Breaking News

Isroil: AQSh bilan aloqa sovuqlashsa ham Rafah amaliyotidan voz kechmaymiz


G'azo Sektorining Rafah shahri
G'azo Sektorining Rafah shahri

Yaqin Sharq mamlakatlari bo’ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, juma kuni Tel-Avivda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. AQSh rasmiysi Isroilni G’azoda sulhga undashga harakat qilmoqda.

Blinken bungacha Misr va Saudiya Arabistonida bo’ldi, bir necha arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan majlis qildi.

Xalqaro hayot - 22-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:52 0:00

AQSh G’azoda darhol sulhga chaqiruvchi rezolyutsiyani BMT Xavfsizlik Kengashida ovozga qo’ydi, biroq Rossiya va Xitoy vetosi sabab hujjat qabul qilinmadi.

Unda olti haftalik sulh evaziga XAMAS garovga olgan odamlarning 40 nafarini ozod etishga da’vat bitilgan. Rossiya elchisi rezolyutsiyaga haddan tashqari siyosiy tus berilganiga, Isroilga Rafahda harbiy amaliyot o’tkazishga yashil chiroq berilganiga ishora qilib, kengashga doimiy a’zo bo’lmagan bir necha mamlakat alohida resolyutsiya tayyorlaganini aytdi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur AQSh taklif etgan hujjatni bir tomonlama deb atadi, unda Isroilning G’azoda qatliom va vayronalarga mas’uliyati tilga olinmaganini aytib tanqid qildi, parallel rezolyutsiya loyihasi bugun yoki ertaga ovozga qo’yilishini, arab davlatlari va Falastin aynan uni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Blinkenning aytishicha, Isroilning Rafahga hujumi xato bo’ladi, ko’plab begunoh insonlar o’limiga olib keladi va hatto Isroilning AQSh bilan aloqalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

"Rafahda yirik harbiy amaliyotni qo’llab-quvvatlamaymiz. Buni XAMASga qarshi kurashda zaruratsiz deb bilamiz”, - dedi Blinken.

Rafah Misr bilan chegarada joylashgan bo’lib, Isroil hujumlaridan qochgan yuz minglab falastinlik G’azoning boshqa joyidan qochib u yerda jon saqlamoqda.

Misr, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Falastin tashqi ishlar vazirlari bilan majlisda Blinken G’azoga quruqlik, havo va dengiz orqali gumanitar yordam yetkazish haqida gaplashdi.

Isroilning Strategik masalalar bo’yicha vaziri va AQShdagi sobiq elchisi Ron Dermer Rafahni XAMASning so’nggi qal’asi deb atarkan, shaharga qo’shin tortish muqarrar ekanini bildirdi, garchi bu AQSh bilan aloqalarning sovuqlashishiga yetaklasa-da.

“Butun dunyo Isroilga qarshi bo’lsa-da, urushni g’alabagacha olib boramiz”, dedi u.

Netanyaxu ham Blinkenga shunday mazmunda so’zlaganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG