Breaking News

Urushdan keyin Falastinni qanday kelajak kutmoqda?


Isroil G’azodagi urushni qachon bas qilishi haligacha noma’lum. Shunga qaramay, ayrim davlatlar sektor kelajagi bo’yicha hozirdan fikr almashmoqda.

Xalqaro hayot - 23-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:59 0:00

Masalan, AQSh Falastin Muxtoriyatining isloh etilishini va G’azoga bosh bo’lishini, hududning quroldan xoli bo’lishini istaydi.

Isroil esa Falastinda uning roziligisiz mustaqil davlat tuzilishiga qarshi. Shu hafta Isroil parlamenti Knesset Falastinda bir tomonlama ravishda mustaqil davlat e’lon qilish harakatlariga qarshi ko’pchilik ovoz bilan qaror chiqardi.

Isroil hujumlari natijasida oktabr oyidan beri G’azoda 29 mingdan ortiq falastinlik nobud bo’ldi. G’azo ustidan nazorat urushdan so’ng G’arbiy Sohilni boshqaruvchi Falastin Muxtoriyatiga o’tishi mumkin.

"Dunyo hamjamiyati Falastin mustaqilligiga qarshi chiqayotgan Netanyaxu va hukumatining pozitsiyasiga quloq solmasligi kerak. Buning o’rniga dunyo Isroildan bosqinni bas qilishni talab qilishi, Falastin davlatini bir ovozdan tan olishi, Falastinning BMTda to’laqonli a’zo bo’lishi uchun ovoz berishi kerak”, - deydi muxtoriyat Bosh vaziri Muhammad Shtayyah.

AQSh matbuotidagi xabarlarga ko’ra, Vashington Isroilni o’z ichiga G’arbiy Sohil va G’azo Sektorini oluvchi demilitarizatsiyalashgan Falastin davlatini tan olishga ko’ndirmoqchi. Buning evaziga Isroilga Saudiya Arabistoni bilan ko’pdan beri kutilayotgan tinchlik bitimini imzolash, rasmiy Riyodga esa AQSh bilan mudofaa shartnomasini imzolash taklif etilmoqda.

AQSh rejasiga ko’ra, Isroil bilan tinchlik kelishuviga erishgan arab mamlakatlari Falastin davlatining Isroilga tahdid bo’lmasligini ta’minlashga qaratilgan xavfsizlik kafolatlarini berishi kerak.

Biroq Falastin bilan shug’ullanuvchi ayrim tahlilchilar va o’tmishda tinchlik muzokaralarida qatnashgan mutaxassislar AQSh tashabbusini jiddiy qabul qilmayapti.

“AQSh Falastin davlati haqida gapirganida nazarimda, bu nimani anglatishi haqida yetarlicha aniqlik yo’q”, - deydi Vashingtonda asoslangan Yaqin Sharq siyosati institutidan G’ayt Umariy.

1993-yilda Isroil va falastinlik rahbarlar AQSh vositachiligida Oslo tinchlik kelishuvini imzolagan. Hujjat kelajakda Falastin davlatining tuzilishiga yordam beruvchi yo’l xaritasi bo’lib xizmat qilishi kerak edi, ammo natija bermadi.

Oslodagi muzokaralarda qatnashgan ayrim mutaxassislar tinchlikka yana bir harakatdan zarar bo’lmasligini aytadi.

“Odatda urushdan keyin tinchlik keladi. Tarixga nazar tashlang, buni hammamiz o’tganmiz. Masalan, Yevropada urushlardan so’ng doim tinchlik bitimlari bo’lgan. Odatda urushdan keyin har ikki tarafda adovat avjida bo’ladi. Biroq odamlar undan qutulib, muammodan qutulib, oxir-oqibat tinchlikka kelishishga tayyor bo’ladi”, - deydi Isroil tarafidan tinchlik muzokaralarida qatnashgan Yossi Beylin.

Isroilda o’tkazilgan eng so’nggi ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, isroillik yahudiylarning uchdan ikki qismi Falastin davlatini yaratish g’oyasiga qo’shilmaydi, garchi bu Saudiya Arabistoni bilan aloqa o’rnatishni kafolatlasa ham.

Juma kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu urushdan keyingi G’azoga doir rejasini e’lon qildi. Unga ko’ra, Isroil falastinliklar yashovchi barcha hududlarda xavfsizlik bo’yicha nazoratni o’z qo’liga oladi, qayta qurish esa hududdagi barcha guruhlar qurolsizlantirilganidan so’ng amalga oshiriladi.

Netanyaxu ushbu rejani vazirlar mahkamasiga taqdim etgan. Vazirlar unga o’zgartirish kiritishi mumkin.

Turkiya G’azo kelajagida qanday rol o’ynashi mumkin?

Urushdan keyingi G’azoni tiklash ishlarida Turkiya ham qatnashmoqchi. Prezident Rajab Toyib Erdog’an bu haqda yaqinda Misrga tashrifi chog’ida so’zladi.

"G’azoda qon to’kilishlarini to’xtatish uchun misrlik birodarlarimiz bilan birga hamkorlik va birdamlikni davom ettiramiz. G’azoni tiklash va qayta qurishda Misr bilan birga ishlashga tayyormiz”, - degan Erdog’an.

Turkiya qurilish sohasida yuqori malakali mutaxassislarga ega, biroq tahlilchilar nazarida, Anqara yolg’iz qayta qurish bilan cheklanib qolmoqchi emas.

“Turkiya tinchlikparvar kuchlarni ajratishda, xavfsizlikni ta’minlashda ham rol o’ynashi mumkin. Bu borada ham tajribasi bor”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Soli O’zel.

Erdog’an XAMASning ashaddiy tarafdorlaridan bo’lib, uni ozodlik harakati, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni esa terrorchi deb atagan. Natijada, deydi tahlilchilar, ikki rahbar G’azo masalasida hamkorlik qilishi qiyin va hatto imkonsiz. ((end courtesy))

Ammo, deydi ular, Isroilda Netanyaxuning koalitsion hukumatiga qarshilik kuchayar ekan, Erdog’an bu mamlakatda siyosiy manzaraning o’zgarishiga umid qilayotgan bo’lishi mumkin.

“Erdog’an kelajakda Netanyaxu ketib, XAMAS qolishiga, XAMAS bilan muzokaralar bo’lishiga va Turkiya unda qatnashishiga umid qilyapti”, - deydi “Politikyol” sahifasi sharhlovchisi Sezin O’ney.

Biroq isroillik tahlilchilar nazarida, XAMASning Isroilga oktabrdagi hujumi va Turkiyaning XAMASni uzoq vaqtdan beri qo’llab-quvvatlashi ketidan Isroilning Turkiya bilan aloqalari hali-beri yaxshilanmaydi.

“Isroilda Turkiyadan shubhalanish kuchli. Birinchidan, Anqaraning urushga munosabati sabab, ikkinchidan XAMASning Turkiyadagi faoliyatidan yaxshi xabardormiz. Kelajakda nima bo’lishini bilmaymiz, albatta, ammo urushdan keyingi G’azo kelajagini belgilashda Isroil Turkiyaning ishtirokiga rozi bo’lishiga ishonish qiyin”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.

Qatar va Misr urushga barham berishga qaratilgan harakatlarga bosh ekan, kuzatuvchilar nazarida, Erdog’an ham urushdan keyingi vaziyatda o’zini muhim o’yinchi sifatida ko’rsatishga intilmoqda. Biroq buning uchun, deydi ular, eng avvalambor Isroilning ishonchsizligiga barham berilishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG