidlamoqda.
“Prezident Jo Bayden ta’kidlaganidek, biz Isroilni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Oq uy Xavfsizlik kengashi vakili Adriyev Votson.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Eronning Isroilga qarshi hujumini qoralab, harbiy harakatlarni darhol to’xtatishga chaqirgan. “Mintaqa miqyosida halokatli eskalatsiya xavfidan xavotirdaman”, - deydi u.
"Katta Yettilik" guruhiga a'zo davlat bugun video-majlis o'tkazib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qiladi. BMT Xavfsizlik kengashida ham favqulodda yig'ilish o'tkazadi.