Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azodagi urushni tugatishni xayoliga ham keltirmas ekan, harbiy kampaniya Yevropa rasmiylari tanqidiga uchramoqda.
“Gumanitar yordamni avtomobil yo’llari orqali yetkazishning tabiiy usuli hozir imkonsiz, yo’llar ataylab yopilgan. Ochlikdan urush quroli sifatida foydalanilmoqda”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel.
Isroil rahbari tashqi bosimga bo’yin egmasligini bildirdi.
“Hech bir bosim bizni to’xtata olmaydi. Isroil kelajagi, borlig’i xavf ostida”, - dedi Netanyaxu.
Isroilni urush boshidan qo’llab kelgan AQSh Prezidenti Jo Baydenning sabri tugayotgan ko’rinadi.
“Isroil mudofaasi hali ham muhimdir. Shu sabab Isroilni qurol ta’minotidan ayiruvchi, ularni himoya qilayotgan “Temir gumbaz” mudofaa tizimi uchun qurol yetkazishga to’siq qo’yuvchi qizil chiziq yo’q. Ammo boshqa qizil chiziqlar bor. Harbiy kampaniya natijasida 30 mingdan ortiq falastinlikning o’lishi to’g’ri emas”, - dedi Bayden.
Xabarlarga ko’ra, AQSh rahbarining Netanyaxudan noroziligi kuchayib bormoqda. Jumladan falastinliklar uchun zarur gumanitar yordamning quruqlik orqali yetkazishning sekinlashishiga sabab bo’layotgan Isroil siyosatidan.
AQSh va yana bir necha davlat yordamni havodan tashlashga majbur bo’lyapti. Gumanitar yordamni Kiprdan dengiz orqali yetkazishni yo’lga qo’yish maqsadida amerikalik harbiylar G’azo qirg’oqlari yaqinida vaqtinchalik iskala qurish uchun O’rta yer dengiziga yo’l olmoqda.
Netanyaxuning do’q-po’pisalariga qaramay, Isroil G’azoning Misr bilan chegaradagi Rafah shahriga hanuz qo’shin kiritgani yo’q. Oq uy ma’muriyati bunday rejaga qarshi ekanini bildirib keladi.
“Isroil bilan bu haqda gaplashib turamiz. Masalani hal qilishga harakat qilyapmiz. “Isroil quloq solmasa, unga qurol yubormaymiz” degan taxminlarni bu minbardan turib qilmayman”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Noyabrda bo’ladigan saylovdan oldin Bayden Isroilga xayrixoh saylovchilar ko’nglini ham, Isroilni qo’llab-quvvatlagani uchun Baydendan yuz o’girayotgan musulmon saylovchilar va progressiv demokratlar ko’nglini ham olishga urinmoqda.
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti siyosatshunosi Laura Blumenfeld nazarida, Bayden o’zini Netanyaxudan uzoqlashtirmoqda.
“Bayden Netanyaxu va uning zaharli urush siyosatini Isroildan ajratib, o’z ma’naviy poydevoriga zarar yetkazmagan holda Isroilni qo’llab-quvvatlashda davom etishni istaydi”, - deydi tahlilchi.
Kuzatuvchilar XAMAS hujumidan so’ng Isroilda tashkil etilgan urush mahkamasining a’zosi Benni Ganzning yaqinda Vashingtonda bo’lib, demokrat qonunchilar, vitse-prezident Kamala Harris va boshqa rasmiylar bilan uchrashganiga e’tibor qaratadi.
Bayden ma’muriyati Ganzning keyingi saylovda g’alaba qozonishiga umid qilmoqda. Isroilda bo’lajak rahbar bilan ishlash uchun Baydenning o’zi ham noyabrda qayta saylanishi kerak. Uning hozirgi G’azo siyosati bunga yordam beradimi yoki zarar, yana bir necha oydan so’ng ma’lum bo’ladi.